Jahon | 11:04 / 11.10.2021
31669
15 daqiqa o‘qiladi

Liftda otilgan jasur jurnalist. Putinning tug‘ilgan kunida o‘ldirilgan Anna Politkovskaya tarixi

2006 yil 7 oktabr kuni Moskvada Rossiya zamonaviy jurnalistikasining yetuk namoyandalaridan biri Anna Politkovskaya o‘ldirib ketilgandi. Buni qarangki, Putinni oq poshsho deb atab, uni ko‘p tanqid qiluvchi jurnalist Putin 54 yoshli tug‘ilgan kunini nishonlayotgan bir vaqtda o‘z uyidagi liftda otib ketiladi. Bu qotillik buyurtmachisi hamon sirligicha qolmoqda.

Foto: Getty Images

Qotillikdan 15 yil o‘tdi va bu vaqt davomida qotillikni tashkil etish uchun javobgarlik muddati ham o‘tib bo‘ladi. «Novaya gazeta» nashrining o‘z jurnalisti Anna Politkovskayaning o‘ldirilishi bo‘yicha surishtiruv ishlari qay bosqichda ekani haqidagi so‘rovlari javobsiz qolmoqda. Bu haqda yaqinda tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov ham gapirgandi.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, har qanday davlat idorasi OAVning so‘roviga javob berishga majbur. Xususan, Tergov qo‘mitasi ham. Shu sabab nashr qo‘mita qonunni buzayotgani haqida xat tayyorlamoqda.

Politkovskaya kim edi?

Jasur jurnalist Anna Politkovskaya o‘z sharifiga munosib asosan siyosiy masalalar bilan shug‘ullanardi. U ko‘plab mavzularda o‘tkir maqolalar tayyorlagan, ammo ko‘pchilik Anna Politkovskayani Checheniston urushi haqidagi reportajlari bilan yaxshi taniydi. Jurnalist reportajlarida Chechenistondagi rahbarlar Kreml ta'sirida qolishining salbiy oqibatlari haqida hikoya qilgan.

Jurnalistni chechenistonlik qotillar o‘ldirgan. Ular Rossiya shahar ichki ishlar boshqarmasi podpolkovnigidan pul olib bu ishni qilgani aytiladi. 15 yil o‘tdi hamki, Politkovskayani o‘ldirishni kim buyurtma qilgani rasman tasdiqlanmadi. Huquq faollari va jurnalistlar Politkovskaya o‘ldirilishiga uning Checheniston haqidagi ta'sirli reportajlari va u yerda aslida nimalar bo‘layotgani haqidagi maqolalari sabab bo‘lganini aytishadi.

Nohaqlikka chiday olmagan mard ayol

Politkovskayaning Checheniston haqidagi ilk maqolalari «Novaya gazeta»da Dog‘istondagi qishloqlardan biriga hujum bilan boshlangan ikkinchi chechen urushi o‘t olishidan sal oldin chiqadi. Jurnalist 6 yil davomida Checheniston va atrofidagi hududlardan yiliga o‘nlab reportajlar berib boradi. Politkovskaya maqolalarida tinch aholi, qochoqlar, chechen ayirmachilari va rus askarlarining taqdirini yozadi. Uning reportajlarida urushning qoni Chechenistondan ancha uzoqqa sachragani hikoya qilinadi.

Foto: Getty Images

«Ilk uchrashuvimizdayoq Anna o‘zi ko‘rgan voqealar haqida qanchayin yonib hikoya qilayotganidan hayratlangandim. Bilasizmi, u bo‘layotgan voqealar uchun o‘zini ham aybdor deb hisoblar, nimanidir o‘zgartirishga intilardi. Aslida atrofdagi voqealarga chinakam daxldorlik hissi bo‘lgan inson shunaqa bo‘lishi kerak», degandi Anna Politkovskaya haqida huquq himoyachisi va jurnalist Stanislav Dmitrevskiy.

Jurnalist Checheniston haqida yozgan maqolalarida u yerda sodir bo‘layotgan urush butun Rossiya aholisi uchun ahamiyatli ekanini ta'kidlagan. U ta'sirli qochirimlari bilan rus hukumati va ayniqsa Checheniston hukumatidagilarning jahlini chiqargandi. Quyidagi mulohazalar uning jurnalistlar orasida katta inson sifatida qabul qilinishiga sabab bo‘lgan.

«...Go‘yoki mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealardan zarar ko‘rmayotgandek yashashimiz va bu «37 yil chechen qirg‘ini» faqat chechenlarga aloqador deb yurishimiz mumkin. Ko‘pchilik bu bizgacha yetib kelmaydi, deb ham o‘ylaydi, lekin bu xato, tarix buning aksini ko‘p marta isbotlagan» («Zirhlangan chirk» maqolasidan. 2002 yil 21 yanvar).

«...XXI asrda butun mamlakat rahbarlar bilan «do‘stona qo‘l ushlashib» Yevropaning zamonaviy gettolaridan birida (getto – yahudiylar tashqariga chiqishi taqiqlangan saqlash hududlari) bolalarga azob berishlariga jim qarab turibdi. Bu yerlarni tantanavor qilib «antiterror operatsiyalari hududi» deb atashadi. Va bu kamsitilgan gettodagi azoblangan bolalar boshdan kechirganlarini aslo unutmaydi, buni esingizdan chiqarmang» («Chechen bolalari «maxsus operatsiyasi» maqolasidan).

«Chechenlarga qarshi bu maxsus operatsiyani prezidentning sevimli tashkiloti Federal xavfsizlik xizmati boshqaradi. Prezident ishonchidagi bu tashkilotga hamma imkoniyatlar berib qo‘yilgan ekan, qonun ustuvorligi ta'minlanishini kutmasa ham bo‘laveradi. «Narigi tomondagi» chechenlar yoki «narigi tomon» bilan aloqada bo‘lgani shunchaki taxmin qilingan chechenlar «siyosiy maqsadga muvofiq» yovvoyi ko‘rinishda sud va tergovga tortildi» («FSB nazoratidagi maxsus qonunchilik» maqolasidan. 2003 yil 7 aprel).

«Bu parchalangan 16 yosh yigitning jasadi hukumatni Chechenistondagi «xalqaro terrorizmga qarshi kurash» tamg‘asidagi la'nati siyosatini o‘zgartirishga undarmikin? Agar bunday bo‘lmasa, bizni jimjimador saylov kampaniyasi fonida sodir bo‘ladigan yana ko‘plab dafn marosimlari kutmoqda» («Moskvada «jonli bombalar» ishtirokida terakt» maqolasidan. 2003 yil 7 iyul).

Rossiya hukumatiga ishlovchi harbiy ekspertlar fikricha, Politkovskaya bunday bayonotlari bilan dushman tomonda ekanini ko‘rsatib qo‘ygan. Ammo Chechenistonga borgan jurnalistlar va huquq faollari bunday emasligini bilishadi. O‘z navbatida ko‘plab jurnalistlar Anna Politkovskaya jurnalistikaning ijodiy chegaralaridan chiqib bo‘lgani va jurnalistdan kattaroq insonga aylanganini aytishadi.

Politkovskaya o‘ldirilgach, «Novaya gazeta»da Checheniston haqida Yelena Milashina reportajlar tayyorlay boshladi. Chechenistonda inson huquqlari masalasidagi yengilliklarda ham Milashinaning hissasi katta ekani aytiladi. Milashina marhum hamkasbi Anna Politkovskaya haqida shunday deydi: «Faktning o‘zi katta emotsional kuchga ega bo‘lishi mumkin. Jurnalist ma'lumotni qo‘lga kiritsa va uni uzata olsa, shuning o‘zi odamlarda hissiyotlar paydo qiladi. Jurnalist obektiv bo‘lish bilan birga hissiyotli va jo‘shqin ham bo‘lishi kerak. Anna buni o‘ziga xos tarzda uddalardi va shu sabab uning ovozi balandroq chiqardi», deydi jurnalistning hissiyotli bo‘lishi uning noprofessional ekanidan dalolat bermaydi deb hisoblovchi Milashina.

Jurnalist, huquqshunos, sulhchi

Ikkinchi chechen urushi vaqtida Politkovskaya nafaqat jurnalist, balki jamoat arbobi sifatida gavdalana boshladi. 2002 yil u Dubrovkadagi teatrda qo‘lga olinganlar oldiga borib, garovdagilarga suv olib kiradi va bosqinchilarning talabini yetkazadi. Ular Vladimir Putin Chechenistondagi urush tugashini va'da qilishini kutishgandi.

«Men Chechenistonga har oyda borib turardim, u yerda ko‘pchilik tanir va ishonardi. Terakt qilgan, terrorchi deb topilganlar ham o‘z fikrlarini aytgisi keladi. Hamma, hatto o‘limga tik borayotgan odam ham iqrorini aytishga haqli», degandi Politkovskaya.

TASS

2004 yil 2 sentyabrda jurnalist Beslan tomon yo‘l oladi. Bir kun oldin mamlakat tarixidagi eng yirik bosqin o‘laroq maktab bolalari garovga olingandi. Politkovskaya muzokaralarga qo‘shilib, tan olinmagan Isxeriya prezidenti Aslan Masxadov bilan gaplashib, garovdagilarni ozod qilishga urinib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Ammo u Beslangacha yetib bormaydi. Rostovda uni samolyotdan behush holatda tushirib olishadi. Anna Politkovskaya uni samolyotda ichgan choy orqali zaharlashlariga ishonadi. Uning fikricha, hukumat jurnalist jangarilar oldiga yetib borishini istamagan.

2004 yil iyun oyida Politkovskaya Chechenistonning 2004 yil may oyida vafot etgan prezidenti Ahmad Qodirovning o‘g‘li Ramzan Qodirov bilan intervyu tashkil etadi. O‘shanda kichik Qodirov hukumat kuchlari bo‘lib turgan lagerlardan birida rahbar edi. Jurnalist u vaqtda Checheniston xavfsizlik xizmatini boshqargan kichik Qodirov haqida oldin ham yozgandi.

Ramzan Qodirov bilan ikki marta yuzma-yuz uchrashgan Politkovskaya o‘z taassurotlari haqida yozar ekan, shunday degandi: «Kreml ajdarcha tarbiyaladi va bu ajdarcha olov purkab yubormasligi uchun endi uni doimiy boqib turish kerak. Rossiya maxsus kuchlari Chechenistonda tinchlik o‘rnatdik deb maqtanib yuribdi, ammo aslida ular sharmanda bo‘lishdi».

Jurnalist Ramzan Qodirov haqidagi maqolani huquq faoli Natasha Estemirova bilan birgalikda tayyorlaydi. Politkovskaya 2006 yil o‘ldirilgan bo‘lsa, Estemirova 2009 yil Grozniyda o‘g‘irlab ketilib, Ingushetiyada o‘ldiriladi. Uni otib jasadini tashlab ketishadi.

Stanislav Dmitrevskiy muallif ayollar yozayotgan narsalari hatto o‘limgacha olib borishi mumkinligini sezganini aytadi.

Yelena Milashina o‘sha holatni shunday ifodalaydi: «Ahmad Qodirov o‘ldirilishidan 2007 yil — kichik Qodirov Checheniston rahbari bo‘lguniga qadar taxt uchun kurash ketadi. Bu Ramzan Qodirov uchun hayot-mamot jangi edi. Anna Ramzan Qodirovni ham, u kabi imkoniyati bo‘lgan A'lo Alxanovni ham eshitishini bilishardi. Qodirov Anna uning qo‘l ostida Checheniston qanaqa qo‘rqinchli joyga aylanib qolishini tasvirlab bera olishini juda yaxshi bilgan. Bu Anna o‘ldirilishining asosiy omillaridan biri».

Yelena Milashinaning aytishicha, odamlar Politkovskaya faqat Chechenistondagi urush mavzusini yozishidan zerikadi. Uning maqolalariga nafaqat hukumat, balki jurnalistlar ham munosabat bildirmay qo‘yishadi. Ammo Anna to‘xtamaydi va o‘zi juda yaxshi o‘rgangan mavzu haqida yozishdan charchamaydi. U o‘ldirib ketishlaridan bir kun avval Chechenistondagi kimningdir aybini bo‘yniga qo‘yish uchun qo‘llanadigan qiynoqlar haqida maqola boshlab qo‘ygandi.

Nega o‘ldirilgandi?

Anna Politkovskaya 2006 yil 7 oktyabr kuni Moskvadagi uyining liftida otib ketiladi. Uy oldidan to‘rtta gilza va to‘pponchaning ovozini pasaytirgich topiladi. U o‘lgach, yana bitta o‘q boshiga otiladi va bu qotillik buyurtma bilan amalga oshirilganidan dalolat edi.

Jurnalist o‘ldirilishining asosiy sababi sifatida u Putin va Ramzan Qodirovning tanqidchisi ekani keltiriladi. Shuningdek, Politkovskayani o‘zi haqida maqola yozgan sobiq OMONchi o‘ldirgan bo‘lishi ham taxmin qilinadi. Bundan tashqari, jurnalist o‘shanda internetda tarqalgan o‘ziga xos «rus xalqi dushmanlari» ro‘yxatidan o‘rin olgani aytiladi.

Qotillikni Londonga qochib ketgan Boris Berezovskiy buyurtma qilgani haqida ham taxminlar ilgari suriladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Politkovskayaning o‘ldirilishi haqida gapirgandi: «Rossiyaga yomonlik xohlovchi kuchlar kimnidir qurbon berish orqali antiruscha kayfiyat uyg‘otmoqchi bo‘lib yurishgandi va shunday qilishdi ham. Uning o‘limi Rossiya va Checheniston hukumatiga yozganlaridan ko‘proq zarar keltiradi».

Qotillarni topish 1,5 yil vaqt oladi. 2007 yil 10 kishi gumondor sifatida qo‘lga olinadi. Prokuratura ular ikkita guruh tuzganini ma'lum qiladi, ammo sudgacha ulardan faqat bittasi boradi. Jurnalistni otgan qotil Rustam Mahmudov 4 yil o‘tib ushlanadi. 2012 yil ishda yangi nom paydo bo‘ladi. Moskva ichki ishlar boshqarmasi podpolkovnigi Dmitriy Pavlyuchenkov aybdorlar orasida ta'kidlanadi. U birinchi ishda Lom-Ali Gaydukayev bilan birga asosiy guvoh sifatida keltiriladi. «Novaya gazeta»ning surishtiruvida esa u qotillik tashkillashtirilishida bevosita ishtirok etgani aytiladi.

Podpolkovnik tergov bilan hamkorlik qilishini, ularga qotillik buyurtmachisiga yetishga imkon beruvchi hujjatlar taqdim etishini aytadi. Evaziga uning ishi dalillarni tekshirmay o‘tkaziladi. 2021 yil Dmitriy Pavlyuchenkov 11 yilga qamaladi. Unga Politkovskayaning farzandlariga kompensatsiya to‘lash ham yuklatiladi. U sud tomonidan qotillik buyurtmachisi deb topiladi.

Dmitriy Pavlyuchenkov qotillik tashkilotchisi deb topilgan / TASS

2014 yilda yana 5 kishining ishi ko‘riladi va ularning hech biri aybni tan olmaydi. Qotil Rustam Mahmudov butun umrlik qamoq jazosi oladi. Shuningdek, tashkilotchi Lom-Ali Gaytauayev butun umrlik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Aka-uka Jabroil va Ibrohim Mahmudov 13 va 12 yildan qamoq jazosi oladi. Rossiya uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish tashkiloti sobiq xodimi Sergey Hojiqurbonov 20 yilga qamaladi.

Qotillik qisqasini aytganda quyidagicha sodir etiladi: Pavlyuchenkov qotillik uchun pulni Gaydukayevga beradi, u guruh yig‘adi, Rustam Mahmudov Politkovskayani otadi. Ammo Pavlyuchenkov pulni kimdan olgani, buyurtmachi kim ekani noma'lumligicha qolmoqda. Tergov bilan hamkorlik qilishga va'da bergan Pavlyuchenkov buyurtmachi sifatida Londonga qochib ketgan Berezovskiy va Zakayevni aytadi, ammo bu borada hech qanday isbot topilmaydi.

Berezovskiy 2013 yilda o‘ladi, Ahmed Zakayev esa Britaniya ruxsat bermagani uchun yetarlicha tergov qilinmaydi. Ammo u jurnalistni o‘ldirish uchun o‘zida hech qanday asos yo‘qligini aytadi.

2021 yil 7 oktyabr kuni Anna Politkovskaya o‘ldirilganiga 15 yil bo‘ldi va endi qotillik buyurtmachisi javobgarlikka tortilmaydi, chunki huquqiy muddat o‘tib bo‘ldi. Ammo jurnalistning yaqinlari sud baribir buyurtmachini jazolashidan umidvor.

Foto: AFP

Huquq faoli Dmitrevskiyning ta'kidlashicha, qator qotilliklar, xususan, Natasha Estemirova, Anna Politkovskaya, Boris Nemsovning o‘ldirilishi, Aleksey Navalniyning zaharlanishi kabi holatlarda qarorlar juda yuqoridan turib qabul qilinadi va bu haqda ko‘proq odam bilishi kerak. U qachondir bu ishlarning buyurtmachilari jazolanishiga ishonadi. «Ammo bungacha kimlar hayot bo‘ladi, bilmayman», deydi huquq faoli.

Ha, 2006 yildan buyon 7 oktyabr kuni rus matbuotida ikki mavzu doim eslanadi: Putin navbatdagi tug‘ilgani kunini qanday o‘tkazgani va Anna Politovskayaning o‘ldirilishi mavzulari. Ikkisida ham xabarlar lentasida deyarli yangilik ko‘rmaysiz: Putin doimgidek Shoygu bilan ov qilgan bo‘lib chiqadi, Anna Politkovskayani o‘ldirtirgan buyurtmachi esa hamon topilmagan bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, «Novaya gazeta» jurnalisti Anna Politkovskaya nafaqat jurnalistlar orasida, balki chinakam mard insonlar orasida qahramon, jasur ayol sifatida eslanadi.

BBC materiali asosida O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid