“19 mlrd so‘mlik subsidiyalar o‘zlashtirilmagan” - Senat raisi subsidiyalar taqsimlanishiga oid muammoni ko‘tardi
Senatning 19-yalpi majlisida Tanzila Norboyeva muhtoj oilalarga uy sotib olish uchun ajratiladigan subsidiyalarning 19 mlrd so‘mi odamlarga berilmagani haqida gapirdi. Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov masalaga oydinlik kiritdi.
29 sentyabr kuni Senatning 19-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva uy-joy sotib olishda subsidiyalar taqsimlanishiga oid muammoga to‘xtaldi.
“O‘tgan va joriy yil daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolarga uy-joy sotib olish uchun subsidiya berish tizimi joriy qilingandi. Biroq 19 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirilmay qolgan. Buning sababi nimada? Odamlarda bu masalada ehtiyoj juda katta. O‘zlashtirilmay qoldi degan masala nima bilan bog‘liq?” — degan savolni o‘rtaga tashladi Senat raisi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov bunga izoh berdi.
“Joylarda birinchi masala asosan rejalashtirilgan uy-joy massivlari qurilishida kechikishlar borligidir, buni tan olishimiz kerak. Iyul-avgust oylari davomida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri birinchi o‘rinbosari bilan viloyatlarda bo‘lib keldik, joylarda haqiqatan subsidiya ajratishda muammo bor. Asosiy muammo uy-joy qurishda kechikishlar bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi masala uy-joy olish uchun kriteriyalarga mos kelmaslik holatlari mavjudligi.
Biz ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqqanimizda ma'lum bir to‘lov qobiliyatiga ega oilalarni va daromadi past fuqarolarni uyning boshlang‘ich badaliga foizni to‘lab berishni nazarda tutgandik. Lekin joylarda asosiy ko‘tarilayotgan masalalardan biri bu oilalar butun mablag‘ni to‘lab berish masalasini qo‘yayotganidir. Buni alohida o‘rganib chiqyapmiz, taklif beramiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Avvalroq davlat subsidiyalarini olish uchun elektron platforma ishga tushirilgani ma'lum qilingandi. Kun.uz platforma qanday ishlashiga oid batafsil ma'lumot bergan edi.
Mavzuga oid
16:12
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024