Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiyadagi saylovlar: «Pandora hujjatlari»da fosh etilgan Babish bosh vazirlikdan ketadi
Chexiyada parlament saylovlari yakunlandi. Uning natijalariga ko‘ra, 67 yoshli bosh vazir Andrey Babish rahbarlik qiluvchi ANO harakati («Norozi fuqarolar aksiyasi») parlamentdagi ustunlikni yo‘qotdi. Kommunistlar esa Ikkinchi jahon urushi davridan buyon ilk marta parlamentga o‘ta olmadi. Yangi hukumat muxolifatchi koalitsiya tomonidan shakllantiriladi.
Andrey Babish muxolifatni g‘alaba bilan tabrikladi va agar prezident bu haqda so‘rasa, yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokaralarga rahbarlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi.
Ovozlarni hisoblash natijalariga ko‘ra, ANO 27,14 foiz ovoz to‘plagan.
Deputatlar palatasiga «Birgalikda» («Vmeste») koalitsiyasi birinchi o‘rin bilan o‘tgan (uning tarkibiga o‘ng qarashlarga ega Fuqarolik demokratik partiyasi, xristian demokratlar partiyasi va «An'anaviy farovonlik mas'uliyati 09» partiyasi kiradi). Bu koalitsiyaning natijasi - 27,78 foiz.
So‘l liberallarning Qaroqchilar partiyasi markazchilar harakati - «Keksalik va mustaqillik» hamda «Erkinlik va aniq demokratiya» partiyasi bilan tashkil qilgan koalitsiyasi ham parlamentga o‘tgan. Ular 15,6 foiz ovoz to‘plagan.
Kommunistik partiya 4 foizdan ortiqroq ovoz to‘pladi, ammo parlamentga kirish uchun zarur bo‘lgan 5 foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi.
Saylovda davomat 65,48 foizni tashkil etdi, bu 2017 yildagidan yaxshiroq, o‘shanda saylov uchastkalariga saylovchilarning 61 foizga yaqini kelgandi.
Andrey Babish yetakchiligidagi ANO harakati saylovoldi reytingida 22 partiya va birlashma ichida birinchi edi. Ammo, yakunda eng ko‘p ovozni, ustunlik juda minimal bo‘lsa-da, «Birgalikda» koalitsiyasi qo‘lga kiritdi.
Katta ehtimol bilan natijalarga Pandora Papers ham ta'sir ko‘rsatgan.
Katta siyosatga mamlakatda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashishini va'da qilgan holda qadam qo‘ygan Babish muqaddam biznes bilan shug‘ullangan. «Pandora» hujjatlari bo‘yicha 2009 yilda u Britaniyaning Virjiniya orollarida Blakey Finance Limited kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazgan. U boshqa kompaniyalarga 15 million yevro miqdorida kredit ajratgan, bu pullar evaziga Babish Fransiyaning Tulona shahridan ko‘chmas mulk sotib olgan. Babish deklaratsiyalarida qasr va Fransiyada yana boshqa villalari borligini bildirgan. Biroq u deklaratsiyalarda Blakey Finance Limited ofshorini keltirmagan, shu sababli 15 million yevroning qayerdan kelib qolgani hanuz noma'lum edi. Babish «Pandora hujjatlari» e'lon qilinganidan keyin ayblovlarni rad etib, bu saylovlar arafasida uni obro‘sizlantirish uchun amalga oshirilgan harakat ekanini aytdi va bu pullar Chexiyadagi biznesi mahsuli ekani va ular uchun davlatga soliqlarni to‘laganini ma'lum qildi.
Chexiya prezidenti Milosh Zeman g‘olib bo‘lgan koalitsiyaga yangi hukumat shakllantirish bo‘yicha topshiriq berdi. Saylovlar arafasida u ANO va uning rahbari Andrey Babishni qo‘llab-quvvatlashini yashirmagandi, ammo harakat hukumatni yolg‘iz o‘zi shakllantirishga imkon beradigan parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotdi.
«Birgalikda» koalitsiyasi va Qaroqchilar partiyasining markazchilar bilan tuzgan koalitsiyasi alyans shakllantirgan holda 200 o‘rinli parlamentda ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin.
Muxolifat Babish bilan hamkorlikda ishlashdan bosh tortgan, ular uning biznesi manfaatlar to‘qnashuviga olib keladi, deb hisoblashgan.
Agrofert holdingi asoschisi Andrey Babish siyosatga 2011 yilda kirib kelgan. Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha ayblovlardan qochish maqsadida u 2017 yilda Agrofert konsernini ishonchli fondga topshirgan. Ammo Yevrokomissiya ham Babish faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi alomatlarini ko‘radi, chunki u bosh vazir sifatida YeI tomonidan Agrofert konserniga subsidiyalar ajratilishiga ta'sir ko‘rsatgan.
Kutilmagan natija
Mariya Yevstafeva, BBC korrespondenti
Bu saylovlar Chexiya matbuotida Babish uchun referendumdan boshqa narsa emas deb ataldi.
Saylovlar natijalariga aynan nima jiddiy ta'sir ko‘rsatganini aytish qiyin - yaqinda e'lon qilingan «Pandora hujjatlari»mi yoki saylovchilarning hukumat pandemiyaga qarshi kerakli darajada kurasha olmaganidan noroziligimi.
Nima bo‘lganda ham uning saylovlardagi mag‘lubiyati kutilmagan natija bo‘ldi - saylovdan oldingi barcha so‘rovlar Babish partiyasi ustunligini ko‘rsatayotgandi. Chexiyada saylov kuniga uch kun qolganida saylovoldi so‘rovlari natijalarini e'lon qilish qonun bilan taqiqlanadi, shu tufayli biz bosh vazir nomi bilan bog‘liq so‘nggi mojaro saylovchilarning qanchalik ko‘nglini qoldirganini aks ettirishi mumkin bo‘lgan eng so‘nggi ma'lumotlarni ko‘ra olmaymiz.
2017 yilgi saylovoldi kampaniyasi avj pallaga chiqqanida men Chexiyaning beshinchi raqamli milliarderi Andrey Babishdan eng oxirgi bo‘lib intervyu olgandim. O‘shanda u optimizm va ishtiyoq bilan to‘la edi. Men unga katta jamoa hamrohlik qilishini kutgandim, ammo u uchrashuvga yolg‘iz keldi - o‘zining keksayib qolgan golden-retriver zotli iti bilan.
U eklerlarni (shirinlik) juda yoqtirishini, ammo ozishni istashini, shuningdek, ruscha gapirishni ma'qul ko‘rmasligini aytib o‘tgandi. Meni Prugonitse [Babish o‘z oilasi bilan birga yashaydigan posyolka - BBC] aholisi qanday hurmat bilan kutib olgani hayratga solgandi.
Hozir esa vaziyat o‘zgacha. Prugonitseliklar ANO harakatini qo‘llab-quvvatlamadi. Bu posyolkada ham «Vmeste» koalitsiyasi ustun keldi.
Chexiya prezidenti Milosh Zemanning matbuot kotibi Irji Ovchachek davlat rahbari yakshanba kuni g‘olib koalitsiya rahbari Radim Fialuni emas, aynan Babishni qabul qilishini ma'lum qildi. Babishning so‘zlariga ko‘ra, gap yangi hukumat shakllantirish haqida emas. Ammo ayni vaqtdagi asosiy masalalardan biri - Zeman o‘z so‘zida turadimi yoki yo‘q.
Mavzuga oid
12:30 / 23.05.2025
Chexiya jurnalist Farida Qurbongaleyevani Rossiyaga topshirishdan bosh tortdi
23:16 / 21.05.2025
Chexiyada turistlar tog‘dan xazina topib oldi
15:26 / 21.05.2025
Chexiya O‘zbekiston transport infratuzilmasi modernizatsiyasida ishtirok etadi
13:50 / 05.05.2025