Jahon | 11:12 / 24.09.2021
12035
7 daqiqa o‘qiladi

Tunis yangi «Arab bahori» yoqasidami? Muxolifat prezidentni uzurpatorlikda ayblamoqda

Tunis prezidenti Qays Said parlament faoliyati to‘xtatilishi muddatini yana bir bor uzaytirdi, shu bilan bir vaqtda ayrim deputatlar daxlsizlik huquqidan mahrum bo‘lgan.

Tunisliklar bu qadamni hokimiyatni bir qo‘lda jamlash istagi va mamlakatdagi demokratiya poydevorlariga tajovuz sifatida ko‘rishmoqda.

Minglab kishilar mamlakat poytaxti ko‘chalarida namoyishlarga chiqishgan, ularning qo‘llarida «Davlat to‘ntarishi» va «Demokratiyamizni qutqaramiz» yozuvlari bitilgan plakatlarni ko‘rish mumkin.

Muxolifat Tunisda 2010-11 yillarda «Arab bahori» (keyinroq Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq bo‘ylab tarqalgan norozilik namoyishlari to‘lqini) nimadan boshlanganini yodga olishga chaqirmoqda.

Hozirgi ziddiyat tarixi

Tunis parlamenti 25 iyuldan buyon ishlamayapti. O‘shanda hukumatdagi qator yuqori martabali amaldorlar ishdan bo‘shatildi, xususan bosh vazirning o‘zi ham hukumatdan chetlatildi.

Bungacha mamlakatning yirik shaharlarida minglab tunisliklar namoyishlarga chiqib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi xatolar uchun aybdor bo‘lgan amaldorlarni javobgarlikka tortish hamda Xalq vakillari assambleyasini (bir palatali parlament) tarqatib yuborishni talab qilishdi.

Qays Said o‘shanda hukumatga yangi rahbar tayinlab, uning yordamida kun tartibidagi muammolar bilan shug‘ullanishini aytgandi. Ammo Tunisdagi siyosiy kuchlar prezidentning harakatlarini davlat to‘ntarishi va diktatura sari qadam deb baholadi.

Hatto Tunis parlamenti spikeri, «An-Nahda» (Uyg‘onish) partiyasi rahbari Rashid al-Gannushiy Saidni xalq talablarini bahona qilgan holda ongli ravishda o‘zi ham hammuallif bo‘lgan konstitutsiyani buzgani haqida aytgandi. U prezidentni davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi va shundan keyin Tunis muxolifatiga boshchilik qila boshladi.

2011 yilgi inqilobdan keyin Said yangi konstitutsiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi tarkibiga kirgandi, bu loyiha 2014 yilga kelib qabul qilinadi.

Aynan shu davrdagi faoliyati unga 2019 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lishda yordam bergandi, o‘shanda u saylovlarda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etgan.

Bu absolyutizm sari yo‘lmi?
Avgust oyida parlament faoliyatini davom ettirishi masalasi ko‘rib chiqildi, ammo prezident avvalgi qarorini kuchda qoldirdi.

Hozir u yana parlament faoliyatini tiklashdan bosh tortmoqda, faqat yaqin orada mamlakatda siyosiy islohotlar amalga oshirilishini aytish bilan kifoyalanmoqda. U nazarda tutgan islohotlar tafsilotlari ma'lum qilinmagan, ammo Tunisdagi manbalarning aytishicha, gap prezidentga cheklanmagan vakolatlar taqdim etuvchi qandaydir dekret haqida ketmoqda.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ayni vaqtda prezident ma'muriyatidagi tor doira qo‘lida misli ko‘rilmagan darajada hokimiyat to‘planishi kuzatilmoqda, hukumat va parlament zaiflashgandan zaiflashmoqda.

Ammo o‘tmishda huquq professori bo‘lgan Qays Said Tunis Konstitutsiyasining 80-moddasiga tayanadi, bu modda prezidentga mamlakat birligi, xavfsizligi va mustaqilligi uchun xavf yuzaga kelganida favqulodda choralar ko‘rish vakolatini taqdim etadi.

«Men bir necha oy oldin qabul qilishim kerak bo‘lgan qarorni qabul qildim: parlamentning barcha funksiyalarini to‘xtatdim. Mamlakat konstitutsiyasi parlamentni tarqatishga yo‘l qo‘ymaydi, lekin uning faoliyatini muzlatib qo‘yishni taqiqlamaydi», degandi u iyul oyidagi qarorini izohlab.

Lekin u iyul oyi oxiridan buyon u xavfni aynan nimalarda ko‘rganini izohlamagan.

Muxolifat rahbari Rashid Al-Gannushiy chorshanba kuni Qays Saidning harakatlari qonun ustuvorligiga putur yetkazishi va mamlakatdagi barqarorlikka tahdid solishi haqida gapirdi. U muxolifat bo‘layotgan voqealarga jim qarab turmasligidan ogohlantirdi.

«Arab bahori»ning muvaffaqiyatli namunasi
Tunisdagi 2011 yilgi inqilob «Arab bahori»dagi eng muvaffaqiyatli epizod sanaladi.

Mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Zin al-Obidin Bin Ali umummilliy namoyishlar to‘lqini vaqtida iste'foga chiqadi, uning o‘rniga mamlakatni rivojlantirish uchun demokratik yo‘lni tanlagan siyosatchilar kelishadi.

Zin al-Obidin Bin Ali 1987 yildan buyon Tunisni boshqarib kelgan, uning boshqaruvi davrida korrupsiya va ishsizlik darajasi keskin ko‘tarilgan, iqtisodiy vaziyat og‘irlashgan, boshqa siyosiy partiyalar amalda boshqaruvda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lgandi.

2010 yil dekabrida meva va sabzavot sotuvchi savdogar mahsulotlari hukumat tomonidan musodara qilingach, o‘zini namoyishkorona yoqib yuborishi keng ko‘lamli namoyishlar boshlanishiga turtki bergandi.

Yangi hukumat davrida iqtisodiy ko‘rsatkichlar sezilarli darajada o‘sishga erishdi. Boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq qisqardi. Shimoliy Afrikadagi ushbu davlatning terrorizmga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlari butun dunyo tomonidan e'tirof etildi.

Qays Said 2019 yil oktyabridagi saylovlarning ikkinchi bosqichida 72 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. U bir necha marta diktaturadan nafratlanishi va siyosiy plyuralizmni eng to‘g‘ri tizim deb bilishi haqida gapirgandi.

Ayni vaqtda 63 yoshda bo‘lgan siyosatchi biror partiyaga mansub emas, u saylov kampaniyasini budjet mablag‘lari va ommaviy mitinglarsiz olib borgan, mamlakat shaharlaridagi kafelarda, bozorlarda, ijtimoiy tarmoqlarda tashviqot o‘tkazgan. Financial Times uni populist deb atagan. Al Jazeera uning g‘alabasini huquqshunos professorning birorta siyosiy guruhga aloqasi bo‘lmagani bilan izohlagan.

Saylovoldi davrda Said hokimiyatni markazlashmagan tizimga o‘tkazish va saylovni isloh qilishni qo‘llab-quvvatlagan, xususan, u to‘g‘ridan to‘g‘ri parlament saylovlari o‘rniga, ko‘p bosqichli tizimni taklif qilgan, uning doirasida fuqarolar tomonidan mahalliy kengashlarga vakillar saylanishi, ular esa viloyat va respublika deputatlarini saylashi nazarda tutilgan. Said terrorchilarga qarshi o‘lim jazosi tayinlash va gomoseksuallarni jinoiy javobgarlikka tortish tarafdori sifatida tanilgan, u erkaklar va ayollarni meros huquqlarida tenglashtirishga qarshi chiqqan.

Mavzuga oid