O‘zbekiston | 19:50 / 21.10.2021
12047
4 daqiqa o‘qiladi

«Qonunlarni qat'iylashtirishga o‘zbek deputatlar qarshi chiqishdi» - Jurnalist o‘zbek tili maqomini mustahkamlashdagi muammolar haqida

Kecha, 20 oktabr kuni Milliy matbuot markazida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘lishi munosabati bilan, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan «Mediasavodxonlik: OAVdagi yutuq va kamchiliklar tahlili» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tadbirda «Ishonch» gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov ham chiqish qildi va 1989 yilda qabul qilingan qonun bilan o‘zbek tili haqiqatan davlat tili maqomini olgan yoki olmaganini so‘roq ostiga oldi.

«To‘g‘risini aytganda, bugun biz «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni varaqlab ko‘rib, o‘sha paytda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganmi yoki berilmaganmi degan savolga javob topa olmaymiz.

Xo‘sh, davlat tili maqomi qanday bo‘ladi o‘zi? Bu haqda taniqli olim Zuhriddin Isomiddinovning «Ma'rifat» gazetasida e'lon qilingan maqolasida shunday ma'lumotlar keltiriladi:

O‘zbekiston: «1-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir».

Biroq bu «qaltis» gap uchun keyingi moddada «uzr» so‘raladi:

«2-modda. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi».

«Ishonch» gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov

Holbuki, boshqa barcha qo‘shni davlatlarning til to‘g‘risidagi qonunlarida bunaqa mayinlik yo‘q — ularda qonun ruhi va uslubi ustuvor:

Armaniston: «Armaniston Respublikasining davlat tili — arman tilidir, bu til respublika hayotining barcha sohasida amal qiladi. Armaniston Respublikasining rasmiy tili — arman adabiy tilidir. Armaniston Respublikasi arman tilining mamlakat tashqarisida yashaydigan armanlar o‘rtasida saqlanishi va tarqalishiga ko‘maklashadi».

Tojikiston: «1. Tojikiston Respublikasining davlat tili tojik tilidir. 2. Tojikiston Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburdir».

Qirg‘iziston: «Qirg‘iz tili Qirg‘iziston davlatchiligining bosh asoslaridan biri sifatida davlat va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari faoliyatining barcha sohalarida amal qiladi».

Ozarboyjon: «1. Ozarboyjon Respublikasining davlat tili ozarboyjon tilidir. Ozarboyjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburdir. 2. Ozarboyjon tili davlat tili sifatida mamlakat hayotining barcha siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy sohalarida foydalaniladi. 3. Ozarboyjon Respublikasi davlat tilidan foydalanishni, uni himoya qilish va rivojlantirishni ta'minlaydi».

Qozog‘iston: «Qozog‘iston Respublikasining davlat tili qozoq tilidir. Davlat tili davlat boshqaruvi, qonunlar, sud yuritish, ish yuritish tili bo‘lib, butun davlat hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qiladi. Davlat tilini bilish har bir Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining burchidir».

Ha, bizning qonunda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berayotganda tartib uzr so‘rash bilan yozilgandek. Xo‘sh, biz o‘sha paytda davlat tili maqomini qanchalik olganmiz?

To‘g‘ri, 1995 yilda unga qandaydir o‘zgartirishlar kiritildi, lekin qonunimizning bugungi ahvoli mana bu. Axir biz 32 yildan beri alohida davlatmiz.

Ming afsuski, yaqinda shu qonunning yangi tahrir muhokamasida juda noxush bir holatni ko‘rdikki, qonunlarni qattiqlashtirishga aynan o‘zbek deputatlar qarshi chiqdi. Bu o‘z tilining 32 yilligini nishonlayotgan o‘zbek xalqi uchun sharmandali holat.

Biz avval bu kabi masalalarda qaynardik. Lekin oxirgi vaqtlarda bu narsalardan o‘zimizni tortdik. Nima uchun deganda biz aytgan narsalar amalga oshirilmadi», – dedi gazeta bosh muharriri. 

Mavzuga oid