Jamiyat | 14:44 / 11.10.2021
51041
4 daqiqa o‘qiladi

Sudmedekspertiza – murdalar tilini tushunish kasbi. SUBYEKTIV'da o‘likxona haqida haqiqatlar

O‘likxona haqidagi qaysi tasavvurlarimiz to‘g‘ri, qaysilari mif? Murdaning hidi burundan ketmay qolishi rostmi? O‘liklarning organlari sotilishi qanchalik asosli? Shu va boshqa savollarga javoblar – SUBYEKTIV'ning yangi sonida.

Kun.uz homiyligidagi SUBYEKTIV loyihasining navbatdagi soni sud tibbiy ekspertiza sohasi vakillari – sudmedekspertlar haqida hikoya qiladi.

Ko‘rsatuvda tajribali ekspertlar Bobur Yoqubov va Alisher Iskandarov nozik kasbning turli jihatlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tishadi.

“18 yildan beri sud tibbiy ekspertiza sohasida ishlayman, – deydi ko‘pchilikka “Zakovat” intellektual o‘yinlari orqali tanish bo‘lgan sudmedekspert Bobur Yoqubov. – Sud tibbiy ekspertiza deganda negadir odamning xayoliga “morg” keladi, “O‘lik ochasizlarmi?” deb so‘rashadi. Yo‘q, biz faqat murda ochish bilan shug‘ullanmaymiz, faoliyatimizning 80-85 foizidan ko‘prog‘i tirik shaxslar ekspertizasidan iborat. Kaltaklangan, yiqilgan yoki boshqa turda jarohatlangan kishilar. Murdalar esa faoliyatimizning 15-20 foizini tashkil etadi, lekin ko‘pchilik kasbimizni avvalo murdaxona bilan bog‘liq deb tushunadi”.

“Kasbimizdagi juda muhim jihat – murdadagi jarohatlar unga hayotligida yetkazilganmi yo o‘lganidan keyinmi, shuni aniqlash, – deydi uzoq yillik tajribaga ega sudmedekspert Alisher Iskandarov. – Masalan, poyezd yo‘lida qolib ketgan student qizning murdasini olib kelishdi. Tergovchilar kelib, o‘z-o‘zini o‘ldirish deb taxmin qilishdi va tezroq ekspertiza qilib beringlar, bu ishni yopish kerak, deyishdi. Biz tekshirganimizda ma'lum bo‘ldiki, qizning bachadoni teshilgan, yaqinda abort qilingan va qon yo‘qotishdan o‘lim kelib chiqqan. Boshqa jarohatlar o‘limdan keyin ro‘y bergan.

Biz bu ma'lumotni prokuraturaga bergach, tezda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tibbiyot muassasalaridan boshqa joyda abort qilish – jinoyat. Bu talaba qiz qishloqdan kelib, homilador bo‘lib qolgan va davlat muassasalariga murojaat qilishdan qo‘rqib, dugonasidan yordam so‘ragan. Dugonasi avval tug‘uruqxonada ishlagan bir hamshirani topadi va u abort qiladi, lekin operatsiya noto‘g‘ri qilinishi oqibatida qiz qon ketishi natijasidagi o‘lim bilan vafot etadi.

Hamshira javobgarlikdan qo‘rqib, qo‘shnisiga murojaat qiladi. Alkash qo‘shni ikki shisha aroqqa rozi bo‘lib, jasadni uylari yaqinidagi temir yo‘lga olib chiqib beradi. So‘ng jasadning bo‘yin qismini temir yo‘l relsiga to‘g‘rilab, tashlab ketishadi. Agar ekspertiza bo‘lmaganida bu o‘z-o‘zini o‘ldirish deb topilib, ish yopilib ketardi”.

Bobur Yoqubovning tushuntirishicha, sud tibbiy eksperti va patologoanatom kasblari bir-biridan katta farq qiladi.

“Birinchidan, maqsad. Sudmedekspertning murdani ochishdan maqsadi – zo‘raki o‘lim faktini tasdiqlash yoki inkor qilish.

Ilon chaqishi, zaharlanish, quyosh yoki tok urishi, tepalikdan tushib ketish, jarohat yetkazilishi, birov otib tashlashi kabilar, ya'ni tashqi muhit ta'sirida bo‘ladigan har qanday o‘lim – zo‘raki o‘lim sanaladi. Patologoanatomning asosiy maqsadi esa – o‘lim sababini aniqlash”, – deydi u.

To‘liq ko‘rsatuvni SUBYEKTIV'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Muallif:
Jamshidxon Ziyoxonov

Tasvirchilar:
Otaxon Yusupov, Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid