O‘zbekiston | 16:12 / 13.10.2021
3858
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda uyining tomini termit yeb bitirayotgan ayolga vaqtinchalik uy ajratildi

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Ma'lum qilinishicha, nukuslik ayol B.Z. 5 yildan buyon avariya holatidagi uyda yashashi va kunlar sovib ketishi oqibatida o‘zi va 10 yoshli qizining sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetayotgani bo‘yicha amaliy yordam so‘rab ombudsmanga murojaat qilgan.

Mazkur murojaat o‘rganish uchun ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili Zuxra Reymovaga yuborilgan. Mintaqaviy vakil murojaatchining uy manziliga mas'ul sektor rahbari, mahalla bo‘lim boshlig‘i va fuqarolar yig‘ini raisi bilan borganida haqiqatan ham fuqaro juda og‘ir sharoitda yashayotganiga guvoh bo‘lgan.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Uyning tom qismidagi taxtalarni vahmak (termit) hasharoti yeb bitirayotgani sababli, turar joy avariya holatiga kelib qolgan. Qolaversa, yog‘ingarchilik bo‘lsa uy tomidan chakki o‘tadi, isitish tizimi ishlamagani sababli uy doim sovuq va zax holatda bo‘ladi.

O‘rganish ishlari davomida fuqaro B.Z. ishsizligi sababli arzon turar joy uchun ipoteka kreditini rasmiylashtira olmayotgani va to‘lovlarni vaqtida to‘lashi uchun ham doimiy ishga ega bo‘lishi kerakligini ma'lum qilgan.

Ombudsman vakili Zuxra Reymovaning aralashuvi bilan murojaatchiga shahar hokimligi balansida turgan Nukus shahar «Yeliabad» MFY hududida joylashgan xonadon vaqtincha ajratib berildi.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Hozirgi kunda fuqaro B.Z.ni mutaxassisligi bo‘yicha doimiy ish bilan ta'minlanish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan oldin ombudsman vakili Qoraqalpog‘istonda fuqarolikni rasmiylashtirishda fuqarolardan 5 mln so‘m ortiqcha jarima undirilgani, 4 ta tumanda 281 murojaatga javob xatlari yuborilmaganini aniqlagandi.

Avvalroq esa Nukus tumanidagi g‘isht zavodida ishlayotgan 100 dan ortiq mahkumga 3 oylik maosh berilmagani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid