Jahon | 21:10 / 29.09.2021
15890
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng mamlakatda giyohvandlik moddalari narxi keskin ko‘tarildi – AFP  

Mahalliy sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, narxlar uch baravarga oshgan.

 Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng qora bozorda afyun va boshqa giyohvandlik moddalari narxi keskin ko‘tarildi, deb xabar berdi AFP.

Mahalliy sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, narxlar uch baravarga oshgan. Qayd etilishicha, hozirda kontrabandachilar afyun tayyorlovchilarga 1 kilo mahsulot uchun 100 dollardan to‘lamoqda, Yevropa qora bozorida esa uning 1 grammi narxi 50 dollardan oshadi.

Agentlikning yozishicha, giyohvandlik moddalari narxi ko‘tarilishiga ob-havo sharoitlari, mamlakatdagi beqaror vaziyat va tashqi chegaralarning yopilishi sabab bo‘lgan. Ammo agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, buning asosiy sababi «Tolibon» rasmiy vakili Zabihulla Mujohidning o‘tgan oyda bergan bayonotidir. U toliblar giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi faol kurash boshlashini aytgandi.

BMTning giyohvandlik moddalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda so‘nggi 20 yilda ko‘knori yetishtirish hajmi sezilarli darajada oshgan. 2020 yilda 2019 yildagiga nisbatan 37 foizga ko‘proq ko‘knori yetishtirilgan.

2015 yildan 2020 yilgacha butun dunyoda ishlab chiqarilgan afyunning 83 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«2019 yilda dunyodagi ko‘knori maydonlarining 69 foizi Afg‘oniston, 14 foizi Myanma va 9 foizi Meksikada joylashgan», — deyiladi BMT boshqarmasi hisobotida.

Mavzuga oid