O‘zbekiston | 19:56 / 08.10.2021
5092
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zsanoatqurilishbankda Turkiyaning Maltepe universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Joriy yilning 7 oktabr kuni O‘zsanoatqurilishbankda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi Saxi Annaklichev Turkiyaning Maltepe universiteti rektori, doktor Shaxin Karasar boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda turkiyalik mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta'lim sohasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi. Bu borada xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikning kengayib borayotgani nainki o‘zbekistonlik yoshlar, balki iqtisodiyotni, xususan, kichik va o‘rta biznes uchun ham ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Ta'kidlanganidek, mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilar ekan, bunda ilm-fanga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining shu yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, mazkur farmon ijrosi doirasida shu yil 21 avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank va Maltepe universiteti o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida mazkur universitet filialini ochish bo‘yicha memorandum imzolangan edi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Uchrashuvda turkiyalik mutaxassislarga qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, xususan, yuqori malakali tarmoq mutaxassislarini tayyorlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. O‘z navbatida mehmonlar O‘zbekistonda soha imkoniyatlarga yuqori baho berarkan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini mamlakatimiz yoshlari va boshqa barcha manfaatdor tomonlar bilan bo‘lishishga tayyorligini ma'lum qildi.

Qayd etish kerak, Turkiya yuqori sifatli beton va temir-beton ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan yangi avlod kimyoviy qo‘shimchalari va plomba moddalarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi ekanligini hisobga olib, Maltepa universiteti ta'lim dasturlari doirasida tegishli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ish olib boradi.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Ma'lumot uchun. Maltepe universiteti xususiy oliy ta'lim muassasasi bo‘lib, u 1997 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida “Istanbul ta'lim fondi” tomonidan tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu oliygohda ta'limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

O‘zsanoatqurilishbank Bank Axborot xizmati

Mavzuga oid