O‘zbekiston | 18:43 / 06.10.2021
7621
3 daqiqa o‘qiladi

Boysunda yana suv quvuri yorilgan. Kuniga 140 tonnadan ortiq ichimlik suvi isrof bo‘lyapti

Bir yil avval «Boysun tumanida uch kun ichida 7,5 mln so‘m ariqqa oqib ketyapti» sarlavhali lavha e'lon qilingandi. O‘shanda muammo bartaraf etilgani haqida munosabat ham berilgandi.

Xizmat safari bilan Surxondaryoda bo‘lganimizda, xuddi o‘sha joy – Darband va Dahnaijom mahallalari hududida yana quvur yorilgani, toza ichimlik suvi ariqqa oqib ketayotganiga guvoh bo‘ldik.

O‘zi hozir O‘zbekistonda toza ichimlik suvi «otliqqa yo‘q». Masalan, Samarqand viloyati Narpay tumanida aksariyat aholi toza ichimlik suvini pulga sotib olib ichadi. Narpayda bir tonna suv 30 ming so‘m.

Boysundagi yorilgan quvurdan qancha miqdorda suv oqib ketayotgani va bir sutkada necha tonna suv isrof bo‘layotgani aniq emas, ammo chamalab ko‘rish mumkin. Quvur yorig‘idan kichikroq artezian bosimiga teng suv oqib ketyapti. Oddiy jumrakdan 1 daqiqa-yu 52 soniyada 10 litr suv oqib ketadi (isboti videoda bor). Boysundagi quvurdan bir vaqtning o‘zida kamida 15 ta jumrak suvi oqib, isrof bo‘lyapti.

Demak, ushbu quvur yorig‘idan bir daqiqada 150 litr, bir soatda 6 tonna, bir sutkada 144 tonnadan ortiq toza ichimlik suvi isrof bo‘lyapti. Agar bu miqdorni bugungi kunda Narpay tumani misolida so‘mga aylantirsak, 10 kunda 43 mln 200 ming so‘mlik toza suv isrof bo‘lyapti. Bu raqamlarni bir oy yoki undan ko‘p miqdorga ham ko‘paytirish mumkin. Chunki mazkur quvur qachon yorilgani haqida aniq ma'lumot yo‘q.

Ma'lum bo‘lishicha, bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 44,6 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanmagan. Viloyatda 2021-2023 yillar davomida 138 million dollarlik loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilyapti. Natijada viloyatning o‘ndan ortiq tumanlarida aholining suv ta'minoti bilan bog‘liq muammolariga yechim topilishi aytilgan.

O‘sha 138 million dollardan biror dollarini Boysundagi teshilib charchamagan quvurni yamashga ham ishlatishadi deb umid qilamiz.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid