Jahon | 23:27 / 06.10.2021
9468
3 daqiqa o‘qiladi

Eron Ozarboyjon boshqa davlatlar bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazayotganini qoraladi

Tehronda Ozarboyjonning boshqa davlatlar ishtirokida o‘tkazayotgan harbiy mashg‘ulotlari ig‘vogar harakatlar deb baholanmoqda. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon ma'lum qildi.

“Ozarboyjon turli davlatlar bilan 6 ta mashg‘ulot o‘tkazdi – bu albatta ig‘vogar harakatlardir, biroq bu har bir davlatning qaroriga bog‘liq”, deb aytgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv natijalariga ko‘ra o‘tkazilgan matbuot anjumanida Abdullohiyon.

Uning aytishicha, bu mashg‘ulotlarning faollashuvi “mintaqaga yaxshi kayfiyat bermaydi”.

“Eron oxirgi vaqtda bir nechta mashg‘ulotlar o‘tkazdi, biroq diplomatik kanallar orqali bu haqida mintaqaning barcha davlatlarini xabardor qilganmiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Abdullohiyon va bu mashg‘ulotlardan maqsad “mintaqaga tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni eltish” bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.  

O‘z navbatida, Sergey Lavrov Rossiya mintaqada harbiy faollik ortishiga qarshi ekanini aytgan. “Biz bu yerda harbiy faollik ortishi, biror mashg‘ulotlar ig‘vogar ko‘rinishga ega bo‘lishiga qarshimiz. Shuningdek, Ozarboyjon ham eronlik do‘stlarimiz yaqinda chegarada o‘tkazgan mashg‘ulotlardan xavotir bildirdi”, deb aytgan Rossiya tashqi ishlar vaziri.

“Kaspiy masalasi va xorijiy davlatlarning Kaspiy mintaqasi ishlariga aralashishga zamin tayyorlayotganiga kelsak, biz do‘stlarimizga Kaspiy maqomi haqidagi konvensiya kuchga kirishini ta'minlash zarurligini bir necha marta ta'kidladik. Bu hujjat Kaspiy dengizida ushbu mintaqaga kirmaydigan har qanday davlat harbiy kuchlarining bo‘lishini taqiqlaydi”, deb aytgan Lavrov.

U konvensiya oxirgi ratifikatsion yorliq, ya'ni kelishuv davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganini tasdiqlovchi hujjat olingandagina kuchga kirishini eslatib o‘tgan.

“Hozirda ushbu masala Eron parlamentida ko‘rib chiqilmoqda. Umid qilamanki, ratifikatsiya haqidagi qaror tez orada qabul qilinadi va o‘shanda konvensiya Kaspiydagi tegishli tartibni ta'minlovchi xalqaro-huquqiy hujjatga aylanadi”, deb aytgan Rossiya vakili.

Eron 1 oktyabrda Ozarboyjon bilan chegarada zirhli tank qismlari, artilleriya, dronlar va jangovar vertolyotlar qo‘llagan holda harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Bu mashg‘ulotlar oldidan Tehron Ozarboyjonni Isroil bilan hamkorlik qilishda ayblagan. O‘z navbatida, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Eronning chegaradagi harbiy mashg‘ulotlaridan xavotir bildirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid