Jamiyat | 17:11 / 05.10.2021
49711
43 daqiqa o‘qiladi

Shayboniyxon shaxsiyati nega e’tiborsiz qolmoqda? O‘zbek tarixining eng ziddiyatli nuqtasi haqida mulohazalar

Badiiy asarlarda, ilmiy maqolalarda va tarixiy filmlarda Shayboniyxon va uning sulolasi salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanib kelgan. Har narsaning o‘ziga yarasha sababi, ildizi bo‘ladi. U va undan keyingi o‘zbek xonliklariga salbiy munosabat o‘zbek tarixchiligida va madaniyatida qanday shakllanib qolgan? Tarixchi olim, O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi kichik ilmiy xodimi Eldor Asanov shu xususda fikr yuritadi.

Foto: Vikipediya

Maktabda o‘tilgan tarix darslarida shu sohaga bo‘lgan qiziqishim, umumiy qarashlarim shakllanganiga qaramay, haftasiga bir-ikki marta o‘tiladigan bu darslar tarixiy bilimga bo‘lgan chanqog‘imni qondirishga kamlik qilardi, shu bois o‘sha yillarda mavjud bo‘lmish imkoniyatlardan foydalanib, baholi qudrat kitob va maqolalarni topib, ko‘proq ma’lumot olishga intilardim. Hayotimga internet kirib kelib, mutolaa va mulohaza uchun manba ko‘paygach, ba’zi tarixiy masalalar borasidagi fikrim o‘zgara boshladi; tarix darslarida o‘rgatilgan yondashuv mutlaq emasligini angladim. Tarix faqat faktlar va sanalar yig‘indisi emas, faraz va konsepsiyalar to‘qnashadigan maydon ham ekanini bildim.

Mana shu izlanishlarim mobaynida Shayboniyxon shaxsiyati diqqatimni ko‘p tortdi. Bir qarashdayoq katta ishlar qilgani, ulkan tarixiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgani ko‘rinib turgan bu shaxs o‘zbek tarixchiligida ochiq qoralanar edi desam, xato bo‘ladi, lekin eng kamida uning faoliyatiga nisbatan befarqlikni kuzatardim. Badiiy asarlarda (Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani – doim keltiriladigan klassik misol) va ilmiy-ommabop matnlarda Shayboniyxon salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanar, ilmiy ishlarda esa Temuriylar saltanatini qulatgan bosqinchi deb ko‘rsatilar edi. Uning yurishlari natijasida yuzaga kelgan siyosiy status-kvo – o‘zbek qabilalarining hukmronligi o‘rnatilishi va keyinroq xonliklar tizimining shakllanishiga kelganda, o‘zbek tarixchilari (harqalay, o‘sha yillarda) bir ovozdan Markaziy Osiyo tushkunlikka yuz tutganini, siyosiy boshboshdoqlik avj olganini ta’kidlar edi.

Ammo Shayboniyxonning faoliyati bilan yaqindan tanishganim sayin bu konsepsiyalarga ishonchsizligim ortdi. Qarashlarimni turli davra va darajalarda – tarixga qiziquvchi tanish-bilishlar gurungi-yu internetdagi forumlardan tortib universitetdagi olimlar suhbatigacha tekshirganimda, juda ko‘plar unga salbiy munosabatda ekanini, uni Temuriylar saltanatining halokatida aybdor deb bilishini tushundim. Ko‘p hollarda bu qarashlar ratsional argumentatsiya doirasidan chiqib, stereotipik ko‘nikmaga aylangan ediki, oddiy ilmiy muhokama bilan olim va tadqiqotchilarning fikrini o‘zgartirib bo‘lmas edi.

Shunga qaramay, saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, keyinchalik esa o‘zimning blogimda bu masalani qayta-qayta ko‘tarib keldim. Sekinlik bilan bu mavzuda hammaslaklarim ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘ldim: kimlardir mening maqolalarimni o‘qib, o‘ziga yarasha xulosalar qilgan esa, yana kimlardir men bosib o‘tgan yo‘ldan yurib, o‘xshash nuqtayi nazarda to‘xtagan edi.

Nima bo‘lganda ham, o‘zbek tarixchiligidagi eng jiddiy muammolardan biri – Shayboniyxon shaxsiyati masalasi ikki-uchta tarixga qiziquvchi havaskor doirasidan chiqib, rasmiy mediaga, gazeta-jurnal va saytlarga yetib kelgani, bahslarga sabab bo‘layotgani siljish borligidan dalolat. Aynan mana shunday bahslarda yangicha qarashlar asoslanadi va sayqallanadi. Bir kun kelib Shayboniyxon atrofidagi mubohasalar mediadan tarixchi olimlar va siyosatchilargacha yetib boradi deb umid qilaman.

Yuqoridagi optimistik so‘zlarni yozishimga sabab tarixchi Baxtiyor Alimjanovning “Ishonch” gazetasida, undan keyin esa O‘zAda nashr etilgan “Muhammad Shayboniyxon davrni o‘zgartirgan siyosiy lider edi(mi?)” sarlavhali maqolasi bo‘ldi. Lekin ushbu matn haqida fikr aytish, u bilan bahsga kirishish yoki undagi postulatlarni himoya qilish niyatim yo‘q: materialning mohiyati menga asosliday tuyuldi, asossiz ko‘ringan jihatlar bilan bahsga kirishish uchun esa shoshilmay, muallif o‘tkazgan tadqiqotga teng tadqiqot o‘tkazib, keyin munosabat bildirish kerak bo‘ladi. Quyida men o‘zbek mediasida Shayboniyxon mavzusi ko‘tarilganidan foydalanib, bu boradagi ayrim mulohaza va qarashlarimni keltirib o‘tmoqchiman.

Avvalo sabablarga yuzlanmoqchiman. Har narsaning o‘ziga yarasha sababi, ildizi bo‘ladi. Shayboniyxonga va u yaratgan siyosiy muhitga – o‘zbek xonliklariga nisbatan salbiy munosabat o‘zbek tarixchiligida va madaniyatida qanday shakllanib qolgan?

Sovet tarixchiligi xonliklarni nega yomon ko‘rgan?

“Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar. Shunga ko‘ra mavzu’ni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi xon zamonlaridan belguladim”.

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani kirishidan olingan bu parcha o‘zbek kitobxoniga yaxshi tanish. Xon zamonlarini kirlik, qora kunlar deb ta’riflash roman bitilgan 1920-yillarda o‘ziga xos “trend” edi: yaqindagina qulagan davlatni qoralab, yangi o‘rnatilgan hokimiyatning ustunliklarini samimiy yoki nosamimiy madh etish oddiy hol edi. Abdulla Qodiriy bu madhiyabozlik paradiga qo‘shilmagan oz sonli ziyolilar qatorida edi; shunga qaramay, balki o‘z asarining xavfsiz kelajagini ta’minlash maqsadida uning kirish qismiga siyosiy kon’yunkturaga mos bu xatboshini kiritgandir. Boshqa tomondan esa, Qodiriy, jadid ziyolilarning ko‘pchiligi singari, hech qanday sovet ideologiyasisiz ham xonlik zamoni tartiblariga muxolif, yangilik, progress tarafdori edi. Nima bo‘lganda ham, xonlik zamonining kirliklarini tasvirlagan bu romanning taqdiri chiroyli bo‘ldi: qatag‘onlardan omon chiqib (muallifidan farqli o‘laroq), o‘zbek adabiyotining durdonasi deya e’tirof etildi, kitobdan ekranlarga ko‘chdi.

Xonlik zamonini tanqid ostiga olish aslida Qodiriy ijodigagina xos emas. O‘zbek adabiyotini, O‘zbekistonga bag‘ishlangan rus oriyentalistikasini ko‘zdan kechirsangiz, “tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi xon zamonlari” haqida yana bir qancha kitob topasiz: Akmal Ikromovning o‘g‘li Komil Ikromov muallifligidagi “Pexotnyy kapitan” romani Olloqulixon zamonidagi Xiva xonligini fosh etadi; Yevgeniy Berezikovning “Krasnaya Buxara” romanida XX asrning 10-yillaridagi Buxoro amirligi qora bo‘yoqlarda tasvirlanadi; Mirkarim Osimning xonliklarga bag‘ishlangan qissa va hikoyalaridan negativ ufurib turadi.

Sovet o‘zbek tarixchiligidagi paradigmalar ham adabiyotdagidan sezilarli farq qilmaydi: xonliklar davri siyosiy boshboshdoqlik, qoloqlik, xonlar diktati bilan xarakterlanadi.

Men o‘zbek xonliklari rivojlangan, kuchli davlatlar bo‘lgan demoqchi emasman; ular ayniqsa mavjudligining oxirgi bir-ikki asrida ancha orqada qolib ketgani bor gap. Lekin sovet tarixchiligining o‘zbek xonliklariga keskin salbiy munosabatiga boshqa, shaxsiyroq sabab bor: SSSRning Markaziy Osiyodagi respublikalari o‘zbek xonliklarining “tirigini” ko‘rgan, ularga qarshi kurashib, ularni qulatib, xarobalarida tuzilgan davlatlar edi. SSSR va o‘zbek xonliklari o‘rtasida konkret ideologik muxolifat, qarama-qarshilik mavjud edi. Xonliklar tarixini yozgan sovet fani o‘tmishni his-tuyg‘usiz yoritishga emas, ideologik raqibini toshbo‘ron qilishga urinardi. Bu xonliklar davriga xolis yondashishga, ayrim arzirli voqealar, yutuqlar, shaxslarga tadqiqiy e’tibor qaratishga to‘sqinlik qilardi. O‘zbek tarixining qahramonlari, arboblari asosan XVI asrgacha bo‘lgan davrda yashaganiga hech e’tibor berganmisiz? Bu XVI asrdan so‘ng yirik arboblar chiqmaganidan emas, ularga e’tibor qaratilmaganidandir.

Mustaqil O‘zbekiston tarixchiligi sovet davri paradigmalaridan chiqib keta olmayapti: sovet maktabi yaratgan umumiy qarash skeleti, davrlashtirish to‘laligicha saqlab qolingan, tarixiy shaxslar panteoni deyarli o‘zgarmagan (Amir Temur qo‘shilgan), yondashuvlar deyarli almashmagan. Xonliklar davriga qayta baho berishga, ularning tarixini takroran yozishga harakat qilinmayapti, umuman, bu mavzuga aytarli qiziqish yo‘q. O‘zbek millati, Markaziy Osiyoning bugungi etnik, siyosiy va madaniy qiyofasi shakllanishida hal qiluvchi rol o‘ynagan o‘zbek xonliklari qolib, ulardan oldingi zamonlarga ko‘proq urg‘u beriladi, xonliklarga kelganda esa Temuriylar davlati yo‘q qilinib, buning oqibatida qoloqlik va tushkunlik boshlangani uqtiriladi.

Xonliklar davrining umumiy tanqidi asnosida Shayboniylar davlati ham mana shu “qoloqlar fazasi” doirasiga kiritib yuboriladi. 2001 yilda rus tilida chiqqan “Ocherki po istorii gosudarstvennosti Uzbekistana” kitobining o‘zbek xonliklariga bag‘ishlangan bobida Shayboniylar davri quyidagicha tavsiflanadi: “Keyinchalik faqat ba’zi Shayboniy hukmdorlargina viloyatlar noiblarining e’tirofini qozonib, markaziy hokimiyatni kuchaytirishda ma’lum muvaffaqiyat qozona olgan” [1]. Vaholanki, Shayboniylar davri chegaralari va siyosiy tuzilishi jihatidan keyingi asrlardagi xonliklardan farq qiladi. Shayboniylarni zamonasining qoloq va kuchsiz sulolasi deb bilish adolatsizlik bo‘ladi.

O‘zbek tarixchiligida Shayboniyxon va Shayboniylarga nisbatan yoppasiga befarqlik yoki bepisandlik hukm suryapti desam, xato qilaman. Umumiy manzara o‘zgarmayotgani bilan, yangicha ko‘z qarashlarni ilgari suradigan tadqiqotchilar yetarlicha topiladi; Shayboniyxon shaxsiyatini qayta baholashga xayrixohlar ham ko‘payib bormoqda. Misol keltiraman.

“O‘zbekistonning yangi tarixi” fundamental nashrining yuqoridagidan bir yil oldin chop etilgan birinchi kitobida ham Shayboniylar haqida standart paradigma takrorlanadi: “Qariyb bir asrga yaqin davom etgan Shayboniylar hukmronligi davrida ham tinchlik bo‘lmadi, qirg‘inbarot urushlar, o‘zaro ichki kurashlar davom etdi” va h.k. [2]. Ammo Shayboniyxon va Boburning o‘zaro kurashlari haqida gap ketganda, kitob mualliflari “bu ikki o‘zbek sarkardasi, ikki shoir va davlat arbobi ittifoqlashib, Temuriylarning butun Sharq va G‘arbga yoyilgan shuhratini barqaror etish, Sohibqiron Amir Temur asos solgan qudratli davlat shukuhini yanada tiklash o‘rniga o‘zaro kurash, uni egallash bilan band bo‘lishdi”, deb ta’kidlaydi [3].

Bobur, Shayboniyxon va o‘zbek milliy tarixining yozilishi

Har qanday milliy tarix, ma’lumki, mohiyatan konstruktdir. Bugungi antropolog va tarixchilarning aksariyati bunday qarashda sobitdirlar. Tarix – juda murakkab, ko‘p sathli jarayondir; milliy tarix esa undan faqat o‘ziga kerakli sathlarni, faktlarni, shaxslarni sug‘urib olib yoziladi hamda ma’lum davlatning yoki millatning tarixi o‘laroq taqdim etiladi. Milliy tarix o‘tmishning real kartinasini xolis va metodik tiklashga emas, balki o‘tmish orqali o‘zini tushunishga, muayyan millat va davlat mavjudligining sabablarini va asoslarini qidirishga urinishdir. Shuning uchun milliy tarix faqat millat uchun ahamiyatli shaxslarni, voqealarni va jarayonlarni tan oladi. Muammo shundaki, millat nimaligini, uning qadriyatlarini, o‘tmishini, kelajagini har bir ziyoli, siyosatchi, qo‘yingki, bu masalalarga qiziquvchi har qanday inson o‘zicha tushunadi.

O‘tmishda tarixni tor doiradagi tarixchilar hukmdorlar uchun yozgan va o‘rgangan; saroydan tashqariga chiqmagan bu “protomilliy” tarix, tabiiyki, keng ommaga yetib bormagan va katta bahslar keltirib chiqarmagan. Omma ta’lim va bilim olishi odat tusiga kirgan, kitoblar, maqolalar, boshqa turdagi manbalar ko‘paygan, o‘rta statistik ziyoli bilan o‘rta statistik havaskor orasidagi intellektual farq qisqargan modern asrida milliy tarix yozilishi va maktablarda majburiy o‘qitilishi muqarrar ideologik to‘qnashuvlar keltirib chiqaradi: hozir o‘qimishli, saviyali odam ko‘p, ideologiya va qarashlar ham shunga yarasha, barchani qoniqtiradigan tarixiy diskurs yaratish deyarli imkonsiz. Hamma tarixdan o‘zi xohlagan narsani topishga urinadi va bu sa’y-harakati bilan ma’lum ma’noda tarixni o‘zgartiradi, o‘z qadriyatlari va qarashlariga moslaydi.

O‘zbek milliy tarixi modeli mana shunday ideologik kurashlar asnosida XX asrning 30–50-yillarida ishlab chiqilgan. O‘zbek tarixining davriy va geografik chegaralari, shaxslar panteoni, asosiy konsepsiyalar o‘shandan buyon uncha o‘zgargani yo‘q. Lekin avvalboshda olimlar orasida keskin tortishuvlar ro‘y bergan: O‘zbekistonning birinchi tarixi yozilishi haqiqiy dramaga aylanib ketgan edi. Rossiyalik tarixchi Sergey Abashin Ethnogenesis and Historiography: Historical Narratives for Central Asia in the 1940s and 1950s sarlavhali maqolasida bu boradagi hissiyotli akademik bahslarni batafsil tahlil g‘alviridan o‘tkazadi [4]. Diqqatga sazovor jihati, “Istoriya narodov Uzbekistana” nashrining ikkinchi kitobi 1947 yilda – birinchi kitobidan uch yil oldin chop etilgan edi. Negaki XVI–XIX asrlar tarixini qamrab oluvchi bu kitob o‘sha kezlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib turgan masalalarni – o‘zbek xalqi etnogenezi va, xususan, unda ko‘chmanchi o‘zbeklarning rolini yoritardi. Tomning asosiy muallifi bo‘lmish Aleksandr Semyonov eski kolonial sharqshunoslik namoyandasi o‘laroq sovet tarixchiligining marksistik paradigmasini qabul qilmas, yangi milliy qarashlarni shubha ostiga olar edi. Bahs yuritayotganimiz bu kitobda bu yaqqol namoyon bo‘ladi – u yerda bayon etilgan O‘zbekiston tarixi keyingi bayonlardan jiddiy farq qiladi. Masalan, uning birinchi bobi “Obrazovaniye uzbekskogo gosudarstva i zavoyevaniye uzbekami Maveraunnaxra” (O‘zbek davlatining tashkil topishi va o‘zbeklar Movarounnahrni bosib olishi) deb ataladi. Ya’ni muallif o‘zbek davlatchiligini XVI asrdan boshlaydi. Bobda Dashti qipchoqqa, O‘zbek ulusiga, Abulxayrxonga ko‘p urg‘u beriladi; Shayboniyxon salbiy bo‘yoqlarsiz, yirik davlat arbobi sifatida tasvirlanadi, hatto u haqdagi rivoyatlar keltiriladi; Bobur bayonning markaziga qo‘yilmaydi [5].

Bizga yaxshi tanish o‘zbek milliy tarixi modeli keyinroq, 50-yillarda butunlay ishlab chiqilib, rasmiy tus olgan hamda kitoblardan, darsliklardan o‘rin ola boshlagan. Bizga bugun maktablarda o‘rgatiladigan tarixiy shaxslar ham 40–50-yillarda saralab olingan. Bunda asosan X–XV asrlarga urg‘u berilgan – aynan shu davrda O‘rta Osiyoda madaniy va siyosiy yuksalish bo‘lgan, deb qaralgan. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida vatanparvarlik ruhini oshirish maqsadida boshqa davrlarda yashagan ayrim shaxslar – qo‘zg‘olonchilar, bosqinchilarga qarshi kurashgan arboblar rasmiy panteonga kiritilib, targ‘ib qilingan.

Qizig‘i, Bobur bobokaloni Temur singari boshida bu ro‘yxatdan tushib qolgan. O‘zbek ziyolilari Temuriylar davriga katta e’tibor qaratganiga qaramay, Temuriy hukmdor va sarkardalar feodal elita vakillari sifatida milliy qahramonlar panteoniga kiritilmagan. Mirzo Ulug‘bek kabi olimlar, Alisher Navoiy singari shoirlargagina ruxsat berilgan.

Keyinchalik Boburni mashhur qilib yuborgan o‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov 50-yillarning oxirida yozilgan “Uch ildiz” romanida o‘sha davr universitet ta’limida Bobur zolim bosqinchi qilib ko‘rsatilganini qistirib o‘tgan.

Keyingi o‘n yilliklarda Boburning nomi reabilitatsiya qilindi. U adabiyot antologiyalariga kiritildi, kitoblari chop etildi. Lekin buning oqibatida Shayboniyxonning imiji yanada negativlashdi – u endi dilbar shoir, hassos inson Boburning dushmaniga aylandi. Uni quvib yuborgan, Temuriylar davlatini qulatgan bosqinchi nomini oldi.

O‘zbek milliy tarixining modeli mana shunday bosqichlardan o‘tib, shakllandi; bu model bugungi kungacha katta o‘zgarishlarga uchragani yo‘q. Faqat Temur nomining reabilitatsiya qilinganini hamda shu model mualliflari bo‘lmish sovetlarning o‘zi qayta baholanib, xonliklar qatorida tarixning qora sahifasiga aylanganini jiddiy o‘zgarish deb talqin qilish mumkin.

“Bobom yomon, demak, bobom emas”. Shayboniyxonga qarshi e’tirozlar asoslimi?

Baxtiyor Alimjanovning tilga olingan maqolasining ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalariga e’tibor bersangiz, qarshi argumentlar haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Bu argumentlar ziyoli qatlam, tarix ishtiyoqmandlari nega Shayboniyxonni muhim tarixiy shaxs sifatida tan olgisi kelmayotganini ochiqlaydi: Temur saltanatini qulatgan, mustahkam davlat yarata olmagan, “ma’naviyatli”, bag‘rikeng inson bo‘lmagan, bu yurtga bostirib kelgan, ko‘chmanchi, demakki, “yovvoyi” bo‘lgan. Shuningdek, qiyosiy argument ko‘p ilgari suriladi: Bobur buyukroq bo‘lganmi, Shayboniyxonmi? Shayboniyxon Temurchalik buyuk bo‘lganmi?

Alimjanovga raddiya tarzida yozilgan postlardan biridagi fikrlar diqqatga sazovor: “Aslida Shayboniyxon Bobur kabi bilimdon, ma’naviyati boy, bag‘rikeng bo‘lganmidi? Zahiriddin Muhammad Bobur va Shayboniyxonning qilgan ishlarini tarix parallelida solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, Boburning toshi raqibinikidan ancha og‘ir keladi”. Bu o‘zbek akademik doiralarida eng ko‘p yangraydigan argumentdir. Bir zamonlar, PhD’da o‘qib yurganimda Amir Temur davrini o‘rganuvchi bir professordan “nega Shayboniyxon shaxsiyatiga yetarli e’tibor berishmaydi?” deb so‘raganimda, zarda bilan “u Temurning oldida hech narsa bo‘lmagan!” degan edi.

Bir shaxsga baho berish uchun uni boshqa shaxs bilan qiyoslash to‘g‘ri xulosalar keltirib chiqarmaydi: hamma birday buyuk, birday kuchli bo‘la olmaydi, illo har kimning tarixda o‘z o‘rni bor. Shayboniyxon Temurchalik katta ishlar qilmagandir, lekin Temur ham Chingizxonchalik katta ishlar qilmagan. Qiyosning oxiri yo‘q. Chamamda, ba’zi tadqiqotchilar Shayboniyxon obrazini bo‘rttirib ko‘rsatish Bobur obraziga putur yetkazadi, degan xavotirda bo‘lsa kerak, zero Boburning ideallashtirilishi jarayonida Shayboniyxonning roli pasaytirilgan.

Biroq akademik tarixning vazifasi tarixiy ziddiyatlarda u yoki bu tarafda turish, kim haq, kim nohaq ekanini aniqlash emas; tarixchi har bir tomonning nuqtayi nazariga, qadriyatlariga, tarixda qoldirgan iziga xolis baho berib, xulosalar qila olishi lozim. O‘tmishdagi ikki dushman bugungi avlodlar uchun birday ahamiyatli bo‘lishi mumkin; qolaversa, birining “tosh bosishi” boshqasining ahamiyatini tushirmasligi kerak. Agar faqat “nisbatan ko‘p tosh bosadiganlar”ni qadrlaydigan bo‘lsak, o‘zbek adabiyotida Navoiydan boshqa hech kim qolmasligi kerak edi. Nega barcha shoirlarni birday o‘rgangan kabi barcha davlat arboblarini birday o‘rganish, xotirasini ardoqlash mumkin emas?

Men to‘xtalib o‘tmoqchi bo‘lganim keyingi argument Shayboniyxonning ko‘chmanchiligi va bosqinchiligidir. Ko‘chmanchilikka nisbatan stereotipik munosabat sovet tarixchiligidayoq shakllanib bo‘lgandi, lekin mustaqillikning dastlabki yillarida Islom Karimov buni mustahkamlab, norasmiy ravishda mustaqil O‘zbekiston tarixchiligining bosh paradigmasiga aylantirdi. Uning so‘zlarini keltiraman: “Biz o‘zbeklar ham o‘sha Attilaning avlodlari, vorislari emishmiz. Bu bilan faxrlanishimiz kerak ekan. Birinchidan, bunday o‘ta jiddiy xulosa chiqarishga hozircha hech qanday asos yoki zamin borligini hech kim isbot qilolmasa kerak. Ikkinchidan, bosqinchiga voris bo‘lish faxrli martaba emas, isnod-ku! Bu ig‘voga uchsak, erta Yevropa biz to‘g‘rimizda nima deydi? Bu gap qayerdan chiqdi, kimga kerak bu soxta obro‘?!”[6].

Ko‘chmanchilik bugungi fanda yovvoyilik yoki madaniyatsizlik emas, sivilizatsiyaning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinishini qo‘yaturaylik. Lekin ota-bobolarni qilgan ishiga, bosqinchi-bosqinchi emasligiga qarab tanlash milliy tarixning nima ekanini yaqqol ko‘rsatib beradigan fenomendir: kim bizga yoqsa, uni bobomiz deb tan olamiz, darsliklarimizga kiritamiz, haykallarini o‘rnatamiz, yoqmaganlarni unutishga harakat qilamiz. Milliy tarix akademik fandan uzoq, mualliflarining kayfiyatiga va ma’naviy prioritetlariga qarab ishlab chiqiladigan ideologik konstrukt ekanini mana shu yondashuvdan ham bilsa bo‘ladi.

“Chig‘atoy el meni o‘zbek demasun”

Biz yuqoriroqda esga olgan Semyonov “Istoriya narodov Uzbekistana”ning ikkinchi kitobida Shayboniyxon Movarounnahrni oson egallashini quyidagicha tushuntiradi: “Ko‘chmanchi o‘zbeklar musulmon edi va Temuriylar davlati aholisiga tushunarli tilda gapirardi. Ularning rahnamosi Shayboniyxon o‘sha paytdagi musulmon madaniyati saviyasidagi odam edi, ikki mahalliy til – forsiy va turkiyni mukammal bilardi, ma’rifat va fanni yaxshi ko‘ruvchi o‘qimishli inson edi”.

Oltin O‘rda va Chig‘atoy ulusi Chingizxon asos solgan mo‘g‘ul imperiyasining qismlari bo‘lib, qat’iy chegaralarga ega emas edi; ko‘p hollarda bu uluslarda mustaqil davlatlar hukm surgani bilan, xonlar, chingiziy shahzodalar u ulusdan bu ulusga o‘tib turar, bir-birining yeriga da’vogarlik qilar edi. Temur ham Chig‘atoy ulusi bilan cheklanmay, Oltin O‘rdani o‘z nazorati ostida tutib turishga uringan hamda boshqa mo‘g‘ul uluslariga da’vo qilgan: Xuroson, Eron, Iroq, Kavkazning Elxoniylar davlatiga qaragan keng hududlarini egallagan, to‘rtinchi mo‘g‘ul ulusi bo‘lmish Yuan Xitoyiga yurish chog‘ida vafot etgan.

Zamonaviy ilmiy qarashlardan kelib chiqib tushuntiradigan bo‘lsam, bu to‘rt ulus yagona dunyo-iqtisodiyotni tashkil qilgan va bir-biriga har jihatdan bog‘liq bo‘lgan. Ularning chegaralari biroz o‘zgarib turishi, unisidan bunisiga sulolalar, elita, hatto aholi ko‘chib o‘tishi odatiy hol bo‘lgan: Temur Oltin O‘rdaning bir bo‘lagi bo‘lmish Shimoliy Xorazmga chig‘atoy qabilalarini ko‘chirish siyosatini yuritgan; o‘zbek xonlari Shayboniyxondan ancha oldin Toshkent va Sirdaryo bo‘yidagi shaharlar ustidan nazorat o‘rnatgan.

Shayboniyxon ham tipik ko‘chmanchi aristokratiya vakili edi: bir yerda hokimiyatni qo‘ldan boy bergach, buyuk bobosining (Chingizxonning) merosi tarkibiga kiruvchi boshqa mintaqada baxtini qidirgan. Esingizda bo‘lsa, undan 265 yil oldin Jaloliddin Mangburni shu ishni qilgan – Movarounnahr va Xorazm qo‘ldan chiqqach, Eron va Iroqda o‘z davlatini tuzishga uringan edi.

Qolaversa, ikki ulusning turkiy tilli aholisi kelib chiqishi, tili va madaniyati jihatidan yaqin bo‘lgan: bir tilda gapirgan, bir dinga e’tiqod qilgan, bir xil qabilalardan iborat bo‘lgan. Alisher Navoiy o‘zining mashhur misralarida Xitoydan Xurosongacha yashovchi aholini yagona turk eli deb bilishini ta’kidlab o‘tadi:

Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,

Muayyan turk ulusi xud meningdur.

Olibmen taxti farmonimg‘a oson

Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.

Shayboniyxonning chig‘atoylarga mashhur murojaati uning uchun etnik tafovut bo‘lmaganidan dalolat beradi:

Chig‘atoy el meni o‘zbek demasun,

Behuda fikr qilib, g‘am yemasun.

Shayboniyxonning Turkiyada nashr etilgan devoni

XIV–XVI asrlarda o‘zbek, chig‘atoy kabi o‘zliklar siyosiy xarakterga ega bo‘lib, qabilaviy ittifoq deb tushunilgan, qabilalar bir ittifoqdan boshqasiga oson qo‘shilib ketavergan, bir-birini etnik tomondan farqlab, ajratmagan. Bobur Ismoil Safaviy bilan ittifoqlikda Movarounnahrga kirib kelib, shialik tartiblarini o‘rnata boshlaganida chig‘atoy va mo‘g‘ul qabilalari yoppasiga o‘zbeklar tomoniga o‘tib ketganini, keyingi yillarda esa o‘zbeklarning qabilaviy iyerarxiyasiga kirib ketganini esga olaylik. Xorazm aholisi shialarga qarshi kurashda rahbarlik qilishlari uchun Shayboniylarning boshqa tarmog‘idan bo‘lmish chingiziy shahzodalar Elbars va Beybarsni o‘zlari chaqirib olgan edi. O‘zbeklar, chig‘atoylar va mo‘g‘ullar birlashib qizilboshlarga kurash olib borishi asnosida ular yagona o‘zbek xalqiga birlashgan va bugungi o‘zbek siyosiy millatining tamal toshini qo‘ygan edi.

Shayboniyxon yurishlarining qanday ahamiyati bor?

Safaviylarga qarshi urushlar

Baxtiyor Alimjanovning Shayboniyxonning faoliyati Markaziy Osiyoda yangi davrni boshlab bergani, u o‘rnatgan tizim XX asr boshlarigacha saqlangani borasidagi xulosalariga qo‘shilaman. Bunga qo‘shimcha ravishda aytishim mumkinki, Shayboniyxon hamda uning Dashti Qipchoqdagi raqiblari – qozoq xonlari boshlab bergan jarayonlar yana ikki asrcha davom etib, Markaziy Osiyoning bugungi etnik, lisoniy, madaniy va siyosiy kartinasi shakllanishiga zamin yaratdi: o‘zbeklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar va qirg‘izlar shakllanib, bugungi geografiyalarida joylashdi, ularning tili va madaniyatidagi o‘ziga xoslik shakllana boshladi. Oldingi xalqlar – chig‘atoylar va mo‘g‘ullar siyosiy mavqeyini yo‘qotib, boshqa xalqlar, shu jumladan o‘zbeklar va qozoqlar tarkibiga qo‘shilib ketdi.

Ba’zida “o‘zbeklar bostirib kirmaganda ham hech narsa o‘zgarmasdi, faqat nomimiz boshqacha bo‘lardi” qabilidagi fikrlarni eshitib qolaman. Bunday ko‘z qarash rasmiy tarixda hukm surayotgan stereotiplardan ildizlanadi. Aytaylik, Ahmadali Asqarovning 2015 yilda chop etilgan “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomli kitobida yana o‘sha eski sovetcha gaplar takrorlanib, Shayboniy o‘zbeklarning roli pasaytirib ko‘rsatiladi, go‘yoki ular mintaqadagi etnik vaziyatga hech qanday ta’sir o‘tkazmaganday taassurot uyg‘otiladi [7]. Ammo tarixiy faktlar buning teskarisini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, xalqni shakllantirishda o‘zlik, nom juda muhim o‘rin tutadi. O‘zlikni tashkil etuvchi etnonim yoki politonim, uning ortida turgan tarixiy va ma’naviy kapital millatni birlashtirishda til yoki madaniyatdan ustunroq omildir. Bir tilda gapiruvchi moldavan va ruminlar bir-birini boshqa-boshqa millatlar hisoblaydi, lekin har xil tilda gapiruvchi xitoylar o‘zini yagona millat deb biladi; bir tilda gapiruvchi xorvatlar, serblar, boshnoqlar o‘zaro qirg‘inbarot urushlar girdobida qolgan bir paytda turli etnoslar birlashuvidan tashkil topgan nemislar, fransuzlar va italyanlar dunyoni boshqarib keldi.

Shayboniylarning o‘zbek tarixidagi o‘rnini ko‘rsatuvchi bir fakt bor. Xorazm viloyati uzoq tarixi mobaynida ko‘pincha alohida siyosiy va madaniy birlik bo‘lib kelgan; XVI asr boshlarida ham Xorazmda, ham Movarounnahrda o‘zaro qarindosh o‘zbek sulolalari iqtidorga kelishi tufayli ularning o‘zligi umumiylashgan, ularning negizida yagona millat shakllanishiga poydevor qo‘yilgan. Buni yaxshi tushungan mashhur amerikalik o‘zbekshunos Eduard Ollvort o‘zbek xalqi va davlati tarixini O‘zbekxondan va Abulxayrxondan boshlaydi [8].

Ikkinchidan, Temuriylar davlatida turkiy tilli chig‘atoylar aholining ko‘pchiligini tashkil qilmagan: shaharlarda, o‘troq tumanlarda, ayniqsa Xurosonda aksariyat fors tilida gapirgan. Chig‘atoylar asosan Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Balx va Tolukondagi yaylovlarni egallagan. 

Ba’zi viloyatlarda, masalan, Farg‘ona vodiysining sharqiy qismi, Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimi, shuningdek, Temuriylar va Oltin O‘rda o‘rtasidagi bahsli hudud bo‘lmish Xorazmda turkiy til ustunlik qilgan.

“Boburnoma”da keltirilgan Farg‘ona viloyati ta’rifiga e’tibor bering: muallif viloyat “yetti pora qasaba”ga, ya’ni yetti tumanga bo‘linishini aytadi va shulardan faqat Andijonning aholisini turk deb ta’riflaydi [9]. Andijondan tashqari, yirik shaharlardan Toshkent va Qarshida nisbatan ko‘p turkiy tilli aholi yashagan; Samarqand, Balx va Hirotda chig‘atoylar faqat aristokratiya va harbiylarni tashkil qilgan.

Hisob-kitoblarga qaraganda, Shayboniyxon hamda uning qarindoshlari bilan birgalikda mintaqaga 370 ming odam kirib kelgan; XVI–XVIII asrlarda yana bir necha migratsiya ro‘y bergan. Qolaversa, yuqorida aytganimdek, ko‘p chig‘atoy va mo‘g‘ul qabilalari o‘zbeklar bilan birlashgan. Bu jarayonlar natijasida Movarounnahr va Farg‘onada, Xurosonning shimoliy viloyatlarida turkiy tilli aholi – o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil eta boshlagan. Aynan o‘zbeklarning faol migratsiyasi natijasida turkiy til yaylovlardan shaharlarga ko‘chgan – Marg‘ilon, Jizzax, Shahrisabz, Shibirg‘on, Maymana kabi shaharlar XVI–XVII asrlarda turkiy tilga o‘tgan; bundan tashqari, o‘zbeklar Qo‘qon, Kattaqo‘rg‘on, Shahrixon, Urganch singari shaharlarni bunyod etgan.

O‘zbekiston xaritasiga qarasangiz, o‘zbek qabilalari nomiga atalgan yuzlab, balki minglab katta-kichik qishloqni uchratasiz: Farg‘onadan Xorazmgacha qo‘shtamg‘ali, qo‘ng‘irot, yuz, qang‘li, mang‘it, pichoqchi, baliqchi, ayronchi, uyrot, kenagas, to‘ja, qarapchi, chag‘ali, tug‘ali, qatag‘on, olqor, do‘rmon, ming, bahrin, saroy, qipchoq, darxon, sirgali, ko‘kcha, uyshin, jaloyir kabi nomlar sochilib yotibdi. O‘zbeklarning yirik guruhlari shaharlashib, qarluq va o‘g‘uz shevalariga o‘tib ketganiga qaramay, haligacha qipchoq shevalari Farg‘ona, Xorazm, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent kabi viloyatlarda nihoyatda keng tarqalgan. Sovet o‘zbek etnografi Balqis Qarmisheva XX asr boshlarida Buxoro amirligining janubiy viloyatlarida kelib chiqishi Dashti Qipchoqqa borib taqaluvchi o‘zbeklar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etishini aniqlagan edi [10]. Shu dalillarning o‘ziyoq o‘zbeklar Movarounnahr, Xorazm va Farg‘onaga ne qadar katta oqim bo‘lib kirib kelganini ko‘rsatadi.

Shayboniyxon boshlagan ishini yakuniga yetkaza olmay, 1510 yilda Ismoil Safaviyga qarshi jangda halok bo‘lgan. Uning farzandlari, amakilari va jiyanlari tez orada birlashib, G‘ijduvon jangida Bobur – Safaviy koalitsiyasi ustidan g‘alaba qozongan va Movarounnahrda uzil-kesil o‘z hokimiyatini o‘rnatgan. Aytish kerakki, ular tuzgan davlat – Buxoro xonligi ancha qudratli, barqaror va mustahkam edi; Shayboniylar Usmonlilar, Safaviylar va Boburiylar qatorida musulmon dunyosini bo‘lib olgan to‘rt yirik kuchdan biri hisoblanardi. Shayboniyxondan keyin hukm surgan xonlar – amakilari Suyunchxo‘jaxon va Ko‘chkunchixon, jiyani Ubaydullaxon va uning o‘g‘li Abdulazizxon yirik davlat arboblari edi. Ularning faoliyatini o‘rgansangiz, ular mamlakatni shia ekspansiyasidan saqlab qolganini, hududlarini kengaytirib borganini, iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazib, davlatni mustahkamlaganini ko‘rasiz. Ularning har biri alohida tadqiqotlarga muhtoj, o‘rganilmay qolib ketayotgan yirik tarixiy shaxslardir. Ayniqsa Ubaydullaxonni alohida urg‘ulagan bo‘lardim: 25 yoshida qizilboshlar ustidan g‘alaba qozonib, g‘oziyga, yoshligidayoq xalq qahramoniga aylangan bu arbobning o‘zbek tarixidagi roli haligacha yetarli baholanmay kelmoqda.

Buxoro xonligida Abdulazizxonning vafotidan so‘ng boshlangan beqarorlik, turli chamalarga qaraganda, 10–20 yil (Temuriylardagidan kamroq) davom etgan. 1560–1570-yillarda oxirgi buyuk Shayboniy – Abdullaxon II yana mamlakatni birlashtirib, 20–30 yillik barqarorlik o‘rnatgan. Uning davrida Buxoro xonligi maksimal qudratga erishgan.

Abdullaxon II

Sanab o‘tilgan Shayboniy hukmdorlar, siyosiy va harbiy faoliyatdan tashqari, fan va madaniyatga homiylik qilgan. Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdulazizxon dilbar she’rlar yozgan, Ko‘chkunchixon tarjimonlikni rag‘batlantirgan; Shayboniylar davrida turkiy tilda tarixiy solnomalar yozila boshlangan. Qarshi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Xivadagi tarixiy yodgorliklarning ham aksariyati Temuriylar davrida emas, Shayboniylar hamda ulardan keyingi o‘zbek sulolalarining buyurtmasiga binoan qurilgan.

Xullas, Shayboniylar sulolasi ancha qudratli, katta va barqaror davlat yaratib, bir asr davomida mintaqaning iqtisodiy, madaniy va siyosiy o‘sishini ta’minlagan. Ularning davrida fan va madaniyat rivojlangan. G‘arbdan iqtisodiy, texnik va madaniy tomondan ortda qolish keyingi asrlarda ko‘zga tashlana boshlagan va umuman musulmon olamiga xos hodisadir. Bu – alohida va juda katta mavzu.

Lekin Shayboniylarning asosiy xizmati o‘zbek xalqi va davlatining tamal toshini qo‘ygani, mintaqadagi etnik va siyosiy vaziyatni o‘zgartirib yuborganidir. Ular ko‘p jihatdan bugunimizni, mintaqa xalqlarining joriy madaniy va etnik qiyofasini belgilab bergan suloladir.

Samarqanddagi Shayboniylar dahmasi, XX asr boshlaridagi foto

Dunyoda qanday?

Jahon fani O‘zbekiston akademiyasida hukmron pozitsiyada turgan konsepsiyani asosli deb hisoblamaydi. O‘zbek davlatchiligini So‘g‘diyona-yu Baqtriyaga bog‘lashni, Shayboniylar va o‘zbek xonliklarining rolini inkor qilishni dunyo olimlari siyosiy kon’yunktura mevasi deb biladi. Ingliz tilidagi tadqiqotlarda, zamonaviy antropologik nazariyalarga asoslangan rus tilli matnlarda mutlaqo boshqacha yondashuvni uchratasiz.

Shayboniyxonning qabr toshi, Sankt-Peterburgdagi Ermitraj muzeyi

Ilgariroq Ollvortning qarashlariga to‘xtalib o‘tdim. YuNeSKO shafeligida tayyorlangan fundamental tadqiqot – History of Civilizations of Central Asia kitobining XVI–XIX asrlar tarixiga bag‘ishlangan beshinchi jildida ham shunga yaqin yondashuvni uchratasiz [11].

Hozirgi kunda qo‘shni Qozog‘iston tarixchilari o‘z metodikasini jahon akademiyasiga moslashga urinib, qozoq davlatchiligi tarixini XV asrdan – Qozoq xonligidan boshlamoqda. 2015 yilda Qozog‘istonda Qozoq xonligining 550 yilligi nishonlandi. Boshqa sohalarda bo‘lganidek, tarixchilikda ham ulardan o‘rganadigan narsalarimiz bor.

Shayboniylar dahmasining bugungi ko‘rinishi

Xulosa o‘rnida. Shayboniylar bugungi O‘zbekistonga nima bera oladi?

Uzuq-yuluq fikrlarimni erinmay o‘qib, oxirgi bandga yetib kelgan o‘quvchilarga minnatdorlik bildiraman. Yuqorida Shayboniyxonga bepisandlik o‘zbek fani va adabiyotida sovet davrida shakllanib qolgan, tarixiy xotiraga aloqador bo‘lmagan stereotipik qarash ekanini ko‘rsatishga intildim. Biror shubha qolgan bo‘lsa, erinmay XVI–XIX manbalarini ko‘zdan kechiring: u kezlari o‘tmish hozirgidan tamomila boshqacha tushunilgani, tarixiy shaxslar va qahramonlar boshqa bo‘lgani, Chingizxon, Abulxayrxon, Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II yanglig‘ arboblar rasmiy panteonni tashkil qilganini ko‘rasiz.

Mabodo buni siyosiy buyurtma, saroy tarixchiligi deb o‘ylaydigan bo‘lsangiz, xalq og‘zaki ijodiga murojaat eting. Folklorist Xodi Zarif baxshi Po‘lkan shoirdan yozib olib, 1928 yilda nashr ettirgan “Shayboniyxon sarguzashti” nomli xalq dostonida Shayboniyxon bosh qahramon, antagonist esa Bobur rolida gavdalantirilgan. “O‘zbek adabiyoti tarixi” fundamental tadqiqotining birinchi kitobini yozgan adabiyotshunos Natan Mallayev xalq xotirasidagi Shayboniyxon va Bobur obrazlari rasmiy tarixchilikka mos kelmaganini tushuntirishga urinib, dostondagi bu obrazlar real tarixiy shaxslarga aloqasi yo‘q, degan xulosa chiqaradi [12]. Ammo uning xulosasi zo‘rma-zo‘raki ekani ko‘rinib turibdi.

Shunday ekan, Shayboniyxonning tarixiy roli tan olinishi avvalo rasmiy tarix xalq xotirasiga muvofiq kelishiga olib keladi. Bundan tashqari, sovet tarixchiligining ideologik klishelaridan voz kechilib, rasmiy paradigma akademik pozitsiyaga, tarixiy haqiqatga, dunyo fanidagi tendensiyalarga maksimal darajada yaqinlashishi ta’minlanadi.

Sovetlar davrida qo‘shni respublikalar bilan “tarix talashuvi” asnosida o‘zbek ziyolilari o‘z o‘tmishini qadimiylashtirib, bu yerlarga haq-huquqi borligini ko‘rsatishga uringan. Hozirgi kunda bunga ehtiyoj yo‘q – ilm-fan ham, xalqaro siyosat ham qadimiylikni ahamiyatli omil deb hisoblamaydi. Biror davlat besh yuz yil oldin tuzilgan bo‘lsin, yuz yil oldin tuzilgan bo‘lsin, jahon hamjamiyati ko‘zi oldida o‘z yerlariga to‘la huquqlidir.

Aksincha, oxirgi besh yuz yillik tarixga e’tibor qaratilishi bugungi kunning yaxshiroq tushunilishiga, bugungi muammolarning ildizlari aniqlanishiga olib keladi. O‘zbek tarixchiligi ko‘p jihatdan olis o‘tmish oshuftasi bo‘lib qolmoqda. To‘g‘ri, yozma manbalar kamligi tufayli mavhum, bugungi kunga o‘xshamaydigan va tushunarsiz uzoq o‘tmish o‘ziga xos romantika ruhiga yo‘g‘rilgan. Lekin bugungi kun uchun oxirgi asrlar tarixi muhimroqdir, zero u bugun bilan uzviy bog‘liqdir. Yangi tarixga kam e’tibor qaratilayotgani tarixchilik jamiyat uchun foydasiz, mavhum gumanitar fan bo‘lib qolayotganining sabablaridan biridir.

Xonliklar davri jiddiyroq, xolisroq o‘rganilsa, qop-qora, zulmat davr bo‘lmagani anglashiladi. XVI–XIX asrlardagi tarix juda qiziqarli va voqealarga boy; bu davrning baland-pasti yetarli, albatta, ammo qator jiddiy madaniy va siyosiy yutuqlarga ham erishilgan. Qolaversa, yutqiziqlarni, haqiqiy qora bosqichlarni o‘rganish ham bugunni yaxshiroq tushunish uchun foydalidir. O‘zbek xonliklarini o‘rgangan o‘zbek o‘zini yaxshiroq tushunadi.

Xonliklar davri bo‘m-bo‘sh emasligi anglashilgach, u chog‘larda yashagan shaxslarga munosabat ham o‘zgaradi. Shayboniyxon qatorida Ko‘chkunchixon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II, Elbarsxon, Beybarsxon, Umarxon, Imomqulixon singari tom ma’noda yirik shaxslar o‘tgani ma’lum bo‘ladi. Ularning merosini o‘rganish o‘n yilliklar davom etib, butun boshli yangi olimlar avlodi yetishib chiqishiga zamin yaratadi. Tarixning yangicha talqinlari o‘rtaga chiqadi.

Bu, o‘z navbatida, milliy tarix shaxslari panteonini yanada boyitadi. Faqat Amir Temur va Jaloliddin Mangburnidan iborat siyosiy arboblar ro‘yxati o‘tmishning boyligini va buyukligini ko‘rsatish uchun kamlik qiladi, menimcha. O‘zbek siyosiy tarixi jiddiyroq tadqiqotlarga muhtojdir.

Nihoyat, o‘zbek degan nomning qadri oshadi. Har bir xalqning, davlatning nomi uning ma’naviyat kapitalini, ramziy boyligini tashkil qiladi. Ruslar rusligidan, qirg‘izlar qirg‘izligidan faxrlanadi. O‘zbeklarga ham o‘zbekligidan faxrlanish o‘rgatiladi, lekin tarixga kelganda, bu nom qadrini yo‘qotadi: milliy tarix “bizning asl nomimiz boshqa, bu nom besh yuz yil oldin adashib kelib qolgan, tasodifan birikib qolgan” deb uqtiradi. Tarixga yondashuv o‘zgarishi bilan bunday qarashlar barham topib, bu etnonim besh yuz yillik asosga ega ekani, uning ortida salmoqli ramziy kapital borligi ma’lum bo‘ladi.

Asanov Eldar

 

[1] Ocherki po istorii gosudarstvennosti Uzbekistana. – Tashkent: “Sharq”, 2001, S. 97.

[2] O‘zbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob. Turkiston Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. – Toshkent: “Sharq”, 2000, B. 26, 52–53.

[3] O‘sha manba, B. 26.

[4] Sergey Abashin. Ethnogenesis and Historiography: Historical Narratives for Central Asia in the 1940s and 1950s / An Empire of Others. Creating Ethnographic Knowledge in Imperial Russia and the USSR. Budapest – New York, Central European University Press, 2014, pp. 145–170.

[5] Istoriya narodov Uzbekistana. Tom 2. – Tashkent: Izd. An UzSSR, 1947, S. 21–41.

[6] Islom Karimov. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q // "Muloqot" jurnalining 1998 yil 5-soni.

[7] Asqarov A. O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2015.

[8] Allworth E.A. The Modern Uzbeks. From the Fourteenth Century to the Present. Stanford, Hoover Institution Press, 1990.

[9] Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – Toshkent: O‘zSSR FA nashriyoti, 1960. 59–63.

[10] Karmysheva B. Ocherki etnicheskoy istorii yujnyx rayonov Tadjikistana i Uzbekistana. – Moskva: “Nauka”, 1976, S. 86.

[11] History of Civilizations of Central Asia. Volume V. Turin, UNESCO Publishing, 2003.

[12] Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi. Birinchi kitob. – Toshkent: “O‘qituvchi”, 1965. B. 632–633.

Mavzuga oid