Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peru Messini g‘alabadan mahrum etolmadi, Braziliya Urugvayni ayamadi, Kolumbiyada drama. Konmebolda saralash o‘yinlari
Janubiy Amerikada JCh-2022 saralash sikli doirasida 12-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Eng yaxshi snayper — Messi emas
Argentina — Peru — 1:0 (Lautaro Martines, 43)
Argentinaliklar yozdagi sovrindan ilhomlangan holda yuqori tempda o‘yin ko‘rsatishda davom etmoqda. Navbatdagi tur arafasida Messi va argentinaliklar Kopa Amerika chempionligi uchun tashkil etilgan marosimlarda qatnashishdi.
Jamoaning yosh muxlisi esa internet yulduziga aylandi, o‘z kumirini terma jamoa bazasi oldida kutib turgan bolakayning qo‘lidagi plakatda shunday yozilgandi: «Leo, mening onamni kechir. U nima ish qilganini tushunmagan. U menga Krishtianu deb ism qo‘ygan».

Argentinaning ishonchli g‘alabasi qayd etilishi kutilgan o‘yin kutilmaganda mehmonlarning faolligi bilan boshlandi, Lapadula bir necha marta mezbonlar darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Faqat tanaffus arafasiga kelibgina qanotdan uzatilgan to‘pni Lautaro Martines boshi bilan darvoza to‘sini ostiga aniq yo‘llay oldi. Skaloni davrida aynan «Inter» forvardi — terma jamoaning asosiy to‘purariga aylandi, 17 gol urgan yosh hujumchi Messini 2 aniq zarba farqi bilan ortda qoldirmoqda.
Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan tajribali Farfan Emiliano Martinesni o‘ziga qo‘pollik ishlatishga majburladi, ammo penaltini ijro etishga kelgan Yotun to‘pni tribunalar sari yo‘lladi.
Aftidan, argentinaliklar posboni 11 metrlik jarima zarbasini ijro etishga taraddudlangan raqiblarni gipnoz qilib qo‘ymoqda - terma jamoaning asosiy darvozaboniga aylanganidan buyon Martines sakkiz penaltidan beshtasini qaytargan.
Bu epizoddan keyin «inklar» o‘yinni tashlab yuborishdi va mezbonlar qolgan daqiqalarda g‘alabani saqlab qolishdi. «La Skalonetalar»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 25 o‘yinga yetdi, ammo noyabrda ularni nisbatan murakkab o‘yinlar kutmoqda — safarda Urugvayga, uyda — Braziliyaga qarshi.
Urugvay avvalgidek emas
Braziliya — Urugvay — 4:1 (Neymar, 10. Rafinya, 19, 58. Gabriel Barboza, 83 — Suares, 77)
Urugvayliklar Argentina bilan solishtirganda ilojsiz holatda ko‘rinmoqda, lekin Manausedagi o‘yin arafasida hech kim bunday o‘ylamayotgandi, Luis Suares esa eski do‘sti Neymar bilan hazillashishga ulgurdi.
Faqat tezkor goldan keyin mehmonlarning kulishga holi yo‘q edi, Braziliya bu golni raqibning ustidan kulgandek osonlik bilan urdi. Fred to‘pni himoyachilar ortida ochilgan Neymarga yengil qilib tashlab berdi, yakuniy zarba esa darvozabonga yordam berishga kelgan Koatesning oyoqlari orasidan o‘tib darvoza to‘riga kirdi.
Bu «PSJ» forvardining milliy jamoa libosidagi 70-goliga aylandi, ko‘p o‘tmay pentakampeonlar safida yaqindagina debyut qilgan Rafinya yanada oddiyroq vaziyatda hisobdagi ustunlikni ikkitaga oshirdi va o‘zining terma jamoadagi gollari hisobini ochdi. Shu yetarlidek ko‘ringandi, ammo mehmonlar himoyasidagi xatolar hisob yiriklashishiga olib keldi.
Saralash siklidagi voqealar rivojidan kelib chiqilsa, Oskar Tabares jamoasi beshinchi o‘rinda qolib, «o‘tish o‘yinlari»da ishtirok etishi ular uchun eng yomon ssenariy bo‘lmaydi. Suaresning jarima nuqtasidan gol urib hisobni qisqartirishi hamda Braziliyaning 9 o‘yin davom etgan uyda gol o‘tkazmaslik seriyasini to‘xtatishi ham taskin bo‘lolmadi. Penatkempeonlarni oltinchi o‘rin bilan 15 ochko ajratib turibdi. Zaxirada yana bir o‘yini bor Tite jamoasi noyabrdayoq Qatarga yo‘llanmani naqd qilishi mumkin, urugvayliklarning taqdiri esa saralash bosqichi finishida — keyingi yil martidagi o‘yinlardan keyin hal bo‘ladi.
Ularda Neymar darajasidagi yulduz yo‘q, kolumbiyaliklarga qarshi durangdan keyingi tanqidlarga javoban u bir gol urish bilan cheklanmay, ikki golga hammualliflik qildi.
Gollar yo‘q, drama bor
Kolumbiya — Ekvador — 0:0
Brazillar va argentinaliklar o‘zlarini xotirjam his qilishlari mumkin (Braziliyada 31, Argentinada 25 ochko jamg‘arilgan), qolgan terma jamoalar uchun navbatdagi har bir o‘yin — pley-offga teng. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlar egalari to‘qnashuvi bu turning markaziy uchrashuvi maqomida edi, ammo birinchi bo‘lim muxlislar ishonchini oqlamadi. Shunday tasavvur paydo bo‘ldiki, raqiblar bir-birini juda sinchiklab o‘rgangan va ikki tomonda ham mas'uliyat darajasi haddan tashqari yuqori edi. Ayniqsa bir necha kun oldin Braziliyaga qarshi hujumkor futbol namoyish etgan kolumbiyaliklarning bu safargi o‘yini butkul boshqacha bo‘ldi.
Lekin tanaffusdan keyin tomonlar ehtiyotkorlikni unutib oldinga chiqa boshlashdi, mezbonlar darvozasiga penalti belgilanmasligi o‘yindagi dramatizmni kuchaytirib yubordi. Avvaliga perulik arbitr Diyego Xaro bir necha daqiqani kolumbiyaliklarni tinchlantirish uchun sarfladi, ammo mehmonlar futbolchisiz zarba berishga chog‘lanayotganida hakam videoassistentlarning maslahatiga quloq tutishga qaror qildi. Monitorga borish yo‘lida u mehmon jamoa futbolchilaridan biriga sariq kartochka ko‘rsatishga va Ekvador murabbiylaridan birini zaxira o‘rindig‘idan chetlatishga ulgurdi, keyin esa 11 metrlik jarima zarbasini bekor qildi, Kuelyarning folidan oldin ofsayd ro‘y bergandi.

Lekin bu hali hammasi emasdi.
Qo‘shib berilgan daqiqalarning to‘qqizinchisi o‘tib borayotgan mahalda Barrankile stadioni hayqiriqlardan portladi, bu vaziyatda Kuadrado autdan to‘pni raqib jarima maydoni ichiga tashlab bergan, himoyachi Mina yaqin masofadan to‘pni darvozaga yo‘llagandi. Biroz oldin Diasning xavfli zarbasini qaytarib qahramonlik ko‘rsatgan raqib darvozaboni Dominges shok holatida qolgandi, ammo vaziyatga yana VAR aralashdi va bosh hakam Xaroning maydon chetidagi monitor sari ikkinchi yurishidan keyin to‘p gazondan sapchiganda Minaning qo‘liga tekkanini aniqlashda yordam berdi.

Natijada o‘yinga qo‘shib berilgan sakkiz daqiqa o‘rniga futbolchilar 15 daqiqa davomida maydonda bo‘lishdi, bu voqealar faqat Urugvayni xursand qildi. Kolumbiya saralash siklining oktabr oyidagi o‘yinlarida uch o‘yinda uch golsiz durang qayd etdi - jami duranglar soni 7ta - jamoa 12 o‘yinda 16 ochko to‘plab, turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasida qoldi.
Boliviya — Paragvay — 4:0 (Ramalo, 21. Vilyarroel, 53. Abrego, 84. R.Fernandes, 90+4)
Paragvayliklarning beshinchi o‘rin uchun imkoniyatlari ham keskin pasayib ketdi, yuqori tog‘lar orasidagi La-Pas esa ular uchun joduli maydon bo‘lib qolaveradi. Qizil-oqlar bu yerda saralash o‘yinlarida so‘nggi bor 1973 yilda g‘alaba qozonishgan, komplekslar shu qadar kuchliki, hisob 1:0 ekanida mehmonlar vaziyatni o‘zgartirishi mumkin edi, ammo Sanabriya penaltini aniq ijro etolmadi. Ochkolar soni bo‘yicha ushbu raqib bilan tenglashib, to‘plar nisbatiga ko‘ra bir pog‘ona oldinga chiqib olgan olgan Boliviya 2009 yil aprelidan buyon eng yirik g‘alabasiga erishdi. O‘shanda bosh murabbiy Diyego Maradona va maydondagi Leo Messi yetakchiligidagi Argentina ustidan tarixiy g‘alabaga erishilgandi (6:1). Paragvayda esa bu o‘yindan bir necha soat o‘tib bosh murabbiy Eduardo Beritsso iste'foga chiqarildi.
Chili — Venesuela — 3:0 (Pulgar, 18, 37. Brereton, 73)
Chililiklar qatorasiga ikkinchi o‘yinda g‘alaba qozonishdi. Bu kechada ikki golli uzatmani amalga oshirgan faxriy futbolchi Aleksis Sanchesda ham, o‘rtacha yosh bo‘yicha qit'aning eng keksa jamoasi bo‘lib qolayotgan chililiklarning boshqa yosh toifalari vakillarida ham hammasi joyida edi. Pulgarnng dublidan tashqari (u Chili termasi safida bungacha faqat bir gol urgandi), Breretonni ham qayd etish kerak. 22 yoshli angliyalik futbolchi iyunda onasi chililik bo‘lgani uchun ushbu mamlakat fuqaroligini oldi va Chili termasida so‘nggi ikki o‘yinda gol urmoqda, jamoa esa bu ikki turda turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘rindan oltinchi o‘ringa ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi va endi jamoani «o‘tish o‘yinlari»da ishtirok etish imkonini beruvchi beshinchi o‘rindan uch ochko ajratib turibdi.
Mavzuga oid
21:09 / 28.12.2022
Argentina milliy jamoasi jahon kubogi bilan prezident saroyiga borishdan bosh tortdi
15:13 / 28.12.2022
JCh-2022 paytida Messi yashagan xona muzeyga aylanadi
22:52 / 24.12.2022
Argentinada fransuzlarning finalni takroran o‘tkazish talabiga javob qaytarishdi
19:00 / 23.12.2022