Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada kovid qurbonlari soni bo‘yicha yangi antirekord, hududlarda komendantlik soati joriy etilmoqda
Rossiyada koronavirusdan o‘lim holatlari maksimumni yangiladi va pandemiya davrida ilk bor 1,1 minglik nuqtadan o‘tildi. Shu bilan birga, Covid-19ga chalinish bilan bog‘liq kunlik holatlar o‘tgan kuni qayd etilgan maksimumdan keyin pasaydi. Ilk region komendantlik soati joriy etilgani va jamoat transporti faoliyati to‘xtatilganini e'lon qildi - bu Xakasiya.
Infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir kunda Rossiyada koronavirusga chalingan 1106 kishi vafot etdi. Bu pandemiya davridagi rekord ko‘rsatkich sanaladi, avvalgi maksimum o‘tgan haftaning shanba kuni qayd etilgandi - 1075 o‘lim.
Koronavirus bilan bog‘liq o‘limlar soni qatorasiga sakkizinchi kun 1 mingdan yuqori bo‘lmoqda. Bir kun oldin rasmiy statistika bo‘yicha Covid-19 bilan bog‘liq 1069 o‘lim, yakshanba kuni esa - 1 072 o‘lim ro‘yxatga olingandi.
Eng ko‘p qurbonlar Moskvada qayd etilmoqda - 86 (bir kun oldin 83 edi), shuningdek, Peterburgda 72, Krasnodar o‘lkasida - 40 kishi vafot etgan. Iyun oyi oxirlarida Moskvada kuniga 120 atrofida o‘lim holatlari ro‘y bergan, Peterburgda ham o‘lim darajasi shunga yaqin bo‘lgandi.
Shtab ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami o‘lim holatlari 232 775taga yetgan. Rosstatda esa raqamlar ko‘proq, unga ko‘ra pandemiya davrida koronavirusga chalingan rossiyaliklarning 400 mingdan ortig‘i vafot etgan.

Shu bilan birga, Covid-19ga chalinish bo‘yicha kunlik holatlar pasaya boshladi - bir kun oldin 37 930 holat qayd etilgan (bu pandemiya davridagi yangi rekord bo‘lgandi), bugun esa yana 36 446 kishiga tashxis qo‘yilgani tasdiqlandi, yakshanba kuni bu ko‘rsatkich 35 660tani tashkil qilgan.
Avvalgi kunlarda bo‘lgani kabi, kasallanish asosan Moskvadagi holatlar evaziga pasaymoqda - Rossiya bo‘yicha pasayish 1 484 holatga teng bo‘lgani holda, poytaxtda pasayish 1 704 holatni tashkil etgan (so‘nggi kunda 6 074ta yangi holat qayd etilgan), ya'ni qariyb 22 foizga. Moskva oblastida bir kun oldingi 3 127 o‘rniga 2 930 holat qayd etilgan, Peterburgda o‘sish kuzatilgan - 2 693dan 2 735ga.
Ilk komendantlik soati
Shu haftada Rossiyada ishlanmaydigan kunlar amal qilishi boshlanadi: 30 oktyabrdan butun mamlakat bo‘ylab, 28 oktyabrdan - Moskvada. Ayrim regionlarda bu rejim dushanba kuniyoq kuchga kirgan.
Moskva va Peterburgda qisman lokdaun e'lon qilingan - unga ko‘ra bu shaharlarda faqat oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar, dorixonalar, emlash punktlari va yana bir qancha tashkilotlar ishlashiga ruxsat beriladi. Restoranlar, kafe va barlar 7 noyabrga qadar yopiq turadi. Moskva rasmiylari shu kunlarda hozircha lokdaun muddati uzaytirilishi ko‘zda tutilmayotganini ma'lum qildi.
Xakasiyada kovid tufayli komendantlik soati joriy etildi - bu Rossiyaning shunday chora qo‘llangan ilk regionidir. 28 oktyabrdan e'tiboran respublikada kechki soat 22:00dan ertalabki soat 6:00ga qadar yashash joyini tark etish taqiqlanadi. Ishlashiga ruxsat berilgan korxonalar xodimlari bundan mustasno.
Hududda 7 noyabrga qadar jamoat transporti faoliyati to‘xtatiladi. Taksichilar faqat emlanganlik haqidagi sertifikat bilan ishlashi mumkin. 60 yoshdan kattalar uchun o‘zini ihotalash rejimi amal qiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar yopilgan.
Rospotrebnadzor Sverdlovsk oblastida ham ishlanmaydigan kunlarda lokdaun joriy etishni taklif etgan - barcha tadbirlarni bekor qilishni, kafe va restoranlarni yopishni, maktablar va bolalar bog‘chalarida ta'til e'lon qilishni (Moskvadagi ko‘plab maktablar dushanbadan ta'tilga chiqqan).
Prezident Vladimir Putin farmoni asosida ishlanmaydigan kunlar e'lon qilinishi munosabati bilan sayyohlar ko‘payishi ehtimoli tufayli ayrim regionlar qo‘shimcha choralar joriy etgan. Bu hududlarda mehmonxonalarga faqat koronavirusga qarshi emlangan mijozlar qabul qilinadi. Kaliningrad oblastida (pandemiya vaqtida sayyohlar uchun mashhur bo‘lgan yo‘nalish) chegaralar yopilgan - ishlanmaydigan kunlar bu hududda ham 28 oktyabrdan boshlanadi.
«Moskvada lokdaun rejalashtirilmayapti»
Rasmiylar kasallanish darajasi va o‘lim holatlari soni yuqori bo‘lib ketganini vaksinatsiya juda past templarda olib borilgani bilan izohlagan. Shu bilan birga, Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova odamlar vaksina qabul qilishni xushlamasligini davlatga ishonchsizlik bilan bog‘lamasligini aytgan. «Men bu pozitsiyaga qo‘shilmayman», degan u Birinchi kanaldagi «Pozner» dasturida.
Popova kiritilgan koronavirus cheklovlarini lokdaun deb atayotganlarga ham qo‘shilmasligini bildirgan. «Oldindagi dam olish kunlari - lokdaun emas. Men bunday deb hisoblamayman, odamlar o‘z oila a'zolari bilan ko‘proq muloqot qilib, ko‘proq vaqtini ochiq havoda o‘tkazishi mumkin», degan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, sentabr oyi oxiridan kasallik tarqalishi tezlashganini sekinlashtirish va zanjirlarni uzish uchun shunday yo‘l tutish kerak.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham seshanba kuni, «Moskvada lokdaun yo‘qligi va bu rejalashtirilmayotgani» haqida gapirdi.
Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko mamlakatdagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qildi:
- Ayni vaqtda mamlakatdagi kovid-kasalxonalarda o‘rinlarning atigi 12 foizi bo‘sh;
- Vaziyat og‘irlashgani tufayli 13 regionda cheklovlarni qat'iylashtirishga zarurat bor;
- 268,5 mingdan ortiq bemor shifoxonalarga yotqizilgan, shundan 11 foizi og‘ir ahvolda;
- 60 mingdan ortiq bolalar koronavirusga qarshi davolanmoqda, ularning yarmida - kovidning yaqqol alomatlari kuzatilgan.
Mavzuga oid
15:03 / 10.12.2024
Xitoy koronavirus Uhan laboratoriyasida yaratilganini rad etdi
17:43 / 03.12.2024
AQSh kongressmenlari koronavirus laboratoriyada yaratilganiga beshta dalil keltirdi
23:36 / 19.09.2024
Olimlar Xitoydagi Uxan bozori koronavirusning dastlabki o‘chog‘i bo‘lganini isbotladi
13:54 / 18.09.2024