Jahon | 19:58 / 30.09.2021
12383
5 daqiqa o‘qiladi

Ekvador qamoqxonasidagi jang: 100dan ortiq qurbon, ayrimlarning boshi kesilgan

Ekvadorning Guayakil shahrida joylashgan Litoral qamoqxonasiga to‘rt yuz nafar politsiyachi kirdi, bu yerda seshanba kuni mahbuslar o‘rtasida haqiqiy jang boshlangan. O‘zaro dushman guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 116 kishi halok bo‘ldi, yuzga yaqin kishi jarohatlandi. Rasmiy shaxslarning ma'lumotlariga ko‘ra, bu mamlakat jazoni ijro etish muassasalari tarixida eng qonli mushtlashuv bo‘ldi.

Foto: AFP

Seshanba kuni boshlangan to‘qnashuvlarda kamida besh nafar mahbusning boshi tanasidan judo etilgan. Yana bir necha kishi o‘qotar quroldan halok bo‘lgan.

Litoral qamoqxonasida Meksika narkokartellari bilan aloqada bo‘lgan Ekvador bandasi a'zolari saqlanadi. Bu mamlakatdagi eng xavfli qamoqxona sifatida ma'lum.

Politsiya boshlig‘i Fausto Buenanoning tasdiqlashicha, mahbuslarda granatalar ham bo‘lgan. Qamoqxonada nazorat o‘rnatish uchun 400 nafar politsiyachi hududga olib kirilgan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, ushbu tartibsizliklar ayni vaqtda Ekvadorda harakatlanayotgan meksikalik narkofurushlarning yirik guruhi tomonidan qo‘zg‘algan.

Ekvador qamoqxonalar xizmati direktori Bolivar Garson mahalliy radioga bergan intervyusida vaziyatni "qo‘rqinchli" deb baholagan.

"Kecha mahalliy vaqt bilan soat 14:00da politsiya nazoratni qo‘lga oldi, ammo kechqurun yana otishmalar va portlashlar boshlanib ketdi. Bugun tongda biz yana vaziyatni to‘liq nazorat qila boshladik. Biz ziddiyat ro‘y bergan joylarni tekshirishni boshladik va yangidan yangi jasadlarga duch keldik", degan u.

Garsonning so‘zlariga ko‘ra, seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi otishmalar boshlangan va politsiya tartib o‘rnatib, qamoqxona qanotlarini tekshirib chiqqanida ko‘plab jasadlar aniqlangan va jami qurbonlar soni 116taga yetgan.

Otishma portlashlar davom etayotgani haqidagi xabarlardan so‘ng payshanba kuni tongida to‘rt yuz nafar politsiyachi yana qamoqxonaga yuborilgan.

Litoral qamoqxonasidagi isyon - turmadagi nazorat uchun o‘zaro kurashuvchi guruhlar ishtirokidagi navbatdagi hodisa bo‘ldi. Fevral oyida ham shu kabi to‘qnashuvlar oqibatida 79 nafar mahbus halok bo‘lgandi.

Qamoqxonada nimalar bo‘lib o‘tdi?
Buenanoning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxona qanotlaridan biridagi mahbuslar yoriq orqali boshqa qanotga o‘tishgan va raqib guruh vakillariga hujum qilishgan.

Qurbonlar haqidagi ma'lumotlar juda noaniq, ayrim holatlarda jasadlar maydalab tashlangan yoki yoqib yuborilgan, halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash uchun bir necha kun ketishi mumkin.

Politsiya qamoqxonadagi mushtlashuvlar ro‘y bergan qanotlardan birida qolib ketgan olti nafar oshpaz bilan bog‘lanishga erishgan va ular xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Prezident Gilermo Lasso Ekvador jazoni ijro etish muassasalari tizimida favqulodda holat joriy etgan.

Kim kim bilan kurashmoqda?
Faqat ikki nafar politsiyachi jarohatlangani va mahbuslar orasidagi qurbonlar soni 100dan oshgani haqidagi fakt shuni ko‘rsatadiki, bu qamoqxonadagi isyonni bostirish emas, aynan mahbuslar o‘rtasidagi urushdir.

Litoral qamoqxonasida Meksikaning qudratli Sinaloa narkokarteli bilan yaqin aloqada bo‘lgan ekvadorliklarning "Los-Choneros" guruhi vakillari saqlanadi.

Ammo meksikaliklarning boshqa bir jinoiy guruhi, "Xalisko - Yangi avlod" karteli ham Ekvadordagi guruhlar bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi - bu orqali ular Ekvadordan Markaziy Amerikaga olib boruvchi narkotik moddalar kontrabandasi marshruti ustidan nazoratni Sinaloadan tortib olishni maqsad qilishgan.

Litoral qamoqxonasida boshlar olinishi va boshqa shafqatsiz harakatlar - meksikaliklar kartellariga xos, ular odatda o‘z raqiblarini imkon qadar shafqatsiz usullarda o‘ldirishadi - boshqa raqiblarni qo‘rqitish uchun.

Iyul oyida prezident Lasso Ekvador qamoqxonalar tizimi o‘z sig‘imidan 30 foiz oshiqroqqa to‘lganini ma'lum qilgandi. U kameralarni bo‘shatish uchun o‘z muddatining katta qismini o‘tab bo‘lgan yoki mayda jinoyatlar bilan qamalgan mahbuslarni muddatidan oldin ozod etish jarayonini tezlashtirish rejasini e'lon qilgandi.

Nega bunday bo‘lmoqda?
Litoral qamoqxonasidagi to‘qnashuv - Ekvador jazoni ijro etish muassasalari tizimidagi eng qonli mushtlashuvlar bo‘ldi, ammo birinchisi emas. Fevralda mamlakatdagi to‘rt qamoqxonada, jumladan Litoralda bir vaqtning o‘zida ro‘y bergan tartibsizliklar chog‘ida jami 79 nafar mahbus halok bo‘lgandi.

Ekvador qamoqxona xizmati rahbari Karsonning so‘zlariga ko‘ra, muammolardan biri shundaki, mahbuslar yaxshi qurollangan. Qamoqxonaga ko‘p miqdorda qurollar kirib keladi, ammo politsiyachilar tintuv vaqtida ularning bir qisminigina to‘xtatib qola olishadi.

Ekvador qamoqxonalarida zo‘ravonliklar ortishining bir qancha sabablari bor. Birinchidan, Ekvador orqali qo‘shni Peru va Kolumbiyadan kokain oqimi tranziti o‘tadi. Ikkinchidan, Meksika kartellari Ekvadorda katta ta'sirga ega va mahalliy bandalar bilan ittifoqlar tuzishgan. Va nihoyat, mahbuslar soni ko‘pligi va qamoqxonalarni qo‘riqlovchi soqchilar yetishmasligi ham vaziyatni og‘irlashtiradi.

Mavzuga oid