Jahon | 16:49 / 18.10.2021
15623
10 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik deputatning o‘ldirilishi. Politsiya hodisani terakt deb atadi, qotil haqida yangi ma'lumotlar paydo bo‘ldi

London politsiyasi 25 yoshli Ali Harbi Alini so‘roq qilishda davom etmoqda. U konservator deputat ser Devid Emessni o‘ldirishda gumonlanmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, gumondor (qotillikni u amalga oshirgan, ammo hali rasman gumondor) somalilik sobiq amaldorning o‘g‘li. Politsiyaning taxminicha, 25 yoshli yigit karantin vaqtida internetda ko‘p vaqt o‘tkazish orqali radikallashib ketgan bo‘lishi mumkin.

Foto: DAN KITWOOD

Britaniya hukmron partiyasi – konservatorlar a'zosi 69 yoshli ser Devid Emess cherkov oldida pichoqlab o‘ldirilgan. Qotil deputatga Esseks grafligidagi saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida hujum qilgan.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hukmron partiya a'zosining o‘ldirilishidan hayratda qolganini aytdi.

«Menimcha, bu hammamiz uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Bizning fikri-xayolimiz hozir uning yaqinlari, rafiqasi va bolalarida. Qolganini politsiyaga qo‘yib berib, ularga voqea sabablarini tekshirishga imkon berishimiz kerak», deya ta'kidladi u.

Foto: Peter Nicholls / Reuters / Scanpix / LETA

Emessning o‘limi munosabati bilan hukumat rahbari va moliya vazirining qarorgohlari joylashgan Dauning-stritda Britaniya bayroqlari tushirildi. Marhum deputatning ortidan uning rafiqasi va besh farzandi qolgan.

Ali Harbining ishi bilan Skotlend-Yard politsiyasining terrorizmga qarshi maxsus guruhi shug‘ullanmoqda. Politsiya ishni «diniy radikalizm» motivi bo‘yicha o‘rganmoqda. Politsiya qotil yolg‘iz harakat qilganini tasdiqlagan. Shuningdek, u lokdaun vaqtida internet orqali radikallashgan bo‘lgani taxmin qilinyapti. Qotil «Al Shabob» va «Al Qoida» kabi terrorchilik tashkilotlarining usullariga xos tarzda harakat qilgan. Bu guruhlarning bo‘linmalari Somali va Keniyada ham faoliyat yuritadi.

Terrorizm haqidagi qonunga ko‘ra, tergovchilar 22 oktyabr – rasmiy ayblov ilgari surilgunga qadar gumonlanuvchi maqomida bo‘lib turgan Ali Harbi Alini so‘roq qilishga haqli va tergov qilinmoqda ham.

Surishtiruv ishlari Londonning uchta qismida amalga oshirilmoqda. Xususan, poytaxt shimolidagi Kentush-taunda ham. Qotil oxirgi vaqtlarda shu hududda yashagan. Ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi saytlarga ko‘ra, bu hududdagi eng arzon kvartirani 490 ming funtga sotib olish mumkin. Bu hududdagi eng arzon hovli 1,2 million funt, o‘rtacha hovli esa 2 million funtdan sotiladi.

Politsiya gumondor yashagan London shimolidagi uyni tintuv qildi / PA MEDIA

Qotilning otasi Ali Harbi Kullan Somali bosh vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan bo‘lib u mamlakatda mass-media va ommaviy kommunikatsiya tarmog‘ini boshqargan. The Sun'ning yozishicha, oila 1990-yillarda Londonga ko‘chib kelgan.

Sunday Times bilan suhbatda qotilning otasi uni so‘roq qilishgani va telefonini tekshiruv uchun olib qo‘yishganini aytdi. «Men kuchli ruhiy zarba oldim. Bu hecham men kutgan yoki orzu qilgan narsa emas», deydi Ali Harbining otasi.

Prevent dasturiga a'zolik

Surishtiruv o‘tkazilgan navbatdagi manzil London janubidagi Kraydon tumani bo‘ldi. Ali Harbi shu yerda katta bo‘lgan. Daily Mail'ga intervyu bergan qotilning qo‘shnisi oilani mehmondo‘st va yaxshi muomalali deb atagan: «Bu juda yoqimli oila edi. Ali bunday ayblov bilan qo‘lga olinganidan hayron qoldim».

Ali Harbi London politsiyasiga anchadan buyon tanish shaxs bo‘lgan. U mamlakat ichki ishlar vazirligiga qarovchi ekstremizmga qarshi kurash ta'lim dasturi bo‘lmish Prevant'ga a'zo bo‘lgan. Bu dasturga a'zo bo‘lganlar radikallashuvga moyil bo‘ladi va unga qo‘shilish ixtiyoriy.

Shu bilan birga, u politsiyaning potensial terrorchilar ro‘yxatida bo‘lmagan. Ammo u ijtimoiy tarmoqlarda hukumatga qarshi kayfiyatdagi postlar qoldiruvchi odamlar ro‘yxatida qayd etilgan. Bu juda keng ro‘yxat. Masalan, 2019 yilning martidan 2020 yilga qadar bu ro‘yxatga 6 mingdan ortiq odam qo‘shilgan.

Emesslar oilasining millatga murojaati

O‘ldirilgan deputat Devid Emessning oilasi yakshanba kuni millatga murojaat qilib, hamdardlik uchun minnatdorchilik bildirgan va u ilgari surgan tashabbusni qo‘llashlarini so‘ragan. Deputat Esseks grafligidagi Satend shahriga yirikroq ta'lim hududi maqomini berish va qo‘shiqchi Vere Linn memoriali uchun pul yig‘ishni taklif qilgandi. Uning «Biz yana uchrashamiz» qo‘shig‘i ikkinchi jahon urushi vaqtida umid timsoli bo‘lgan.

Deputatning qarindoshlari uning o‘limi bahonasida odamlarni turli qarashlar to‘qnashuvi haqida o‘ylashga undagan. «Odamlarni fikrlar xilma-xilligi sabab dushman bo‘lishni unutishga, bir-birlariga mehr-muhabbat ulashishga chorlaymiz. Bu fojia qandaydir yaxshi narsalar bilan ham yodda qolsin», deyiladi oilaning bayonotida.

Devid Emess katolik cherkovida ibodat qiluvchi e'tiqodli inson bo‘lgani aytiladi. Qotillik sodir etilgach deputat qatnaydigan katolik cherkovi ruhoniysi Emessning jasadini ko‘rish uchun jinoyat sodir etilgan joyga bormoqchi bo‘ladi, ammo politsiya bunga ruxsat bermaydi. «Katolik uchun o‘limidan avval ruhoniyni ko‘rish juda muhim, ammo politsiya faqat o‘zigagina ma'lum sabablarga ko‘ra menga uni ko‘rsatmadi. O‘shanda u qanday holatda ekanini bilmasdim. Balki hali tirikdir degan umidda bormoqchi bo‘ldim. Politsiyaning qarorini esa hurmat qilaman», deydi ruhoniy Jyefri Vulnou.

Devid Emess 2015 yilda ritsar unvonini olgan, shu sabab uni ser Emess deb atashardi. U saylangan Sautend shahri musulmonlar birlashmasi a'zosi Muhammad Shazmuddin deputat haqida shunday deydi: «U haqiqiy ingliz jyentlmeni edi. U butun Sautend ahli, xususan, bizning birlashmamiz uchun ko‘p yaxshilik qilgan».

Hozirda qotilning elektron qurilmalari tekshirib, u deputatni nega o‘ldirganiga oydinlik kiritmoqda. Qotillik cherkov oldida amalga oshirilgani esa muammoni jiddiylashtiradi.

Faxriy deputatlardan bo‘lgan Emess 1983 yilda Buyuk Britaniya hukumati tepasida Margaret Tetcher bo‘lgan vaqtda Jamoatchilik palatasi deputatiga aylangan va 38 yil davomida Britaniya parlamentida o‘z partiyasining an'anaviychilar qanotiga tegishli bo‘lib keldi. Cherkovga muntazam qatnovchi katolik sifatida u, xususan, abortlarni taqiqlash tarafdori bo‘lgan. Brexit haqidagi referendumdan avval mamlakatning Yevroittifoqdan chiqishini qo‘llab-quvvatlagan.

Ser Emessning hurmati nafaqat u saylangan okrugda, balki butun mamlakatda baland bo‘lgan. U gaz va elektr uchun narxlar cho‘ntakbop bo‘lishi kerakligi uchun uzoq yillar kurashgan. Aynan uning tashabbusi bilan Britaniyada «Yonilg‘i qashshoqligi»ni yo‘q qilish strategiyasi nomli qonun qabul qilingan.

Britaniyadagi itlarga g‘amxo‘rlik qilish insonparvarlik tashkilotida ham ser Devidni iliq so‘zlar bilan eslashadi. Dogs Trust tashkiloti xodimi Kler Kalder deputatni «hayvonlarning beminnat yordamchisi edi» deb eslaydi. Uning aytishicha, ser Emess hazilkash va katta yurakli odam bo‘lgan. U itlar kontrabandasi va ularni elektroshoker bilan ushlashga qarshi kurashib kelgan, an'anaviy ovchilikning ba'zi turlarini taqiqlashni yoqlab chiqqan.

Foto: SWNS / Scanpix / LETA

U so‘nggi besh yil ichida o‘ldirilgan britaniyalik ikkinchi deputat bo‘ldi. 1979 yildan buyon esa o‘ninchisi. 2016 yilda Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi bo‘yicha referendumga bir hafta qolganida Leyboristlar partiyasi vakili, deputat Jo Koks o‘ta o‘ngchi bo‘lgan Tomar Meir tomonidan otib tashlagan edi, Koks mamlakatni Yevroittifoq tarkibida saqlab qolish tarafdori edi. Uning o‘limidan keyin Emess deputatlar uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini aytgan va bunday hujumlar «siyosatchilarning xalq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotidan iborat buyuk britancha an'anaga zarba berayotgani»ni ta'kidlagandi.

Deputatlik qiyin kasbga aylanib bormoqda

 

Saylovchilar bilan ochiq uchrashuvlar Buyuk Britaniyada parlament siyosatining muhim tarkibi hisoblanib, deputatlarga saylovchilar bilan doimiy va bevosita aloqada bo‘lib turish imkoniyatini beradi. Aynan shunday uchrashuvlar orqali ular millionlar uchun ahamiyatli bo‘lgan takliflarni hukumatga yetkazishadi. Bunday uchrashuvlarda parlament a'zolariga maxsus qo‘riqchilar hamrohlik qilmaydi, Emess bilan bog‘liq vaziyatda ham shunday bo‘lgan: davlat tomonidan jismoniy himoya deputatlar uchun faqat parlament binosida kafolatlangan, boshqa holatlar uchun esa ularga maxsus ko‘rsatmalardan o‘tish taklif qilinadi. 2019 yilgi parlament kampaniyasi chog‘ida deputatlarning ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarda va izohlarda tahdidlar ko‘payganidan shikoyat qilgandi. Bu haqda Emessning o‘zi ham gapirgan. Jamoatchilik palatasi spikeri Lindsi Hoylning ma'lum qilishicha, parlament a'zolari tez orada xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalasini muhokama qiladi.

Ammo ser Emessga qilingan qotillik deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlariga ta'sir qilmagan. Ular qo‘rqish kerak emasligi va birgina qotil sabab an'analar o‘zgarib qolmasligini aytishmoqda.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid