Saqlanib qolayotgan kamchiliklar, kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlar va bildirilgan umidlar. YeXHT missiyasi dastlabki hisobotini e'lon qildi
YeXHT missiyasi prezident saylovlari bo‘yicha dastlabki hisobotida mamlakatda demokratik islohotlar davom ettirilishi zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, yaqinda o‘tkazilgan samarali islohotlarga qaramay, O‘zbekistonda haqiqiy plyuralizm va prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida haqiqiy raqobat muhiti yetishmagani qayd etildi.
Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB), YeXHT Parlament Assambleyasi (YeXHT PA) va Yevropa Parlamenti kuzatuvchilarning qo‘shma missiyasi so‘nggi yillarda mamlakatdagi huquqiy baza jiddiy isloh qilingani va o‘zgarishlarning aksariyati avvalgi tavsiyalarga mos tarzda amalga oshirilganini tan oldi. Shunga qaramay, kuzatuvchilar saylov qonunchiligida hali qator kamchiliklar mavjudligi va u hamon demokratik saylovlarning xalqaro standartlariga to‘liq javob bermasligini ta'kidlab o‘tdi.
«Mamlakat Konstitutsiyasida insonning asosiy huquq va erkinliklari kafolatlanganiga qaramay, ular boshqa qonunchilik hujjatlari bilan cheklangan va amaliyotda ulardan yetarlicha qo‘llanayotgani yo‘q», deyiladi hisobotda.
Maxsus koordinator va YeXHTning qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasi rahbari Raynhold Lopatkaning fikricha, ushbu saylov, hozirgacha erishilgan yutuqlarning tasdig‘i sifatida so‘nggi yillardagi demokratik islohotlar davom ettirilishi zarurligini ko‘rsatib berdi. «Saylovda biroz yetishmagan asosiy erkinliklarga bo‘lgan to‘laqonli hurmat va siyosiy kuchlar o‘rtasidagi haqiqiy raqobat kishilarning demokratik orzu-umidlari ro‘yobga chiqishi uchun o‘ta muhim omildir», deydi u.
Qonunbuzarliklar
Qo‘shma missiya, ko‘plab saylov uchastkalarida saylov kunidagi ovoz berish jarayonini ijobiy baholab bo‘lmasligiga ham to‘xtaldi. Qo‘shma missiya hisobotiga ko‘ra, saylovda saylovchilarning ishtiroki 80 foizdan yuqori bo‘lgan, ammo unda ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilgan. «Xususan, ko‘p sonli saylovchilar tegishli tartiblar qo‘llanilmagan tarzda saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz o‘z saylov byulletenlarini topshirishi yoki boshqalar nomidan ovoz berish holatlariga yo‘l qo‘yilgan», deyiladi hisobotda.
Kuzatuvchilar, shuningdek, bir qancha saylov uchastkalarida saylov qutilariga bir kishi tomonidan bir necha byulletenlar tashlangan vaziyatlarni ham qayd etishgan. Ko‘p hollarda ovozlarni sanash tartib-qoidalariga rioya qilinmagani, saylov uchastkalarida esa natijalarni qayd etishda nomuvofiqliklar sababli ba'zi qiyinchiliklarga duch kelingani aytilgan.
«Mamlakatda yaqinda o‘tkazilgan va hozirda olib borilayotgan islohotlar istiqbolda o‘z mevasini berishi aniq. Biroq muxolifat partiyaning yo‘qligi va haqiqiy raqobat sezilmagani hamda saylov kuni ko‘zga tashlangan qator qoidabuzarliklar demokratiya jarayoni yo‘lidagi jiddiy to‘siq sifatida baholanishi mumkin», dedi Yevropa Parlamenti delegatsiyasi rahbari Haydi Hautala.
YeXHT PA delegatsiyasi rahbari Daniela de Ridder ayrim hollarda eski kamchiliklar hamon saqlanib qolganini aytib o‘tdi.
«Saylov jarayonlarida saylovchilar tili va jismoniy imkoniyatlaridan qat'i nazar, ular uchun yaratilgan ochiq ovoz berish sharoiti yaratilganini ham yuqori baholagan bo‘lsak-da, ba'zi tartiblarda ko‘zga tashlanmaydigan eski kamchiliklar hali ham saqlanib qolganini kuzatdik. Xususan, ovozlarni sanash jarayonida bunday holatlarga ko‘proq yo‘l qo‘yilgan», dedi u.
U qayd etilgan yuqori darajadagi huquqiy islohotlar davom ettirilib, jamiyatning barcha sohalarida o‘zining ijobiy natijasini berishi, demokratik siyosiy madaniyat mustahkamlanib, nihoyat bu kabi salbiy holatlarga barham berilishiga umid bildirgan.
Ayollarning mamlakat siyosiy hayotidagi o‘rni
Saylovchilar uchun siyosiy tanlovlar kamligiga e'tibor qaratilgan. Prezidentlikka nomzodlarning biri ayol kishi bo‘lgani, Konstitutsiyada erkak va ayollarning tengligi kafolatlangani, shuningdek, parlamentdagi deputat xotin-qizlar soni yaqinda sezilarli darajada oshganiga qaramay, ayollar mamlakat siyosiy hayotida yetarlicha ishtirok eta olmayotgani ta'kidlangan.
«Amaldagi prezident va uning hozirgi nomzod sifatidagi roli, umuman olganda
chalkashtirib yuborilgan va bu unga asossiz darajada ustunlik bergan. Bundan tashqari, aksariyat xususiy ommaviy axborot vositalari amaldagi prezidentning faoliyatini boshqa nomzodlar haqidagi xabar va lavhalarni qo‘shib hisoblagandan ham ko‘proq darajada yoritib yuborgan. Qolaversa, monitoring qilingan ommaviy axborot vositalari ham hozirgi prezident olib borayotgan ishlarga ancha keng urg‘u bergan.
Mahalliy hokimiyat va ijtimoiy masalalarni yoritish, ayniqsa, internetda ancha keskin tus olgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar ommaviy axborot vositalarida yuqori mansabdor shaxslar va nomzodlar haqida deyarli hech qanday tanqid bo‘lmaganini qayd etishdi. OAV uchun qonunchilik bazasining cheklangani, shuningdek, jurnalistlar va blogerlarni vaqtincha hibsda saqlash qo‘rqitish va tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘plab jurnalistlarning o‘zini o‘zi senzuralashga olib keldi hamda keng jamoatchilikka ochiq bo‘lgan ma'lumotlar va qilinadigan tahlil hajmini yanada kamaytirdi», deyilgan hisobotda.
Islohotlar kelgusida yaxshi natijalar berishi mumkin
DIIHBning Saylovni kuzatish missiyasi rahbari Ouen Myorfi hali qilinadigan ishlar talay ekanini ta'kidlagan.
«Uzoq muddatli kuzatuvlar davomida o‘tkazilayotgan islohotlar kelgusida ancha yaxshi natijalar berishi mumkinligiga ishonch hosil qildik, lekin hali oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar bor. So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va internet muhitida ancha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilganiga qaramay, fuqarolar o‘z fikrlarini erkin va to‘liq ifoda etishlari nazorat ostida qolmoqda», degan u.
Ma'lumot uchun, saylovni kuzatuvchilar xalqaro missiyasida DIIHB ekspertlari, uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilardan jami 255 nafar, YeXHT Parlament Assambleyasidan 99 nafar parlamentariy va xodim, Yevropa Parlamentidan 12 nafar vakil - jami 44 mamlakatdan 366 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi.
Mavzuga oid
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
21:49 / 08.11.2024
Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?
18:42 / 07.11.2024