O‘zbekiston | 22:03 / 27.10.2021
10597
4 daqiqa o‘qiladi

Xatirchida maktab ta'miri chala qoldi. O‘quvchilar sovuq xonalarda ta'lim olyapti

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 45-umumta'lim maktabi joriy yil investitsiya dasturi asosida mukammal ta'mirlashga tushgan edi. 15 avgust kuni foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari haligacha yakuniga yetkazilmay, chala holda tashlab qo‘yilgan.

O‘quvchilar sovuq sinf xonalarida ta'lim olishga majbur bo‘lishyapti.

Foto: KUN.UZ

Maktabning 2 ta o‘quv binosi bo‘lib, birining qurilganiga 45 yil, ikkinchisinikiga esa qariyb 55 yil bo‘lgan. Bu davrda maktab binosi bir necha marta joriy ta'mirlangan. 2021 yilda esa hududdagi ota-onalarning murojaati bilan maktab mukammal ta'mirlash uchun investitsiya dasturiga kiritilgan hamda buning uchun 4 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘ ajratilgan.

Qurilish-ta'mirlash ishlari “Suxrob Mizrob Tillo” MChJ tomonidan aprel oyida boshlangan. Rejaga ko‘ra, maktab 15 avgustda foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq qurilish firmasi tomonidan ishlar yakuniga yetkazilmay, chala holda tashlab qo‘yildi.

Ayni vaqtda maktabda na issiqlik tizimi ishlaydi, na ichimlik suvi bor. Ko‘plab sinf xonalari hamda sport zalda ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Qurilish ishlari sifatsiz bajarildi, ko‘p joylari esa oxiriga yetkazilmadi, chala qolib ketdi. Bu borada bir necha marotaba viloyat va tuman hokimliklariga, boshqa tegishli organlarga murojaat qildik. Lekin murojaatlarimiz natijasiz qoldi, hech qanday munosabat bildirilmadi.

Hozir qurilish-ta'mirlash ishlari davom ettirilayotgani ham yo‘q, deyarli to‘xtab qolgan. Hademay qish keladi. Issiqlik tizimi ulanmagan, sinf xonalari sovuq. Sinf xonalarining ko‘pchiligi tayyor ham emas. Bajarilgan qurilish-ta'mirlash ishlarining ko‘pchiligi bugungi kun talabiga javob bermaydi”, – deydi maktab xodimi Isroil Xolboyev.

Maktabda qurilish ishlarini olib borgan “Suxrob Mizrob Tillo” MChJ ish yurituvchisi Ibod Hayitov ish o‘z vaqtida yakunlanmaganini belgilangan rejadan tashqari qo‘shimcha ishlar qo‘shilgani bilan izohladi.

May oyida ish boshlaganmiz. 15 avgustda topshirishimiz kerak edi. Ayrim sabablarga ko‘ra, ya'ni belgilangan rejadan ortiqcha qo‘shimcha ishlar qo‘shilganligi uchun kechikdik. Endi uzog‘i bilan 10 kunda barcha ishlarni yakunlab, issiqlik tizimini ulab beramiz”, – deya ta'kidladi Ibod Hayitov.

“Suxrob Mizrob Tillo” MChJ rahbari Samad Xudoyberdiyev ham viloyat hokimligi mas'ullari tomonidan loyihadan tashqari ish buyurilgani, jumladan, maktab atrofini temir panjara bilan o‘rash ular uchun qo‘shimcha ish bo‘lganini, qurilish ishlari tez kunlarda yakunlanishini aytib o‘tdi.

Kun.uz holatni 20 oktabr kuni o‘rgangan edi. Oradan 6 kun o‘tib, 26 oktabr kuni Kun.uz bilan telefon orqali bog‘langan maktab xodimlaridan biri qurilish ishlarida hamon o‘zgarish qilinmaganini ma'lum qildi.

Kun.uz qurilish obekti buyurtmachisi bo‘lgan Navoiy viloyati hokimligi kapital qurilish injiniring kompaniyasi rahbari Alisher Turdiyev bilan ham telefon orqali bog‘landi. Alisher Turdiyevga ko‘ra, qurilishga ajratilgan mablag‘ning ma'lum qismi yaqinda hal bo‘lgan hamda hafta oxiriga qadar maktabda ishlar to‘liq yakuniga yetkaziladi.

Tegishli mas'ullar va buyurtmachi mazkur holatni nazoratga olishi zarur. Chunki kunlar sovib bormoqda. Ishlar yakuniga yetkazilmasa, mazkur maktabda o‘quvchilarning ta'lim olishi imkonsiz bo‘lib qoladi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid