O‘zbekiston | 07:58 / 13.10.2021
1953
3 daqiqa o‘qiladi

Senatning yigirmanchi yalpi majlisi 20 oktyabr kuni chaqiriladi

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senati kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. Majlisda Senatning yigirmanchi yalpi majlisini 2021 yil 20 oktyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi, “Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “2021 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosarining yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axboroti hamda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining faoliyati, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatish holati, shu jumladan, boshqaruv kompaniyalarining faoliyati yuzasidan axborotlari eshitilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatdagi avtomobil yo‘llari hamda sun'iy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta'minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi, qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari hamda aholi turar-joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid