Jahon | 23:44 / 29.10.2021
11975
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreyada pul o‘rniga kuponlar bosilmoqda va yegulik sifatida dekorativ qushlar ko‘paytirilmoqda - OAV

Foto: otkrytyx istochnikov

Shimoliy Koreyada Xitoydan qog‘oz va valutani bosish uchun bo‘yoqlar yetkazilmayotgani sababli pul o‘rniga kuponlar bosilmoqda. Oziq-ovqat inqirozi sababli esa hukumat aholini dekorativ qushlar – qora turnalarni iste'mol qilishga chaqirmoqda.

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, mamlakatda kuponlar bir necha oydan beri bosilmoqda.

“Shimoliy Koreya naqd pul o‘rniga kuponlar bosmoqda va oziqa manbayi sifatida qora turnalarni ko‘paytirmoqda”, deyilgan xabarda.

Mahalliy OAVga tayanib xabar berilishicha, mamlakat markaziy banki mahalliy valuta – Shimoliy Koreya voni yetishmayotgani sababli kuponlarni bosa boshlagan. Ta'kidlanishicha, bunga Xitoydan valutani bosishda qo‘llangan qog‘oz va bo‘yoq keltirilmayotgani sabab hisoblanadi. Kuponlar mamlakatda kamida avgustdan beri muomalada aylanmoqda.

Joriy haftada esa Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari qora turna go‘shtini qimmatli oziqa manbayi sifatida targ‘ib qila boshlagan va bu turdagi qushlarni ko‘paytirish odamlar hayotini yaxshilashga yordam berishini ta'kidlamoqda.

“Qora turna go‘shti mazali va shifobaxsh xususiyatlarga ega”, deb aytilgan partiya nashri Rodong Sinmun’da.

Ta'kidlanishicha, dekorativ qushlar hisoblanuvchi qora turnani iste'mol uchun ko‘paytirish mamlakatda 2019 yilda boshlangan. O‘shanda hukumat o‘z-o‘zini ta'minlash maqsadida maktablar, zavodlar va korxonalarni baliq va parrandani ko‘paytirishga chaqirgan.

Xalqaro kuzatuvchilar Shimoliy Koreyada oziq-ovqat va iqtisodiyot bilan bog‘liq vaziyat og‘ir ekanini aytishmoqda. Ta'kidlanishicha, dekorativ qushlarni ko‘paytirish kabi “antiqa innovatsiyalar” oziq-ovqat taqchilligi sababli joriy qilinmoqda. Taqchillikka esa pandemiya sababli chegaralar yopiqligi olib kelgan. Buning ortida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In “har bir guruch donini asrab-avaylash” va Rossiya hamda Xitoy bilan chegaralarni ochish haqida farmon qabul qilgan.

Mamlakat anchadan beri oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekib keladi. Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, Shimoliy Koreya iqtisodiyotidagi tanazzul xalqaro sanksiyalar, tabiiy ofatlar va pandemiya sababli yanada kuchaymoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid