Jahon | 12:28 / 29.10.2021
8860
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda yonilg‘i sotib olish cheklab qo‘yildi

Xitoy hukumati mamlakatda davom etayotgan energetik inqiroz sharoitida haydovchilarga sotiladigan yonilg‘i miqdorini cheklab qo‘ydi. Endilikda bir mashinaga 100 litrdan ko‘p benzin sotilmaydi.

Foto: Getty Images

VVS telekanalining Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilariga tayanib xabar berishicha, yuk mashinalar haydovchilari o‘z avtomobilini yonilg‘i bilan to‘ldirish uchun kun bo‘yi navbatda turishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday mashinalar baki ming litrgacha benzin ololsa ham, ularga 100 litrdan ko‘p benzin sotishga ruxsat berilmayapti. 

Xitoyning ba'zi joylarida yanada qat'iyroq choralar kiritilgan. Ba'zi hududlarda haydovchilarga 25 litrdan ko‘proq benzin sotib olish taqiqlangan bo‘lsa, boshqa hududlarda 300 yuangacha (47 dollar) benzin sotib olishga ruxsat berilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy hamon energetik inqiroz holatida qolmoqda – mamlakatda gaz va ko‘mir zaxiralari qisqarib ketgani zavodlarning ommaviy yopilishiga va ba'zi joylarda elektr ta'minotining navbati bilan uzilishiga olib kelgan.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, bunday vaziyat pandemiya vaqtida vujudga kelgan global logistika inqirozini yanada chuqurlashtirishi mumkin, chunki yonilg‘i taqchilligi uzoq masofalarga tovarlarni tashishga va buning oqibatida savdo hajmiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Sentyabr oxirida Britaniyada ham yonilg‘i inqirozi kuzatilgandi. Mamlakatdagi AYoQShlarning yarmiga yaqini yonilg‘isiz qolgandi, yonilg‘i borlarida esa katta navbatlar vujudga kelgandi. Bu muammo mamlakatda yuk mashinalari haydovchilari yetishmayotgani bilan izohlangandi.

Avvalroq Britaniya hukumati mamlakatda yonilg‘i inqiroziga barham berilgani, yonilg‘iga talab 3 marta kamaygani, omborlar esa u bilan 45 foizga to‘lganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid