O‘zbekiston | 07:53 / 29.10.2021
3093
2 daqiqa o‘qiladi

Issiqlik tarmoqlarining 60 foizi ta'mirtalab ahvolda - vazirlik

O‘zbekistonda issiqlik tarmoqlarining 60 foizi ta'mirtalab ahvolda, tarmoq yo‘qotishlari - 40 foiz. Bu haqda AOKAda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Foto: AOKA

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 38 382 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ulardan 15 120 tasi markazlashgan issiqlik ta'minotiga, 5 588 tasi individual issiqlik ta'minotiga ega. Qolgan 17 674 ta ko‘p qavatli uy boshqa turdagi loyihasiz isitish moslamalaridan foydalanib kelmoqda.

“Respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan 20 ta issiqlik ta'minoti korxonasi balansidagi 500 ta qozonxona ish faoliyatida bo‘lib, ushbu qozonxonalardagi qozonlar ma'nan eskirgan. Mavjud 4 500 km issiqlik tarmoqlaridan 2 500 km qismi (60 foiz) ta'mirtalab ahvolda, tarmoq yo‘qotishlari esa 40 foizni tashkil etmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha Buxoro (68 foiz), Navoiy (85 foiz), Toshkent viloyatlari (66 foiz) va Toshkent shahrida (100 foiz) markazlashgan issiqlik ta'minoti tizimi mavjud.

O‘tgan mavsumdagi kamchiliklar tahlili natijalari asosida hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va ko‘p qavatli uy-joy fondini 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumiga barqaror ishlashini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yilda vazirlik tasarrufidagi issiqlik ta'minoti tashkilotlarida jami 578 ta markaziy va mahalliy qozonxonalar hamda issiqlik tarmoqlarida sinov tekshiruv ishlari amalga oshirilib, natijasiga ko‘ra 94 ta qozonxonalar, 930 ta qozonlar va 747 km issiqlik tarmoqlari mukammal va joriy ta'mirlanishi belgilab olindi.

Mavzuga oid