Narzullo Oblomurodov: Qurigan bahonasida yashnab turgan daraxtlarni kesayotganlar ortida kim turibdi?
Ekopartiya rahbari Narzullo Oblomurodov Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida turli xil bahonalar bilan va aholini ogohlantirmasdan daraxtlarning kesilganini tanqid qildi.
«Daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgani, tobora kamyoblashib borayotgan yashillikni asrab-avaylash masalasiga davlat darajasida e'tibor qaratilayotganiga qaramasdan ko‘r-ko‘rona daraxt kesilishi nega davom etmoqda? Daraxtlarga qiron keltirayotgan kimsalarga kimlar ruxsat bermoqda, kimlar bundan manfaatdor bo‘lyapti? Afsuski, bu savollarga jo‘yali javob beradigan, mas'uliyatni zimmasiga oladigan biror idora yoki tashkilot topilmayapti hozircha.
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida salomatlik yo‘lakchasi qurilishi belgilangan hududda 12 dona shumtol va 1 dona tut daraxti qo‘porib tashlangani aniqlangan. Nima emish, Sirdaryo tumani hokimining tegishli farmoyishida tuman hududidagi qurib o‘sishdan to‘xtagan daraxtlarni kesib tuman zaxirasiga olinishi ko‘rsatilgan emish. Axir o‘sha tomiri bilan qo‘porib tashlanayotgan daraxtlar bargi yam-yashil ekani ko‘rinib turibdi-ku.
Agar haqiqatan ham qurigan va kesib tashlashga ehtiyoj bo‘lgan daraxt bo‘lsa, nega ular kunduz kuni, jamoatchilik ko‘z o‘ngida kesilmadi. Aynan yarim kechada daraxt kesish kimga kerak bo‘lib qoldi? Bu ishdan bir qing‘irlikning hidi kelib turgani ayon haqiqat emasmi?
Daraxtlar kesilishi yo boshqa joyga ko‘chirilishi bilan bog‘liq holatlarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz shart. Yaqin atrofda yashovchilar daraxt kesilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinishi zarur», dedi Narzullo Oblomurodov.
Mavzuga oid
16:47 / 22.11.2024
Daraxtlarga kimyoviy vositalar bilan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
20:35 / 07.11.2024