Jamiyat | 16:13 / 23.10.2021
54307
9 daqiqa o‘qiladi

“Ruhlarni noshod qilib qo‘ymaylik” - Janoza odoblarini bilasizmi?

Ba'zi hududlarda janoza marosimi bilan bog‘liq turli bid'at-xurofotlar saqlanib qolmoqda. Olima Odinaxon Muhammad Sodiq Kun.uz bilan suhbatda bu marosim bilan bog‘liq shariat hukmlari haqida ma'lumot berdi.

“Alloh taoloning qazoyi qadariga rozi bo‘lish lozim”

— Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo marhamat qilib: “Kullu nafsin zoiiqotil mavt” deydi. Ya'ni: “Har bir nafs o‘limni totguvchidir”. Har bir insonga, har bir jonga o‘lim kelishi muqarrar. Shu paytga kadar biror bir insonni o‘limdan qochib qutula olmagan. Shunday ekan, inson bu narsaga tayyor turishi, iqror bo‘lishi, o‘lim kelganda unga rozi bo‘lishi kerak, bunga bo‘ysunish – Alloh taoloning qadariga rozi bo‘lishidir. Janoza mavzusining eng katta e'tibor beriladigan jihati ana shunda. Ya'ni biz iymon-e'tiqodda Allohga iymon keltirganmiz va hayotni ham, o‘limni ham Uning irodasi bilan bo‘lishini qabul qilishimiz kerak.

U iroda qilgan payt insonni yaratadi, jon ato etadi, vaqt-soati yetganda o‘zi bergan omonat jonni qaytarib oladi. Bandalar bunga ko‘nib, qabul qilishi kerak.

Albatta, yaqin insonidan ajralish oson emas. Lekin bunga e'tiroz qilib, Allohga shirk keltiruvchi gaplar aytish gunoh hisoblanadi. Xafa bo‘lishdan, mahzunlikdan qaytarilmagan, lekin har xil tasarruflar qilib, har xil gaplar gapirishdan qaytarilgan. Alloh taoloning qazoyi qadariga rozi bo‘lib, huznimizni izhor qilib sabr qilaman, degan fikr har bir erkak va ayolning qalbida bo‘lishi lozim.

To‘rt farzi kifoya

— Dinimizda janozaga juda katta e'tibor beriladi. Musulmonning, mo‘minning huquqlari shunchalik e'zozlab qo‘yilganki, bir musulmon vafot etsa, muslimlar ahli zimmasiga to‘rt narsa yuklatiladi va bu “farzi kifoya” deyiladi. Bu shunday amallarki, faqat ayrim mo‘minlar tomonidan ado etilsagina soqit bo‘ladi, bo‘lmasa, barcha mo‘minlar gunohkor bo‘lib qolishadi. Bu to‘rt narsa: mayitni yuvish, kafanlash, uning janozasini o‘qish va olib borib dafn qilish. Mana shularni nihoyatda odob bilan, shariatga amal qilgan holda bajarib yuzaga chiqarish kerak.

Endi umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, bunday bir musibat paytida Alloh taologa nisbatan odob bilan turish kerak, mayitga nisbatan odob bilan turish kerak. Janozada qatnashayotgan inson o‘ziga nisbatan ham, mayitning yaqinlariga ham odob bilan yondashishi talab qilinadi. Mayitga nisbatan ana shu to‘rt narsa chiroyli bajarilishi uni so‘nggi manzilga bekamu-ko‘st kuzatishning payida bo‘lish lozim. Agar ortiqcha narsaga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, bu mayitga ham aziyat keltirishi mumkin.

Yaqinidan ayrilgan inson u vafot etganidan keyin ham unga nisbatan “Nima qilsak yaxshi bo‘ladi?” degan savolni qo‘yishi va shunga qarab ish ko‘rishi kerak.

“Marhumning ruhini noshod qilib qo‘yishdan saqlanish zarur”

— E'tiqodimiz bo‘yicha, jasaddan jon chiqsa-da, ruh o‘lmaydi; modomiki ruh tirik ekan, u o‘z yaqinlarining amallarini kuzatib turadi. Hadisi shariflarda keltirilishicha, ular o‘z yaqinlarining amallarini kuzatishadi va yaxshi amallardan ruhlari shod bo‘ladi, aks hollarda esa xafa bo‘lishadi. Shu sababdan ham ruhlari shod bo‘lsin deya duo qilinadi. Ularning ruhlarini noshod qilib qo‘yishdan saqlanish zarur.

Payg‘ambarimiz s.a.v. aytganlarki, qaysi bir ayol janozada ovozini ko‘tarib, dod-faryod qilib yig‘laydigan bo‘lsa, sochini qirib tashlasa, kiyimlarini yirtib tashlasa, Rasulullohning ummatlaridan bo‘lmay qoladi. Chunki avvalo bunday harakatlar zamirida Alloh taologa norozilik kayfiyati turadi. Bular odobga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar sanaladi, bunday amallarga johiliyat paytida yo‘l qo‘yilar edi. O‘sha paytda ayollar janozalarda shunday qilishardi va shunday ayollar bo‘lardiki, ularni yollab, yolg‘on yig‘iga ajr berilardi. Bular johillarning, mushrikalarning qilig‘i hisoblanadi.

“Marhumning hurmati – uning haqqiga duoda bo‘lishda”

— Janozaga borganda avvalo marhumga va uning yaqinlariga e'tibor qaratiladi. Marhumning hurmati – uning haqqiga duoda bo‘lishdir. Zikrlar aytish, chiroyli duolarni o‘qish vojib sanaladi. Chunki o‘sha mahalda marhum tiriklarning duolariga muhtoj bo‘lib turadi. Mo‘min birodarning haqqi shunday tarzda ado etiladi.

Marhumning yaqinlariga nisbatan ham shu hurmatni saqlash, ularga yetgan musibatni his qilish kerak: kimdir yig‘lagan-yig‘lamagani yoki dasturxon yozilgan-yozilmagani muhokama qilinmaydi.

Janoza bo‘lgan uyda 3 kungacha dasturxon yozilmasligi kerak, chunki ularga musibat yetdi – mashg‘ul qiladigan ish keldi. Bunday vaqtda yaqinlar, qo‘ni-qo‘shnilar ularning ko‘ngillariga qarab, taomlar hozirlab ko‘ngil so‘rashadi.

Uch”, “yetti”, “qirq” kabi marosimlarning birortasi shariatimizda yo‘q

— Aza – uch kun. Bundan oshirib yubormaslik kerak. Har qanday yaqin inson dunyodan o‘tganida ham uch kun aza tutiladi. Aza ko‘proq ayollarga xos bo‘lib, motam tutib, hazin bo‘lib, zeb-u ziynatlar, chiroyli kiyimlardan tiyiladi.

Uch kundan so‘ng yana avvalgi hayot tarziga qaytiladi, “uch”, “yetti”, “qirq” kabi marosimlarning birortasi shariatimizda yo‘q. Ta'ziya bo‘lgan xonadonda o‘tkaziladigan marosimlar ham katta bo‘lishi talab etilmaydi. Yaqinlarining qurbi yetsa, ehson qilishlari mumkin; biroq yetim qolganlar, haqdorlarning haqini tayin qilmay turib, umumiy merosdan bu narsalarni qilib yuborish joiz emas.

Janoza marosimiga kelgan ayollar o‘zlarini juda odob bilan tutishlari, xonadon egalariga noqulaylik tug‘diradigan vaziyatlarni keltirib chiqarmasliklari, o‘zlari uchun hozirlangan yerda bo‘lishlari, zarur bo‘lgan narsalarga aralashmasliklari, Allohning zikri bilan band bo‘lishlari maqsadga muvofiq.

Ta'ziyaga borganda to mayit dafn qilingunga qadar tahlil (“Laaa ilaha illalloh”) aytiladi. Dafn etilgandan so‘ng Qur'oni karimdan qiroat qilinadi va savobi marhumga bag‘ishlanadi. O‘tganning haqqiga duo o‘qib, gunohlari uchun istig‘for aytish, yaqinlariga chiroyli sabr tilash joiz.

Yaqin insonini yo‘qotgan – musibat yetgan insonning ajri ulug‘ hisoblanadi, shuning uchun ularga “Azzamallohu ajrokum” (Ajringizni ulug‘ qilsin) iborasi aytiladi. Chunki yetgan musibatning qadaricha ajr va'da qilingan. Bu o‘rinda “Inna lillahi va inna ilayhi rojiiuun” (“Biz Allohnikimiz va Allohga qaytuvchimiz”) oyatini o‘qish ham joiz qilib belgilangan.

Ummu Salama roziyollohu anhu aytadilarki, zavjlari Abu Salama vafot etganlarida Payg‘ambarimiz s.a.v. unga chiroyli sabr qilib, “Allohumma ajurniy fiy musibati vaxlufniy xoyron minha” deb duo qilishni aytadilar (ya'ni, Allohim, menga musibatimda ajr bergin va o‘rniga undan afzalini bergin). Shunda Ummu Salama ko‘ngillarida: “Jufti halolim Abu Salamadan yaxshisi bo‘larmidi?” degan fikrni o‘tkazadilar. Ammo vaqt-soati kelib Yaratgan bu ayolni Payg‘ambarimizdek zotning zavjasi bo‘lish baxtiga muyassar aylagan.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev.

Ushbu material Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan diniy ekspertizadan o‘tkazilib, tarqatishga ruxsat etilgan.

Mavzuga oid