Jahon | 17:04 / 27.10.2021
10154
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Afg‘oniston bilan chegarada terrorchilar faollashayotganini ma'lum qildi

Sirojiddin Muhriddin Tojikiston «hokimiyat tepasiga kuch ishlatish yo‘li bilan, butun xalq, shuningdek, boshqa etnik guruhlar fikrini inobatga olmagan holda» kelgan hukumatni tan olmasligini ta'kidladi.

Foto: AP

Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh shimoliy tumanlarida terrorchilar faollashmoqda. Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin Tehronda o‘tkazilayotgan Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar (Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) uchrashuvida aytdi.

«Hozirda Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari, ayniqsa, bizning mamlakatimiz bilan chegaradosh joylarda terrorchi guruhlar faoliyati kuchaymoqda», — dedi u.

Muhriddin Tojikiston «hokimiyat tepasiga kuch ishlatish yo‘li bilan, butun xalq, shuningdek, boshqa etnik guruhlar fikrini inobatga olmagan holda» kelgan Kobuldagi hukumatni tan olmasligini ta'kidladi.

«Tojiklar yangi hukumatdan o‘rin egallashi kerak, chunki ular mamlakat umumiy aholisining 46 foizini tashkil etadi», — dedi u.

Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarning birinchi uchrashuvi 8 sentyabrda onlayn shaklda o‘tkazilgandi. Tehronda o‘tkazilayotgan uchrashuvda tomonlar Afg‘onistonda barcha etnik guruhlar ishtirokidagi inklyuziv hukumatni shakllantirishda qanday yordam berish mumkinligi borasida o‘z sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirishni rejalashtirgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid