O‘zbekiston | 15:59 / 23.09.2021
15717
5 daqiqa o‘qiladi

«Qolgan ishga qor yog‘ar» - To‘rt hududda elektr tarmoqlari modernizatsiyasi bo‘yicha reja 40 foizga yetmagan, poytaxtda bu ko‘rsatkich 30 foizdan kam

Bu yil qish mavsumi o‘tgan yilgidek sovuq kelsa, qator viloyatlarda, ayniqsa poytaxt elektr uzatish tarmog‘ida kollaps ro‘y berishi mumkin. Elektr uzatish tarmog‘ini yangilashga doir bajarilgan ishlar tahlili shunday xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

2021 yilda 15 ming km elektr uzatish tarmog‘i va 4 mingta transformator yangilanishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ma'lum qilgandi.

“Joriy yilda respublika bo‘ylab 15 ming km past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish belgilangan. Hozirgi kunda ishlarning 60 foizi amalga oshirildi, yil oxirigacha 15 ming km liniya modernizatsiya qilinadi va yangidan quriladi. Bundan tashqari, 4 mingta yangi transformator o‘rnatilishi belgilangan.

Bu borada 10 yillik reja tuzib olingan va tegishli loyiha tasdiqlash uchun hukumatga kiritilgan. Faqat bu yil emas, har yili elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinadi va yangidan quriladi. Bunda har yangi yil rejasi o‘tgan yilgidan kam bo‘lmagan hajmda bo‘ladi”, - degan Obidjonov sentabr oyida jurnalistlar bilan uchrashuvda.

U mahalliy ishlab chiqarilgan transformatorlardan foydalanilishini bildirgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov

Kun.uz “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari qanday ketayotganiga qiziqdi hamda bunga doir ma'lumotlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Keling, yuqoridagi ma'lumotlarni ikki qismga bo‘lgan holda tahlil qilsak. Quyidagi jadvalda elektr uzatish tarmoqlarini yangilash bo‘yicha bir yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarning 2021 yil 15 sentyabrgacha bajarilganligi holati kilometrlar va foizdagi nisbati ko‘rsatilgan. 

Unda ko‘rish mumkinki, elektr uzatish tarmog‘ini yangilash bo‘yicha yillik rejani juda past darajada bajargan hudud Toshkent shahri bo‘lib turibdi (rejaga nisbatan 29,82 foiz). Bu borada Toshkent viloyati (34,03 foiz) hududiy elektr tarmoqlari korxonasi natijasi ham poytaxtnikidan ko‘p farq qilmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi (37,97 foiz), Surxondaryo (38,34 foiz) va Sirdaryo (39,85 foiz) viloyatlarida ham raqamlar havas qilgudek emas.

Yana ikki viloyat - Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida ham yillik reja bajarilishi 50 foizga yetmagan. Raqamlardan xulosa qilib taxmin qilish mumkinki, mazkur viloyatlar va poytaxt elektr uzatish tarmoqlarini yangilash ishlari jadallashtirilmasa, o‘tgan yilgi qish mavsumida elektr ta'minoti tizimida ro‘y bergan muammolar bu yil ham takrorlanishi muqarrar bo‘lib qoladi.

Shu bilan birga, savol paydo bo‘ladi: yilning to‘qqiz yarim oyida bajarilmagan ishlarni qolgan ikki yarim oyda qanday uddalasa bo‘ladi? Rejani aniq amalda bajarish imkoni saqlanib qolganmikan?

Navbatdagi jadvalda esa, viloyatlar kesimida o‘rnatilishi kerak bo‘lgan transformatorlar soni va amalda bajarilgan ishlar hajmiga doir raqamlar hamda foizdagi nisbatini ko‘rish mumkin. Qayd etish kerak, bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlar ko‘rsatkichlari belgilangan rejaga nisbatan 50 foizlik ko‘rsatkichdan oshgan. Navoiy viloyatida salkam 90 foizga bajarilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu raqam 80 foizni, Toshkent viloyatida 70 foizni tashkil etmoqda. Bu jadvalda birgina hudud, u ham bo‘lsa Toshkent shahri topshiriqlarni rejaga nisbatan 42 foizga bajarganligi bilan ajralib turibdi. Poytaxtda yil davomida 217ta transformator almashtirilishi belgilangan bo‘lsa-da, sentyabrning 15-sanasigacha 91ta yangi transformator o‘rnatishga ulgurilgan. 

Xullas, raqamlar shuni ko‘rsatmoqda. Bekorga, “qish tadorigini yozda ko‘r” deyilmagan. Hozir ham kech emas. Bu yilgi qish ham o‘tgan yilgidek ertaroq va qattiqroq kelib, uzoqroq davom etsa, hozirda bajarilmagan ishlarga “qor yog‘ib qolmasin”, tag‘in. O‘ylaymizki, mutasaddilar tez orada ishlar rejasi bajarilishini nazoratga olib, qilingan ishlar bo‘yicha matbuot orqali xabar qiladi. 

Mavzuga oid