O‘zbekiston | 20:31 / 22.10.2021
25626
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududida AQSh qo‘shinlari joylashtirilmasligi ma'lum qilindi

Abdulaziz Komilovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab jiddiy uchrashuvlar davomida O‘zbekiston o‘z hududida Amerika qo‘shinlarini joylashtirmasligi AQSh e'tiboriga yetkazilgan.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston o‘z hududida AQSh harbiylarini joylashtirishni ko‘zda tutmagan, ammo terrorizmga qarshi umumiy kurash doirasida Vashington bilan razvedka ma'lumotlari almashishga tayyor. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida aytdi.

“AQSh qo‘shinlarini joylashtirish masalasi kun tartibida emasligini, muhokama qilinmayotgani va bu mavzu ko‘tarilmaganini yana bir bor ta'kidlamoqchiman. Biror mamlakat bilan, bu Amerika yoki boshqa mamlakat bo‘lishidan qat'i nazar, xalqaro amaliyot, xalqaro huquq, biz qabul qilgan xalqaro konvensiyalar, kelishuvlar doirasida terrorizmning oldini olish bo‘yicha hamkorlik qilishga va hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz”, – dedi u.

Komilovning qayd etishicha, O‘zbekiston teraktlarning oldini olish maqsadida razvedka ma'lumotlari almashishga qarshi emas. Ammo qimmatli manbalarni fosh etmagan holda ushbu jarayonning barcha xususiyatlarini hisobga olish zarur.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab jiddiy uchrashuvlar davomida O‘zbekiston o‘z hududida Amerika qo‘shinlarini joylashtirmasligi AQSh e'tiboriga yetkazilgan.

“AQSh bilan terrorizmga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilganimizda ham gap bu yovuzlikka qarshi kurashishdagi hamkorlikning xalqaro amaliyoti haqida boradi”, – deb ta'kidladi Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid