Jahon | 22:17 / 24.09.2021
7138
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyadagi yirik korxonalar hukumatni gazdan voz kechishga chaqirdi

Gigant korxonalar vakillari Birlashgan Qirollik ma'muriyatiga 2035 yilga borib gazni milliy energetika tizimidan chiqarishga chaqirib jamoaviy murojaat yo‘llagan.

Foto: Getty Images

Tabiiy gaz narxi keskin o‘sishi fonida Buyuk Britaniyadagi yirik korxonalar hukumatga gazdan voz kechishni so‘rab murojaat qildi, deb xabar berdi Sky News telekanali.

Xabarda aytilishicha, gigant korxonalar vakillari Birlashgan Qirollik ma'muriyatiga 2035 yilga borib gazni milliy energetika tizimidan chiqarishga chaqirib jamoaviy murojaat yo‘llagan.

Murojaatni imzolagan 13 kompaniya orasida Nestle’ning Britaniyadagi bo‘linmasi, VT telekommunikatsiya kompaniyasi va Thames Water suv yetkazish kompaniyasi bor.

Ularning ta'kidlashicha, Buyuk Britaniyada gaz yonilg‘isidan foydalanish to‘xtatilishini e'lon qilish vaqti keldi. Kompaniya vakillari mamlakat sayyora uchun xavfli bo‘lgan yonilg‘idan voz kechish borasida butun dunyoga yana bir bor namuna bo‘lishini so‘ramoqda – Birlashgan Qirollik ko‘mir elektr stansiyalarini hammadan avval yopishni boshlagandi.

Bahordan buyon gaz narxi to‘rt baravarga oshdi. Sentyabr o‘rtalarida Londondagi ICE birjasida gaz narxi rekord darajaga yetdi – oktyabr fyuchersi uchun ming kub metr gaz narxi 964 dollarga teng bo‘ldi.

Kompaniyalar vakillari Britaniya hukumatiga qilgan murojaatida 2035 yilgacha «sof» energiyaga o‘tish uchun shamol va quyosh energiyasi loyihalariga yiliga 19,1 milliard dollar investitsiya kiritilishi kerakligini bildirgan. 

Mamlakat hukumatining iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda gaz Buyuk Britaniyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizga yaqinini qoplaydi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid