O‘zbekiston | 10:19 / 28.09.2021
961
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi maktabda ikki tomonlama shartnoma asosida tadbirkorga mini stadion qurishga ruxsat berilmadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumanidagi 41-sonli maktab filiali binosi va sport maydonchasi ta'mirtalab holatda ekani, tuman XTB maktabda zamonaviy mini stadion qurishga ruxsat bermagani aytilgan xabarlar tarqaldi. Tuman Xalq ta'limi bo‘limi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Kitob tumani «Qorabuloq» MFYda joylashgan 41-maktab filiali ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda aytilgandek ta'mirtalab ahvolga kelgan.

Qayd etilishicha, mazkur filialdagi sport maydonchasi ham talablarga javob bermagan. Shundan kelib chiqib, mahalliy aholining talabi bilan maktab ma'muriyati shu yerlik tadbirkor bilan sun'iy qoplamali zamonaviy sport maydonchasi qilish uchun ikki tomonlama shartnoma tuzgan. Tadbirkor avgust oyida qurilish ishlarini boshlagan.

Ammo tuman Xalq ta'limi bo‘limi mas'ullari va arxitektura xodimlari ushbu qurilish loyihasini o‘rganishgan va bu yerning loyiha talablariga mos kelmasligi sababli qurilish ishlarini to‘xtatib qo‘yishgan. Shundan so‘ng maktab rahbariyatiga futbol maydonini tartibga keltirish va u yerdan ortiqcha ashyolarni olib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Kun.uz 41-maktabda xarob ahvolda bo‘lgan sport maydonchasi o‘rnida sun'iy qoplamali zamonaviy stadion qurish loyihasida nima kamchilik bo‘lganini bilish uchun Kitob tumani XTB mudiri A.Avloyev bilan bog‘landi. Uning aytishicha, tadbirkor tomonidan maktabda sun'iy qoplamali zamonaviy stadion qurilishi quvonarli holat. Ammo 41-maktabda tadbirkor stadion qurilishini o‘rinsiz joyda boshlagan. Tadbirkorga boshqa joy ko‘rsatilganda u rad etgan. Shu sababli qurilish to‘xtatilgan.

 

Mavzuga oid