Sport | 08:10 / 30.09.2021
40268
12 daqiqa o‘qiladi

«Santyago Bernabeu»da porlagan Yaxshiboyev. «Barsa» muxlisining Chinozdagi stansiyadan «Real» darvozasigacha yo‘li

Foto: Lutfije Vađačević / Twitter

Yevropa Chempionlar ligasi 2-turi doirasidagi seshanba oqshomida o‘tgan uchrashuvlar orasida kamtarona «Sherif» klubining Madridda kimsan «Real» jamoasini sensatsion tarzda mag‘lub etgani, kechaning asosiy o‘yini deyilgan «PSJ» - «Manchester Siti» bahsini ham soyasida qoldirdi. «Santyago Bernabeu»dagi oqshomda o‘zbekistonlik hujumchi Jasur Yaxshiboyev tomonidan Kurtua darvozasiga yo‘llangan gol butun dunyoda Messining «PSJ»dagi debyut golidan kam aylanayotgani yo‘q. Xo‘sh, Yaxshiboyev kim va u qanday qilib «Real» darvozasigacha yetib bordi?

Chinozdagi stansiyadan «Paxtakor» bekatigacha

1997 yilning 24 iyun kuni Toshkent viloyatining Chinoz shaharchasida tug‘ilgan Jasur Yaxshiboyev bolaligidan to‘pga oshno tutingani bois, 7 yoshidan buvisi bilan har ertalab Chinozdagi poyezd stansiyasidan Toshkentdagi «Paxtakor» maktabiga kelib, kechqurun yana poytaxtdan Chinozga qaytgan. Bu haqda futbolchining o‘zi intervyularidan birida eslagan.

«Bolaligimdan «Paxtakor»ga muxlislik qilardim. Chinoz Toshkentdan 60 kilometr uzoqlikda joylashgani sababli maktab yoshimdan boshlab har kuni Toshkentga qatnaganman – «Paxtakor» maktabida shug‘ullanish uchun. Ertalab buvim bilan «elektrichka»da jo‘nab, kechqurun yana 1,5 soatda shunday qaytardik. Ota-onamning o‘z ishi bor edi. Yettinchi sinfda o‘qiyotganimda esa Toshkentga ko‘chib, «Paxtakor» internatida o‘qishni boshlagandim», - deydi u.

Uning ilk murabbiylaridan biri Jasur Abduraimov sanaladi. Hozirda «Metallurg» bosh murabbiyi sanalmish Abduraimov Yaxshiboyevning katta futboldagi ilk qadamlarini tashlashida yordam bergan.

«Jasurni 8 yoshidan beri bilaman. Chinozning oddiy oilasidan chiqqan bola. Yodimda, mashg‘ulotlarimiz ertalab soat 8:00da boshlansa, Jasur juda kichkina bo‘lsa-da, saharlab soat 4:00da uyqudan turib, buvisi bilan Toshkentga yetib kelardi. U biror marta mashg‘ulotni o‘tkazib yuborganini eslay olmayman. Futbolni juda yaxshi ko‘rgani uchun tinim bilmasdi. Milliy terma jamoada o‘ynashni orzu qilardi. Unga o‘xshagan futbolchilar kam. Jasur 7-8 yoshida qilgan ishlarni hozir biror bolada uchratmadim», - deydi Jasur Abduraimov shogirdi haqida.

«Paxtakor»dagi debyut, Olmaliqdagi ijara va Yevropaga safar

Yaxshiboyev «Paxtakor» futbolchisi sifatida Superligadagi debyutini 19 yoshida o‘tkazdi. 2016 yilning 3 noyabr kuni u «Sho‘rtan»ga qarshi kechgan bahsda (5:2) katta futboldagi ilk rasmiy uchrashuvida maydonga tushdi. Debyut golini esa ikki yildan so‘ng – 2018 yilda «Metallurg» darvozasiga uradi. O‘sha yili O‘zbekiston yoshlar jamoasi safida Xitoyda Osiyo chempioni bo‘lgan. Shunga qaramay, o‘tgan to‘rt yil davomida «Paxtakor» safida asosiy tarkib o‘yinchisiga aylana olmagach, bosh murabbiy Shota Arveladze 22 yoshli Jasurni OKMK klubiga 2019 yil yakuniga qadar ijaraga beradi.

Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi yarim yillikda ham 9 o‘yinda 486 daqiqa to‘p surgan Yaxshiboyev birorta gol ura olmagach, 2020 yil boshida o‘z kuchini legioner sifatida sinab ko‘rishga qaror qilib, Yevropaga yo‘l oladi.

Albatta, hali katta natija ko‘rsatmagan o‘zbekistonlik 22 yoshli yigitni ko‘hna qit'aning kuchli ligalarida hech kim kutmayotgandi. Shu bois, u avvalo nufuzi yuqori bo‘lmagan Belarus chempionatiga yo‘l olib, dastlab kuchini autsayder maqomidagi «Energetik-BGU» klubida sinab ko‘rib, muxlislar e'tiboriga tusha boshladi.

Yil kashfiyoti, to‘purar, Belarus chempioni va 10 barobar oshgan maosh

2020 yilning mart oyida Yaxshiboyev «Energetik-BGU» safida faoliyat boshlaganda butun dunyoda pandemiya sababli odatiy hayot tarzi o‘zgarayotgan, jahonning deyarli barcha chempionatlari majburiy tanaffusga chiqqandi. Yevropada faqatgina Belarus Oliy ligasi to‘xtatilmadi va ko‘pchilik muxlislarning e'tibori shu chempionatga qaratildi. «Energetik-BGU» safida yil kashfiyotiga aylanib, gollari bilan o‘rtamiyona jamoani peshqadamga aylantirgan Jasur Yaxshiboyev mamlakatning nomdor klublari ko‘z ostiga tushdi.

Natijada, u ikkinchi davra oldidan «Energetik-BGU»dan «Shaxtyor» safiga o‘tib, yil yakunida Soligorsk klubi bilan Belarus chempioniga aylandi. Shuningdek, to‘purarlar poygasida 16ta gol bilan ikkinchi bo‘ldi. Yil oxirida Belarus futbol federatsiyasi tomonidan Jasur Yaxshiboyev «yilning eng foydali futbolchisi» deb topildi. Qizig‘i, «Shaxtyor» bungacha 15 yil davomida oltin medallarga ega chiqmagandi.

Belarus nashrlarida keltirilishicha, Yaxshiboyevning «Energetik-BGU»dagi oylik maoshi 300 dollar bo‘lgan, «Shaxtyor»da esa 10 barobar oshgan – 3 ming dollarni tashkil etgan. «Pressbol» nashri 2020 yil yakunida Jasur Yaxshiboyevni Belarus Oliy ligasining eng yuqori reytingli futbolchisi deb topdi.

Arveladze bilan tushunmovchilik va Yevropa tanlovi

Belarusdagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin Jasur Yaxshiboyevda «Paxtakor»ga qaytish yoki Osiyo klublarida to‘p surib kattaroq mablag‘ ishlab olish tanlovi ham bor edi. Ammo u Yevropadagi faoliyatni afzal bildi. Shartnoma muddati hali tugamagan bo‘lsa-da, Shota Arveladze bosh murabbiy bo‘lgan «Paxtakor»ga ham qaytishni istamagandi. Bu haqda u intervyulardan birida shunday degan:

«Osiyo klublari taklifini rad etib, Yevropani tanlagandim. Bu yerda boshqa daraja. «Paxtakor»da nega qolmadim? O‘shanda bosh murabbiy Shota Arveladze bilan kelisha olmagandik. Juda kam o‘ynardim. Murabbiy meni faqat zaxiradan atigi 10 daqiqaga maydonga tushirardi. Arveladze bilan o‘rtamizda tushunmovchilik bor edi. Bir marta meni zaxiraga olganida, xafa bo‘lib qo‘lini siqmaganman. Shu-shu zaxirada qola boshladim. O‘yinga tushsam ham 10-15 daqiqa harakat qilardim. Bu vaqt mobaynida nima ham qilish mumkin? To‘pni, o‘yin tempini sezmay qo‘ydim, natijada formamni yo‘qotdim. O‘yinim yomonlashib ketaverdi. Yaxshi o‘ynasam ham keyingi bahsni zaxira o‘rindig‘ida boshlashimni bilardim. Bu esa ruhiy azob. Belarusda esa menga o‘yin amaliyoti berishdi. Ammo Shota Yustinovichdan xafa emasman. Lekin o‘shanda qolsam, yana zaxirada qolib ketardim».

«Yaxshiboyevda milliy jamoada o‘ynash uchun kuchli xohish ko‘rmadim»

Jasur Yaxshiboyev shu kungacha O‘zbekiston milliy jamoasi safida bor yo‘g‘i 3ta o‘yinda maydonga tushgan. U 2018 yilda Urugvay (0:3) va Eronga (0:1), 2020 yilda ham forslarga qarshi (1:2) qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘ynagan. Shundan so‘ng o‘sha paytdagi bosh murabbiy Vadim Abramov uni milliy jamoaga chaqirmay, buni «Yaxshiboyevda milliy jamoada o‘ynash uchun kuchli xohish ko‘rmadim», deya izohlagandi.

Futbolchining o‘zidan bu haqda so‘ralganda, «Milliy jamoada o‘ynash barcha futbolchilarning orzusi sanaladi. O‘shanda Dubaydagi yig‘inga ketishdan 2 kun oldin tana haroratim ko‘tarilib, tomog‘im og‘riy boshladi. Buni Vadim Abramovga aytdim. Bilmadim, balki u meni bahona qilyapti, deb o‘ylagandir. Ammo, men to‘g‘risini aytgandim. Qolgani murabbiyning fikri», deya munosabat bildirgan Yaxshiboyev so‘nggi bir yilda turli sabablar bilan milliy jamoadan chaqiruv olmadi.

300 ming yevrolik transfer va ijarada porlagan Jasur

2020 yil oxirida Yaxshiboyevga Qozog‘istonning «Astana», Ukrainaning «Dinamo Kiyev», Rossiyaning «Arsenal» klublari qiziqish bildirgandi. Shuningdek, «Paxtakor» sport direktori Ja'far Irismetov futbolchiga Portugaliya, Polsha va Vengriya klublaridan qiziqishlar bo‘lgani haqida ma'lum qildi. Oxir-oqibat mavsum boshida Polshaning «Legiya» klubi 24 yoshli o‘zbekistonlik hujumchini «Paxtakor»dan 300 ming yevroga transfer qildi. Yaxshiboyev Polshaning 14 karra chempioni bilan 2023 yilning 30 iyul kuniga qadar shartnoma imzolab, 7-raqam sohibiga aylangandi.

Ammo jarohatlar sabab «Legiya»da o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan Jasur avgust oyida Moldovaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. «Sherif» Chempionlar ligasi saralash bosqichidan guruh bosqichiga yo‘llanma olgach, «Legiya» o‘zbekistonlik legionerni Tiraspol klubiga ijaraga berdi.

12 sentabr kuni «Sherif» safidagi debyutini «Petrokub»ga qarshi o‘tkazgan Yaxshiboyev zaxiradan tushganiga qaramay, ilk o‘yindayoq bitta gol va assistga mualliflik qilib, jamoasiga g‘alaba (2:0) keltirdi. 15 sentabr kuni esa YeChL 1-turi doirasida «Shaxtyor»ga qarshi musobaqadagi ilk o‘yinini o‘tkazgan Jasur 67-daqiqaga qadar to‘p surib, jamoasi bilan g‘alaba qozondi (2:0).

«Barsa» muxlisining tarixiy goli

Jasur Yaxshiboyev O‘zbekistonda aksariyat murabbiylar bilan til topisha olmagan bo‘lsa-da, «Sherif» bosh murabbiyi Yuriy Vernidub o‘zbek futbolchisi haqida iliq fikrda.

«Jasur Yaxshiboyevni juda yaxshi bilaman. Bu futbolchini «Sherif» safiga qo‘shib olish imkoniyati borligi haqida aytishgach, darhol ikki qo‘lim bilan rozi edim. Uning kuchli jihatlarini yaxshi bilaman. Jasur – Xudo tomonidan berilgan iqtidor sohibi, tug‘ma hujumchi. O‘z vaqtida «Dinamo» Kiyev uni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi edi. Bu o‘tish nega amalga oshmagan, bilmayman. Ammo uning hozirda qo‘l ostimda ekanidan xursandman», - degandi ukrainalik mutaxassis YeChL 1-tur oldidan.

Hali klubga kelganiga bir oy ham bo‘lmagan Yaxshiboyev murabbiyning ishonchiga javoban 28 sentabr oqshomida «Sherif»ning tarixiy g‘alabasiga tarixiy goli bilan hissa qo‘shdi. Bungacha «Barsa»ning «Santyago Bernabeu»da «Real» darvozasiga kiritgan gollarini televizor orqali ko‘rib quvongan Yaxshiboyev endi o‘zi ishqibozlik qiladigan klubning asosiy raqibi darvozasini ishg‘ol etdi. Bu o‘zbek futbolchisining Madridda kiritgan ilk goli bo‘ldi. Jasur o‘zi singari kamtar bo‘lgan «Sherif» bilan Yevropadagi ertagini davom ettiradi. Oldinda uni bundan-da yorqin lahzalar kutib turganiga ishongimiz keladi.

Usmon Ibodov

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid