Alisher Qodirov Xorazmda saylovchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda aytilgan eng muhim fikrlar qisqa tezislarda
7 oktabr kuni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov Xorazm viloyatida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Partiya matbuot xizmati Qodirovning saylovoldi uchrashuvi davomida aytgan fikrlarini qisqa tezis shaklida taqdim etdi.
Nomzodlarga bosim yo‘qligi haqida
Uchrashuv davomida Alisher Qodirov xorazmlik saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirar ekan, bugun prezidentlikka nomzodlarga targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun bir xil va teng sharoitlar yaratilganini ta'kidladi.
«Bugungi O‘zbekistonda saylovni yuqori darajada o‘tkazishga so‘nggi yillarda tubdan o‘zgargan hokimiyatning bosimi emas, saylovchining loqaydligi yoki siyosiy tafakkurining zaifligi xalaqit berishi mumkin», – dedi u.
«Halollikni farzandlarimiz tarbiyasiga singdirishimiz kerak»
Prezidentlikka nomzod mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash haqida gapirar ekan, unga qarshi kurashni, avvalo, oilada. Farzandlar tarbiyasidan boshlash kerakligini ta'kidladi.
«Korrupsiya bilan kurashyapmiz, lekin tamagir ong ostini jazo bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Halollikni avvalo oilada, so‘ngra bog‘chada farzandlarimiz tarbiyasiga singdirib yuborilishi kerak», – dedi Qodirov.
«Iqtisodiy rivojlanish uchun qadriyatlar qurbon qilinmasligi kerak»
Nomzodning fikricha, tajriba qadriyatlarini, madaniyatni va ibratli an'analarini unutgan jamiyatlar to‘la baxtli bo‘la olmayotganini ko‘rsatmoqda.
«Shu boisdan iqtisodiy rivojlanish uchun qadriyatlar qurbon qilinmasligi kerak», – ta'kidladi u.
«Mashhur oliygohlar talabalarining ixtirolaridan katta daromad ko‘radi»
Alisher Qodirovga ko‘ra, dunyodagi mashhur oliy ta'lim muassasalari chiqarayotgan talabalarining ixtirolaridan katta daromad ko‘radi, malakali mutaxassislar yetishtirib obro‘ qozonadi. Bu tajribani esa O‘zbekistondagi OTMlarga ham olib kirish vaqti allaqachon kelgan.
«Oliy ta'lim dargohi yoshlarni tarbiya qiladigan emas, mamlakat taraqqiyoti uchun tashabbuslar, g‘oyalar va malakali mutaxassislar yetkazib beradigan joy bo‘lishi kerak», – deydi nomzod.
«Kinoindustriya kuchli mafkura, targ‘ibot qurolidir»
«Milliy tiklanish» partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod saylovchilar bilan uchrashuvi davomida mamlakatda san'at, jumladan, kino haqida ham fikrlarini bildirdi.
«Kinoindustriya bu tadbirkorlik, moliyaviy foyda manbai emas. Bu kuchli mafkura, kuchli targ‘ibot qurolidir. Milliy kinolarimizni o‘zligimizni, ma'naviyatimiz va qadriyatlarimizni butun dunyoga ko‘rsatib beradigan targ‘ibot mashinasiga aylantirishimiz kerak», – deydi u.
Qodirov ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga bildiriladigan tanqidlar haqida
Saylovchilar bilan uchrashuv davomida Alisher Qodirovga ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga nisbatan bildiriladigan tanqidiy fikrlar borasida savol berildi.
Nomzodga ko‘ra, bu tanqidiy fikrlar tarmoq foydalanuvchilarining asosiy fikr qolib, «ikkinchi darajali» izohlarga og‘ib ketishi natijasidir.
«Ijtimoiy tarmoq bugunning ham foydali, ham xavfli quroliga aylandi. Asosiy fikr va takliflar chetda qolib, teskari talqin qilingan fikrlar, mavhum akkauntlardan uyushtirilgan munosabatlar, maxsus botlar, odamlarning g‘azabini keltiradigan provokatsion kontekstlar menga nisbatan negativ munosabatlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda», – deydi u savolga javoban.
Alisher Qodirovning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
Mavzuga oid
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024