O‘zbekiston | 16:33 / 27.10.2021
16164
3 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta tuman hokimi o‘tib ketgan sanaga sessiya chaqirdi

Taxiatosh, Boysun, Bo‘ston va Termiz tumanlari hokimlari mahalliy kengash deputatlarini sessiyaga chaqirish haqida qaror imzoladi, lekin qaror chiqqan paytda majlis belgilangan sana o‘tib bo‘lgan edi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev 4ta tuman hokimi tomonidan o‘tmishga oid qarorlar qabul qilinganiga e'tibor qaratdi.

E-qaror portalidagi axborotlardan ayon bo‘lishicha:

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumani hokimi I.Matkarimov 5 oktyabrdagi qarori bilan Xalq deputatlari tuman kengashining majlisini 4 oktyabr kuniga chaqirgan.

Surxondaryoning Boysun tumani hokimi A.Jo‘rayev 13 oktyabrda qaror chiqarib, deputatlar majlisini 11 oktyabrga chaqirgan.

Andijonning Bo‘ston tumani hokimi v.b. S.Nosirova esa 13 oktyabrda qaror chiqarib, 9 oktyabrga deputatlar majlisini chaqirgan.

Surxondaryoning Termiz tumani hokimi Sh.O‘rinov 25 oktyabrdagi qarori bilan 21 oktyabr sanasiga majlis chaqirgan.

“O‘zbekistonda ilm-fan rivojlanmagan deyishadi. Bo‘lmagan gap! Mana, ayrim hududlarda vaqtni orqaga qaytaruvchi mashina ixtiro qilishibdi. Natijada hokimlar o‘tmishga oid qarorlar qabul qilishmoqda.

Hokimlar baraka topishsin, ilm-fanda bundan ham katta yutuqlarga erishishiga tilakdoshman”, – deya kinoya qilgan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

U so‘zi yakunida hokimlar mahalliy kengashlarga raislik qilaversa, “shunaqa maynabozchiliklar hali ko‘p davom etishi”ni bildirgan.

Rasmiylarning so‘nggi bayonotlaridan xulosa qilinsa, O‘zbekistonda hokimlar saylovini o‘tkazish va ularni kengash raisligidan ketkazish masalasi yana bir necha yillarga cho‘ziladi.

Saylanmagan o‘zbek hokimlarining yuqoridagi harakatlari esa amerikalik mashhur nazariyotchi fizik Stiven Hokingning “tajriba”sini yodga soladi.

Nazariyotchi fizik Stiven Hoking vaqtlararo sayohat qilish imkonsizligini isbotlash maqsadida bir “tajriba”ga qo‘l uradi.

Unga ko‘ra, olim 2009 yil 28 iyun kuni bazm tashkil etadi. Biroq ushbu bazmga hech kim kelmaydi. Gap shunda ediki, olim bazm tugagunicha mehmonlardan hech kimni taklif etmaydi. U bazm tugaganidan so‘nggina mehmonlarga o‘tmishdagi vaqtda bo‘lib o‘tgan mehmondorchilikka taklifnoma jo‘natib chiqadi.

Olim bazm davomida kelajakda beradigan taklifnomasi orqali kimdir bazmga kelib qolarmikan, deb uzoq kutadi. Agarda chaqiriladiganlar ro‘yxatidan biror kishi bazmga kelsa, bu o‘tmishga sayohat qilish mumkinligiga isbot bo‘lib xizmat qilgan bo‘lardi.

“U yerda uzoq o‘tirdim, lekin hech kim kelmadi”, degan Stiven Hoking “tajriba” haqida so‘zlayotib.

Shu tariqa, olim o‘tmishga sayohat qilish imkonsizligiga o‘z tajribasi orqali guvoh bo‘lganini ta'kidlaydi.

Mavzuga oid