Ilk marta belbog‘li kurash bo‘yicha Yevropa chempionati o‘tkazildi
Ukrainaning Lvov shahrida 7-10 oktyabr kunlari ilk marta o‘zbek milliy sporti bo‘lgan belbog‘li kurash bo‘yicha Yevropa chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 100 nafarga yaqin polvonlar 4 ta vazn toifasida (65kg, + 65, 90, +90 kg.) bellashdi. Musobaqada o‘zbekistonlik N.To‘ychiyev bosh hakamlik qildi.
Yevropa chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida polshalik sportchilar birinchi, mezbon – ukrainaliklar ikkinchi va litvalik polvonlar uchinchi o‘rinlarni band etishdi. Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan mukofotlandi.
Shuningdek, Lvov shahrida Ukraina belbog‘li kurashi bo‘yicha ham jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu chempionatda 16 ta davlatdan 200 nafarga yaqin polvonlar, jumladan 4 nafar o‘zbekistonlik polvon ham ishtirok etdi. +90 kg vaznda R.Umarov oltin, 90 kg. vaznda M.Soibboyev, +90 kg vaznda L.Badalov hamda +65 kg vaznda S.Sheraliyevalar bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Yevropa chempionati va ukraincha belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G‘aniyev ko‘magi ostida o‘tkazildi.
Ma'lumot uchun, mazkur assotsiatsiya joriy yil 27 sentyabrda Litva poytaxti Vilnyus shahrida rasman Yevropa Ittifoqidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, Yevropa chempionati doirasida jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasining kongressi ham bo‘lib o‘tdi. Unda jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglanib, tashkiliy masalalar hamda ijroqo‘m safini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Osiyo va Pan-Amerika belbog‘li kurash federatsiyalarini ochish xususida kelishuvlarga erishildi. Bu jarayon O‘zbekistonning milliy sporti hamda qadriyati bo‘lgan belbog‘li kurashning dunyo bo‘ylab yanada keng ommalashishiga zamin bo‘ladi.
Tadbirda assotsiatsiya rahbarlaridan yana biri bo‘lgan Mo‘min Muratov hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirovlar ishtirok etdi.