Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Termiz va Boysun tumanlari hokimliklari sessiyadan so‘ng qaror chiqarilgani mas'ul xodimlarning xatosi bilan sodir bo‘lganini ma'lum qildi
Bugun Kun.uz’da Taxiatosh, Boysun, Bo‘ston va Termiz tumanlari hokimlari mahalliy kengash deputatlarini sessiyaga chaqirish haqida qarorini sessiya o‘tib bo‘lgandan so‘ng chiqargani haqida xabar berilgandi. Mazkur xabar yuzasidan Termiz va Boysun tumani hokimligi axborot xizmatlari munosabat bildirdi.
E-qaror portalidagi axborotlardan ma'lum bo‘lishicha, Taxiatosh, Boysun, Bo‘ston va Termiz tumanlari hokimlari mahalliy kengash deputatlarini sessiyaga chaqirish haqida qarorni sessiya o‘tib bo‘lganidan keyingi sanalarda imzolagan.
Jumladan:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimi I.Matkarimov 5 oktyabrdagi qarori bilan Xalq deputatlari tuman kengashining majlisini 4 oktyabr kuniga chaqirgan.
Surxondaryo viloyati Boysun tumani hokimi A.Jo‘rayev 13 oktyabrda qaror chiqarib, deputatlar majlisini 11 oktyabrga chaqirgan.
Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi v.b. S.Nosirova esa 13 oktyabrda qaror chiqarib, 9 oktyabrga deputatlar majlisini chaqirgan.
Surxondaryo viloyati Termiz tumani hokimi Sh.O‘rinov 25 oktyabrdagi qarori bilan 21 oktyabr sanasiga majlis chaqirgan.
Termiz tumani hokimligi axborot xizmatining munosabatida yozilishicha, haqiqatan ham Termiz tumani hokimining sessiya chaqirish to‘g‘risidagi qarori 21 oktyabr kuniga belgilangan bo‘lsa-da, ushbu qaror 25 oktyabr kuni qabul qilingan. Holat o‘rganilganda sessiyani o‘tkazish haqidagi hokim qarori loyihasi elektron dasturga kechiktirib kiritilgani aniqlangan.
«Ma'lum bo‘lishicha, ishga yangi qabul qilingan xodim tomonidan mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilib, qaror loyihasi rahbarga imzolash uchun kech kiritilgan. Aslida tuman Kengashi sessiyasi 21 oktyabrda qonuniy tarzda o‘tkazilgan va kun tartibidagi masalalar amaldagi qonunlar asosida to‘liq ko‘rib chiqilgan.
Yuqoridagi holatga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimga nisbatan amaldagi qonunlar asosida chora ko‘rilishi ta'minlanib, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilganligini ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.
Boysun tumani hokimligi axborot xizmatining munosabatida yozilishicha, Boysun tumani hokimining sessiya chaqirish to‘g‘risidagi qarori 11 oktyabr kuniga belgilangan bo‘lib, ushbu qaror 13 oktyabr kuni qabul qilingan. Bu yerda ham xato mas'ul xodimning e'tiborsizligi tufayli sodir bo‘lgani ma'lum qilingan.
«Ushbu holat o‘rganilganda mas'ul xodimning e'tiborsizligi tufayli tayyorlangan qaror loyihasi kechiktirib elektron dasturga kiritilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimga nisbatan yig‘ilish bayonnomasiga asosan qonunda belgilangan intizomiy jazo chorasi qo‘llanganligini ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.