Jahon | 16:08 / 06.10.2021
3847
2 daqiqa o‘qiladi

Energiya narxi oshgani bois Yevropadagi korxonalar faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda

Buyuk Britaniyadagi Energy Intensive Users Group (EIUG) birlashmasi hukumatga murojaat qilib, o‘sib borayotgan narxlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Foto: Hasan Esen/Anadolu Agency via Getty Images

Elektr energiyasi va gaz narxi oshayotgani sababli Yevropadagi korxonalar faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda, deb xabar berdi Bloomberg.

Germaniyadagi ammiak ishlab chiqaruvchi SKW Stickstoffwerke Piesteritz GmbH kompaniyasi gaz narxi oshib ketgani bois ishlab chiqarishni 20 foizga qisqartirishini ma'lum qildi.

«Bunday darajadagi narxlarda ammiak ishlab chiqarishdan ma'no yo‘q. Agar hukumat aralashmasa, ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi kompaniya bosh direktori Petr Tsingr.

Buyuk Britaniyadagi Energy Intensive Users Group (EIUG) birlashmasi hukumatga murojaat qilib, o‘sib borayotgan narxlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Aks holda korxonalar qishga borib yopiladi, deb ogohlantirdi EIUG vakillari.

O‘tgan oyda AQShning o‘g‘it ishlab chiqaruvchi CF Industries Holding Inc kompaniyasi Buyuk Britaniyadagi ikkita zavodi faoliyatini to‘xtatgandi.

Avstriya va Norvegiyadagi Borealis AG va Yara International ASA kimyo kompaniyalari ham ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga qaror qildi.

Avvalroq Yevropada ming kub metr gazning birja narxi 1900 dollardan oshib, rekord ko‘rsatkich qayd etilgani xabar qilingandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid