Xorijdagi fuqarolarga elektron raqamli imzo konsullik muassasalari orqali berilishi yo‘lga qo‘yilmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori muhokamasi davom etmoqda.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 24 iyuldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6269-sonli farmoni ijrosini ta'minlash yuzasidan qabul qilinmoqda.
Farmonning 3-bandida O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklarining 2021 yil 1 dekabrdan boshlab chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish taklifi qo‘llab-quvvatlangan. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas'ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan edi.
Hukumat qarori O‘zbekiston Respublikasining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta'minlaydigan elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berishni joriy qilish maqsadida qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Qaror matni bilan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari va konsullik muassasalari tomonidan berish maqsadida axborot almashinuvi elektron tizimi uyg‘unlashuvini amalga oshirishadi.
Tasdiqlanayotgan nizomga ko‘ra konsullik muassasasining mansabdor shaxsi talabgor nomidan elektron shakldagi so‘rovnomani to‘ldiradi hamda talabgor tomonidan imzolanishini ta'minlaydi.
Mavzuga oid
11:31 / 24.04.2020
Endi elektron raqamli imzo sertifikatini masofadan turib olish mumkin
20:50 / 22.04.2020
Elektron xizmat ko‘rsatishda ERI o‘rniga shaxsni tasdiqlashning muqobil shakllari joriy etilishi mumkin
12:50 / 17.07.2019
Davlat xizmatlarini olishda elektron raqamli imzodan foydalanish ixtiyoriy bo‘ldi
15:28 / 25.11.2016