O‘zbekiston | 18:11 / 29.09.2021
4007
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident ta'limni rivojlantirish maqsadida xorijdan keltiriladigan mahsulotlarni bojxona to‘lovidan ozod qilish haqida topshiriq berdi

Prezident Andijon viloyatidagi “Yangi avlod” ta'lim klasteriga tashrifida ta'lim uchun keltiriladigan uskunalar uchun bojxona to‘lovini bekor qilish haqida topshiriq berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Andijondagi saylovoldi uchrashuvlar davomida Andijon shahridagi “Yangi avlod” ta'lim klasteriga tashrif buyurgan prezident klaster rahbariyatidan mavjud muammolar haqida so‘radi. Ma'lum bo‘lishicha, klaster uchun xorijdan keltirilayotgan uskuna va jihozlarni bojxona tizimidan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar sabab ularni keltirish kechikmoqda.

Davlat rahbarining topshirig‘i bilan shu vaqtning o‘zida mazkur ta'lim muassasasi uchun olib kelingan va bojxonada ushlab turilgan maxsus uskunalar o‘tkazib yuborildi.

“Ta'lim uchun keltirilayotgan uskunalar, jihozlar va mahsulotlar bojxona to‘lovidan ozod etiladi. Buning uchun alohida qonun kiritamiz. Bunday turdagi mahsulotlarni xorijdan olib kelish va respublikamizga kiritishda muammolar bo‘lmasligi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumot uchun, ta'lim klasteri maktabgacha ta'lim, umumiy o‘rta ta'lim va oliy ta'limni o‘zida jamlaydigan yangi turdagi ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid