Jahon | 14:39 / 23.09.2021
35709
12 daqiqa o‘qiladi

Uy qamoqqa aylangan. «Tolibon» hukmronligida ayollar qanday yashamoqda?

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan «Tolibon» harakati ayollarga nisbatan pozitsiyasini yumshatishga va ularning huquqlarini «islom qadriyatlari»ga muvofiq tarzda hurmat qilishga - ularning ta'lim olishi va ishlashiga ruxsat berilishini va'da bergandi. Ammo yangi hukumat hozircha bu va'dalariga amal qilmayapti.

BBC rus xizmati bilan gaplashgan afg‘onlar shu qadar qo‘rquvdaki, ular bir necha haftadan buyon o‘z uylaridan chiqa olishmayapti. Ular 20 yil oldingi ssenariy takrorlanishidan, ayollar yana paranji to‘g‘ri kiyilmagani yoki o‘z mahramisiz taksiga chiqqani uchun kaltaklana boshlanishidan qo‘rqishmoqda.

Ayollarning xavotirlarini xalqaro huquq tashkilotlari ham tasdiqlashmoqda - ularning ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘plab viloyatlarda toliblar qizlarga maktabga borishni, ayollarga esa uydan chiqishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlagan.

11 sentabr kuni burqa kiygan uch yuz chog‘li ayol Kobul davlat universiteti auditoriyasida «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ildi. Ular yangi hukumatni tan olishlari va toliblar boshqaruvida o‘zlarini to‘la xavfsiz his etishlarini bildirishdi, shuningdek G‘arbni va islomiy dress-kodga qarshi  bo‘lganlarni qoralashdi. «Afg‘onistonni tark etgan ayollar bizning vakilimiz bo‘la olmaydi», deya yozilgandi namoyish ishtirokchilaridan biri tutgan tablichkada.

Ammo ularning o‘zi ham barcha afg‘on ayollarini ifodalay olmaydi: Kobul atrofida yashovchi 17 yoshli Syuzan uch haftadirki uydan chiqa olmaydi - u qo‘rqadi. «Men o‘zim va yaqinlarim bilan nima bo‘lishini bilmayman. Doim dahshatli tushlar ko‘raman, endi biz yigirma yil oldin ota-onalarimiz boshidan o‘tkazganlarni his qilmoqdamiz», deydi u BBC muxbiri bilan suhbatda.

Syuzan nashr muxbiri bilan messenjer orqali muloqot qilgan. U inglizchada yaxshi gapira olmasligi uchun oldindan uzr so‘radi va «Tolibon» hujum boshlashidan oldin ona shahri Mozori Sharifda har kuni til o‘rganganini aytadi. Jangarilar viloyatlarni birin-ketin egallab ola boshlagach, uning oilasi Kobul tomon qochgan va bu yer xavfsizroq bo‘lishidan umid qilgan.

«Ammo hozirda xavfsizlik haqida gap bo‘lishi mumkin emas», deydi Syuzan. Uning oilasi hazoralarga mansub (1998 yildan toliblar tomonidan ta'qibga olingan shialar), u otasini eslaydi, otasi toliblarga qarshi kurashib, armiyada xizmat qilgan, ammo bir necha oydan buyon bedarak ketgan.

«Tolibon» ayollarga nimalarni va'da qilgandi?
«Tolibon» Afg‘onistonni 1996 yildan 2001 yilgacha boshqargan, bu davr mobaynida mamlakatda shariat qonunlari amalda bo‘lgan. Sakkiz yoshdan katta qizlar maktabga borishi mumkin bo‘lmagan, ayollarga ishlash (sog‘liqni saqlash sohasi bundan mustasno) va ko‘chaga erkak jinsidagi yaqin qarindoshisiz chiqish (ular hamisha paranjida bo‘lishi shart edi) taqiqlangan. Turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilgan ayollar toshbo‘ron qilingan.

Human Righs Watch’ning Afg‘oniston bo‘yicha 2001 yilgi hisobotiga ko‘ra, bir ayol «Tolibon» jangarilari uni paranjisida ko‘z uchun ochilgan teshiklarni kattaroq deb hisoblab, bolasi oldida qanday kaltaklaganini aytib bergan. «Ma'naviyat politsiyasi» (shariat qonunlariga amal qilinishini nazorat qilib borish uchun maxsus tuzilgan) ayollarni paypoq noto‘g‘ri kiyilgani yoki yuzining bir qismi ochilib qolgani uchungina kaltaklashi mumkin edi. Ayrim holatlarda qoidalarga rioya etilmagani uchun (masalan, mahramsiz yoki dress-kodda ko‘rsatilganidek kiyinmasdan taksiga chiqish) ayollar qamoqxonaga tashlangan.

Qat'iy dress-kod hech qanday istisnolarsiz barcha uchun majburiy bo‘lgan, jumladan shifokorlar uchun ham. Hisobotda keltirilishicha, masalan, viloyatlardan birida shifoxona ma'muri jarrohlik amaliyoti vaqtida ayol-jarrohga maxsus bosh kiyim o‘rniga chodir (chimmatsiz paranji) kiyishni buyurgan.

2021 yil avgustida hokimiyatga qaytgach «Tolibon» o‘z pozitsiyasini yumshatgani haqida ma'lum qildi: harakat rasmiylari ayollar huquqlari «afg‘on normalari va islom qadriyatlari» bo‘yicha hurmat qilinishi (lekin hozircha bu toliblar talqinida amalda nimani anglatishi ma'lum emas), ular ta'lim olishi va ishlashiga ruxsat berilishini va'da qildi.

O‘z so‘zlari isboti sifatida toliblar shifokor ayollarni ish joylariga qaytishga chaqirdi, shuningdek yangi hukumatda ayollarga ham o‘rin berilishi mumkinligi aytildi. Avgust oyida teleboshlovchi Behishta Argand jonli efirda «Tolibon» vakilidan intervyu oldi: bu toliblar hokimiyatni egallaganidan keyingi ilk holat edi. O‘shanda ko‘plar buni toliblarning pozitsiyasi yumshaganining birinchi signali sifatida qabul qilish mumkinligini aytgandi. Ammo bundan ko‘p vaqt o‘tmay 24 yoshda bo‘lgan Argand o‘z hayoti uchun xavfsirab Afg‘onistonni tark etdi, Yaqin Sharqdagi nashrlar Afg‘onistonda ayol jurnalistlarga efirga chiqish taqiqlanishi haqida yozdi.

19 sentabr kuni Kobul munitsipalitetida ishlovchi ayollarga ishga chiqmaslik buyurildi, faqat farroshlar ishlashda davom etishi mumkin edi.

Yangi hukumat hozircha boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga maktabga kelishni taqiqlamadi
BULENT KILIC/AFP

Ayollarning o‘z huquqlarini talab qilishga bo‘lgan har qanday urinishi qat'iy bostirildi: ayollar namoyishlari qurol qo‘llab tarqatildi, keyinroq bunday namoyishlar o‘tkazilishi butunlay taqiqlab qo‘yildi.

«Tolibon» Ayollar ishlari bo‘yicha vazirlikni yopib, uning o‘rnida Fazilatlarni targ‘ib qilish va nuqsonlarga qarshi kurashish vazirligi tiklandi. 20 yil muqaddam bu vazirlik qat'iy diniy qoidalarni ijro etish va ayollar uchun qattiq cheklovlar qo‘yish bilan shug‘ullangan.

Har kun yonuvchi umidlar
Shifokor ayollar ishga qaytishi bo‘yicha berilgan va'dalarga qaramay, Afg‘onistonda yashovchi, bir yil muqaddam tibbiyot universitetini tamomlagan va karera haqida orzularga berilgan Xatima BBC bilan suhbatda hech qanaqasiga ishga bormasligini aytdi. Suhbat chog‘ida u g‘arbliklarga yordam bergan tinch aholi vakillarining o‘ldirilishi bilan bog‘liq xabarlarni sanaydi va turmush o‘rtog‘i uni uydan chiqarishga qo‘rqishini qo‘shimcha qiladi.

«Bir hafta oldin viloyatlardan birida toliblar shifokor ayolni qiynoqqa solishdi. Uch kun oldin uyimiz yaqinida bir ayolni otib ketishdi, negaligi noma'lum. Men ko‘chaga chiqqanimda [ko‘p vaqtlardan buyon birinchi marta], yo‘l bo‘yida erkaklarning jasadlari yotardi, hech kim bu jasadlarni yig‘ishtirmagan - bu dahshatli kartina», deya hikoya qiladi Xatima.

Ikki yosh farzandni tarbiyalayotgan Xatima faqat mamlakatdan chiqib ketibgina o‘zini xavfsiz his qilishi mumkinligini aytadi.

«Har kechasi biz faqat «Tolibon» va bu yerda qolsak kelajagimiz qanday kechishi to‘g‘risida gaplashamiz. Men erkin bo‘lishni, ishlashni va pul topishni istayman, bu mening har kuni yonib turadigan orzu va umidlarim», deya qo‘shimcha qiladi u.

«Tolibon» sharoitlaridagi ta'lim
Yangi hukumat afg‘on ayollari oliy ta'lim olishini taqiqlamadi, faqat bu «Tolibon» shartlariga binoan bo‘lishi lozim. Yangi qoidalarga ko‘ra, ayollar erkaklardan alohida tarzda mashg‘ulotlarda qatnashishi mumkin, shu bilan birga, ular «islom an'analariga muvofiq» dress-kodga qat'iy amal qilishlari kerak.

Ammo huquq himoyasi tashkilotlarining ogohlantirishicha, ayol pedagoglar yetishmovchiligi, maoshlar to‘lashdagi uzilishlar va xalqaro yordam kelmay qo‘ygani tufayli (bu Afg‘oniston ta'lim tizimidagi xarajatlarning katta qismini qoplar edi) mamlakatdagi ayollarning oliy ta'lim olishi yanada murakkablashishi mumkin.

Toliblar qizlarning ta'lim olishiga to‘sqinlik qilinmasligini aytishgandi, ammo 18 sentabr kuni yangi hukumatning rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid yangi o‘quv yilida maktablarga faqat o‘g‘il bola o‘quvchilar va erkak o‘qituvchilar qaytishi mumkinligini ma'lum qildi. Harakat rasmiysi hukumatda qizlarni ham sinfxonalarga qaytarish bo‘yicha rejalar borligini aytgan, ammo huquq tashkilotlari amalda balog‘at yoshiga yetganlarning ko‘pchiligi maktabga bora olmasligidan xavotirda.

Shu bilan birgalikda, boshlang‘ich va o‘rta ta'limga munosabat turli viloyatlarda turlicha bo‘lishi ham mumkin.

«Bugun «Tolibon»ning bir vakili qizlarga oltinchi sinfgacha o‘qishga ruxsat berilishini aytadi. Ertaga uning o‘rnini egallagan boshqa biri qizlarga ta'lim umuman kerak emas deb topishi ham mumkin», deya Vardak viloyatidan bo‘lgan pedagogning so‘zlarini keltirgan Human Righs Watch o‘z hisobotida.

«Afg‘onistonni tark etgan ayollar bizdan emas» - toliblarni qo‘llab-quvvatlab chiqqan ayollardan birining qo‘lida shunday yozilgandi
AAMIR QURESHI/AFP

Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis va yozuvchi Andrey Ostalskiyning fikricha, toliblar madaniyatida ayollar huquqiga hurmat degan narsa yo‘q, ammo iqtisodiy qiyinchiliklar harakat o‘z pozitsiyasini «yumshatishi»ga majbur qilishi mumkin.

«Bu safar toliblar 1990-yillarga solishtirganda, tashqi dunyoga ko‘proq yuzlanmoqda. «Tolibon»ni moliyaviy muammolar va hamkorlik qilish istagi tiyib turibdi. Agar [ayollarga munosabat] o‘ta og‘ir holat saqlanib qolsa, xorij banklaridagi muzlatilgan mablag‘larning qaytarilishi va hatto Xitoy va Rossiya bilan iqtisodiy sohalarda hamkorlik qilish ham qiyin bo‘lib qoladi», deya qayd etadi Ostalskiy.

Do‘konga chiqish oldidagi qo‘rquv
Ayniqsa oilasidagi erkaklarini yo‘qotgan ayollar qiyin ahvolda qolgan. 26 yoshli Nisan uning uch farzand tarbiyalayotgan xolasi toliblar tomonidan amalda tashqi dunyodan butkul uzib qo‘yilganini aytib berdi.

«Uy uning uchun qamoqxonaga aylandi. U ko‘chaga chiqa olmaydi, oziq-ovqat olib kelib berishini qo‘shnilardan yoki yosh bolalardan iltimos qilishga majbur, bolalar uchun esa bu ish xavfli. Uning 14 yoshli qizi tug‘ma ko‘r - u yetarlicha aqlli va u o‘qishni davom ettirishni istaydi, ammo hozirda buning imkoniyati yo‘q», deydi Nisan.

«Mening xolam uning bolalari o‘qishini va ularning kelajagi bo‘lishini orzu qiladi - ammo ta'limsiz, otasiz, yashash uchun pul yo‘qligida ularni qanday kelajak kutardi?» deya davom etadi u.

77 yoshli Rahmoniy ham shunga o‘xshash vaziyatga tushgan. Uning qizi, ayni vaqtda Londondagi qochqinlarga yordam ko‘rsatish markazida bo‘lib turgan Fotima [ismlar o‘zgartirilgan] onasi Afg‘onistonda butunlay yolg‘iz qolgani va ko‘chalarda patrullik qilayotgan jangarilardan xavf bo‘lsa-da, oziq-ovqat uchun do‘konga chiqishiga to‘g‘ri kelishidan shikoyat qilgan.

«Men uning uchun qayg‘urib kechalari uxlamay chiqaman. Agar ular [toliblar] men Buyuk Britaniyada ekanimdan xabar topishsa, onamning hayoti xavf ostida qoladi. Onam toliblarning 20 yil oldingi hukmronlik davrlarini yaxshi eslaydi, ularning Kobulga qaytishi uni juda qo‘rqitgandi», deydi u BBC bilan suhbatda.

Mavzuga oid