Jahon | 17:29 / 21.10.2021
8158
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya AQShdan qiruvchi samolyotlar uchun to‘langan 1,4 milliard dollarni qaytarishini talab qilmoqchi

Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Foto: AP

Turkiya AQShdan F-35 qiruvchi samolyotlari uchun to‘langan 1,4 milliard dollarni qaytarishini talab qilmoqchi. Bu Vashingtonning Anqarani qiruvchi samolyotlar ishlab chiqarish dasturidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarori bilan bog‘liq. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi, deb xabar berdi Anadolu agentligi.

Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Erdo‘g‘an 30-31 oktyabr kunlari Rimda o‘tkaziladigan «Katta yigirmatalik» (G20) sammitida AQSh prezidenti Jo Baydendan o‘tkazilgan mablag‘ni qaytarishini so‘ramoqchi, deyiladi xabarda.

Qiruvchi samolyotlar yetkazib berish borasidagi bahs 2017 yilda Moskva va Anqara Turkiyaga S-400 zenit-raketa tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzganidan so‘ng boshlangandi.

AQSh Turkiyadan ushbu shartnomadan voz kechishni talab qildi, Turkiya esa bunga rozi bo‘lmadi.

Mavzuga oid