Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lukashenkoni shifoxonada himoya niqobini taqishga majbur qilishdi (video)
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Grodno oblastiga tashrifi davomida koronavirusga chalingan bemorlar davolanadigan shifoxonada bo‘ldi. E'tiborlisi, himoya niqobisiz bo‘lgan Lukashenko unga hamrohlik qilgan amaldorlar qistovidan keyin uni taqishga va qo‘liga antiseptik bilan ishlov berishga majbur bo‘ldi.
Ushbu holat videosi prezident matbuot xizmati bilan hamkorlik qiluvchi “Pul Pervogo” Telegram-kanalida joylashtirildi.
Videoda Belarus rahbari boshdan oyoq himoya vositalarida bo‘lgan mahalliy amaldorlar va shifoxona xodimlari qurshovida bir o‘zi niqobsiz turganini ko‘rish mumkin. Shunda unga hamrohlik qilgan amaldorlar, jumladan sog‘liqni saqlash vaziri prezidentdan himoya vositalaridan foydalanishni, jumladan himoya niqobini taqishni iltimos qilishgan.
Lukashenko esa niqob unga xalaqit qilishini aytib, uni istamaygina taqa boshlagan. Bunda atrofdagi odamlar unga niqobni qanday taqish, uni buringa qanday siqib qo‘yish kerakligini o‘rgatib turishgan. Xodimlardan biri prezidentning qo‘llariga antiseptik bilan ishlov berganda, Lukashenko zararsizlantiruvchi vositani uning qo‘lidan tortib olib, “Endi tinchlanasanmi?” deya o‘zining boshi va yuziga sepgan.
Belarus prezidenti jarrohlik blokiga kirganda niqobni burnidan pastga tushirib qo‘ygan. Shunda Lukashenkoning yonidagi odamlardan biri undan qat'iy ohangda niqobni ko‘tarishni talab qilgan.
Belarus rahbari amaldorlar bilan suhbatda xorijiy vaksinalardan biri bilan emlangani sababli koronavirusdan davolanayotgan odamlar yotgan shifoxonalarga qo‘rqmasdan borishi haqidagi gap-so‘zlarni inkor etgan. Uning aytishicha, Belarus muxolifati aholining miyasiga mamlakatga xorijiy vaksinalarni olib kirish zarurligi haqidagi fikrni ataylab singdirmoqda.
“Nima uchun? Emlanib, bu haqida pasport olib, “o‘zlarining rahnamolari” oldiga “ko‘rsatmalar” olishga borish uchun. G‘arbga chiqish uchun, mana bu ularga nimaga kerak. O‘sha yerga borib, emlana qoling”, deb aytgan Belarus rahbari.
Lukashenko, shuningdek, pandemiya borasidagi o‘z pozitsiyasiga izoh bergan. Uning aytishicha, “hamma balo miyada va qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinadi”.
Avvalroq Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont prezident koronavirusga chalingan bemorlar yotgan shifoxonalarga tashrifi vaqtida ba'zida niqob taqmasligi sababini tushuntirib o‘tgan. Uning aytishicha, Belarus rahbari bu borada “hammasi ixtiyoriy ravishda bo‘lishi kerak” degan tamoyilga amal qiladi.
Mavzuga oid
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
22:19 / 25.04.2025
Lukashenko Polsha va Litvani migrantlar sabab xavotirga tushmaslikka chaqirdi
18:00 / 25.03.2025
Dunyoning yarmi Belarusdagi kabi diktaturani orzu qiladi – Lukashenko
17:25 / 25.03.2025