Frontga aylangan futbol maydoni: «Paxtakor» g‘alabasidan so‘ng Kutaisida odamlar halok bo‘lgandi
1970 yil 30 oktyabrida Gurjistonning Kutaisi shahridagi stadionda futbol muxlislari katta tartibsizlik keltirib chiqargan. Bunga sabab mahalliy «Torpedo» «Paxtakor»ga yutqazib, birinchi ligaga ravona bo‘lgani edi.
Shu kuni Kutaisidagi stadionda mahalliy avtozavodga tegishli «Torpedo» klubi Toshkentning «Paxtakor» jamoasi bilan futbol bo‘yicha SSSR oliy ligasining navbatdagi turida o‘zaro to‘qnash keladi. «Torpedo» 1:4 hisobida yutqazgach, muxlislar stadionda tartibsizlik boshlashadi va o‘rindiqlarini sindirib, g‘ishtlarni qo‘porib maydonga uloqtirishadi.
Tunda tartibsizliklar butun shaharga yoyiladi: odamlar ko‘chalarda turgan ko‘plab mashinalarni yoqib yuborishadi, binolarning oynalarini sindirishadi.
Vaziyat militsiya nazoratidan chiqib ketgach, Kutaisiga harbiy bo‘linmalar kiritiladi. O‘rtada otishma sodir bo‘lib, aholi vakillaridan, militsiya xodimlari va harbiylardan bir necha odam halok bo‘ladi, ko‘pchilik yaralanadi. O‘sha hodisalarga guvoh bo‘lganlar keyinchalik «Kutaisi shahridagi vaziyat xuddi frontdagi holatga o‘xshab qolgani» haqida aytishgan edi.
«Torpedo» – «Paxtakor» o‘rtasidagi muhim bahs
1970 yilda SSSR oliy ligasi bahslari tugashiga bir o‘yin qolganda «Paxtakor» Kutaisining «Torpedo» jamoasiga qarshi safarda to‘p surishi kerak edi. O‘shangacha «Paxtakor» 26 ochko, «Torpedo» esa 23 ochko jamg‘argandi.
Ikki jamoa ham turnir jadvalining quyi o‘rinlarida joylashgan bo‘lib, ushbu o‘yin ular uchun juda muhim hisoblanardi. Qaysi jamoa g‘alaba qozonsa, oliy ligada jon saqlab qolardi. «Torpedo»ni durang ham qoniqtirmasdi. Yuqori ligada qolish uchun jamoa faqat g‘alaba qozonishi talab etilardi.
O‘sha kuni Kutaisidagi avtozavod rahbariyati futbol o‘yiniga ko‘proq muxlis tushsin, deb jumani dam olish kuni deb e'lon qilib yuboradi. Stadionga 8 ming atrofida muxlis keladi.
O‘yin boshlanishidan oldin mezbonlar «Paxtakor» murabbiyi Mixail Yakushin va jamoa boshlig‘iga pora berishga urinishadi, lekin ular sport prinsiplarga sodiqliklarini va sotilmasliklarini aytishadi. Shundan so‘ng, gurjilar hakamga pul taklif etishadi. O‘yinga bosh hakam sifatida tayinlangan moskvalik Yuriy Bocharov ham pulni rad etadi.
«O‘yin soat 16:00da boshlanishi kerak edi, ammo soat 15:30da mahalliy aholi vakillari qo‘ng‘iroq qilib, xonadan chiqishimni, men bilan gaplashib olishlari lozimligini aytishdi. Stadionga boradigan vaqt bo‘lganda xonamdan chiqdim. Zinada meni mahalliy hakamlardan biri Totadze va o‘zini shahar partiya qo‘mitasi ma'muri deb tanishtirgan odam kutib turardi.
Ma'mur: «O‘rtoq Bocharov! Bir oz yordam kerak. Bu yerda 6 ming rubl bor», — dedi va paketga solingan pulni ko‘rsatdi. Mening quvligim tutdi va unga agar sotiladigan bo‘lsam faqat 10 mingga rozi bo‘lishimni aytdim. Ma'mur bosh irg‘ab roziligini bildirdi.
Stadionga kirish paytida militsionerlardan biri yonimga keldi va «Bu yerda o‘nta bor» deb cho‘ntagini ko‘rsatdi. Ular meni ahmoq deb o‘ylashdi shekilli. Niyatlari jiddiy bo‘lganda pulni avvalroq Moskvaga olib kelishardi. Balki ushlab bermoqchidir, deb o‘yladim va pulni olmadim», — deb eslagandi keyinchalik Bocharov.
Ehtimol Bocharov pulni olardi. Axir 10 ming rubl o‘shanda chindan katta pul edi. O‘sha paytda SSSR futbol federatsiyasi rahbari Valentin Granatkin ushbu o‘yinni bevosita stadionning o‘zida o‘tirib tomosha qilishi ham uni tavakkalga yo‘l qo‘ymaslikka undagan bo‘lsa ajab emas.
Maydon tashqarisida o‘z maqsadiga erisha olmagan torpedochilar o‘yin paytida kurashning ayyor va halol bo‘lmagan usullarini qo‘llay boshlashadi. Ular futbol o‘ynashdan ko‘ra «Paxtakor» o‘yinchilarini tepib yiqitish bilan band bo‘lishadi. Ammo hakamlar o‘yinni qat'iy boshqarishadi.
«Torpedo» futbolchilarining sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarini muxlislarning bezorilikka moyil qismi qo‘llab-quvvatlab turardi. «Torpedo» hujumchilari sheriklari to‘pni oldinga oshirgan paytda ofsayd qoidalariga rioya qilmay, «Paxtakor» darvozasiga qarab yugurishardi. Men esa bayrog‘imni ko‘tarardim. Buning evaziga har gal muxlislar menga tosh otishar, so‘kib haqorat qilishardi. Holat bo‘yicha maydon chetida turgan militsionerlarga bir necha bor murojaat qildim, ammo ular e'tiborsiz qoldirishdi», deb eslaydi o‘yinda yon hakam sifatida ishlagan Segey Belyayev.
Kutaisiliklar qancha urinishmasin, bu o‘yinda «Paxtakor» kuchlilik qiladi. Birinchi bo‘limda Birodar Abduraimov va To‘lagan Isoqovning gollari evaziga hisob 0:2 ko‘rinishini oladi. Tanaffusda ayrim muxlislar stadionni tark eta boshlaydi.
Ikkinchi bo‘lim boshida «Torpedo» o‘yinchisi gol uradi va hisob qisqaradi. Muxlislar jamoani yana qizg‘in qo‘llay boshlashadi. Ammo 86-daqiqada Abduraimov amalda o‘yin taqdirini hal qilib, oradagi farqni yana oshiradi. Oradan 2 daqiqa o‘tib hakam mezbonlar o‘yinchisining qo‘polligi uchun «Torpedo» darvozasiga penalti belgilaydi. O‘zi shundoq ham mag‘lubiyatga uchrab turgan «Torpedo» o‘yinchilari hakamdan norozi bo‘lishadi. Stadiondagi 8 ming atrofidagi muxlis esa hakamning bu qaroridan junbishga keladi.
«Torpedo»ning barcha o‘yinchilari hakamni o‘rab olib penaltini bekor qilishni talab qilishadi. Agar shu holatda Moskvaning «Spartak» yoki Kiyevning «Dinamo»si kabi kuchli jamoalar bo‘lganida kutaisiliklar yirik hisobdagi bunday mag‘lubiyatni odatiy qabul qilgan bo‘lishardi. Ammo turnir jadvalida «Torpedo» bilan yonma-yon ketayotgan «Paxtakor»dan o‘z maydonida yirik hisobda mag‘lub bo‘lishni jamoa muxlislari ham, futbolchilar ham sharmandalik deb hazm qila olmasdi (o‘sha mavsumda jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida, iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinda hisob ochilmagandi).
Hakam Bocharov qarorini o‘zgartirmaydi. Shunda «Torpedo» darvozaboni hakamning yuziga musht tushiradi. Darvozabon Gogiyaga qizil kartochka ko‘rsatiladi, darvozaga «Torpedo» sardori Tsverava turadi. Shu paytda stadiondagi muxlislar o‘rindiqlarni sindira boshlashadi. Bocharov Abduraimovga penaltini tezroq tepishni buyuradi. Abduraimov zarbani bexato bajaradi — 1:4. Gol urilgach, Bocharov o‘yinni darhol yakunlaydi.
Asosiy voqealar shundan so‘ng boshlanadi.
Ommaviy tartibsizliklar
Abduraimov penaltini golga aylantirgach, «Torpedo» o‘yinchisi Shergalashvili uning yuziga musht tushiradi. Paxtakorchilar unga javob qaytarmay, maydon markazi tomon yurishadi. Shu paytda 8 ming muxlis bo‘lgan stadionda ommaviy tartibsizliklar boshlanib ketadi. Avvaliga yog‘och o‘rindiqlarni sindirib, so‘ng o‘rindiq ostidagi beton va g‘ishtlarni maydalab maydonga uloqtira boshlashadi.
O‘yinchilar va hakamlar kiyinish xonasiga qarab yugurishadi. Biroq, hamma ham qochib qutula olmaydi. «Paxtakor» darvozaboni Lyubarsev, shuningdek, hakamlar — Bocharov, Belyayev va Chernikov maydonda qolib ketishadi. Jazavaga tushgan muxlislar ular qaysi tarafga yursa, o‘sha tomonga tosh ota boshlaydi.
Maydonda xavfsizlikni ta'minlashi lozim bo‘lgan oz sonli militsiya xodimlari o‘yin paytida ro‘y bergan tartibsizliklar bellashuv tugagach to‘xtashi va hamma tarqab ketishiga umid qilib, avvaliga voqealarni befarq tomosha qilishadi. O‘yin tugagandan keyin tartibsizliklar avj olgach, hakamlar va Lyubarsevni pana qilgan holda kiyinish xonasigacha olib borishadi va hodisa haqida boshliqlariga xabar berishadi.
Stadionga militsiyaning qo‘shimcha kuchlari yetib keladi. Ammo ungacha vaziyat to‘liq izdan chiqib ulgurgandi. Kiyinish xonasidan o‘yinchilar va hakamlarni evakuatsiya qilish lozim edi. Ammo stadionda yuz berayotgan tartibsizliklar bunga yo‘l bermasdi.
«Tribuna ostiga o‘tganimizda Xerxadze («Torpedo» o‘yinchisi)ga duch keldik. U yelkamga musht tushirdi. «Torpedo» jamoasining kiyinish xonasi oldidan yugurib o‘tayotganimda Tsverava («Torpedo» sardori) basharamga musht tushirdi. Hakamlar xonasiga kirib oganimizdan so‘ng u buyoqqa ham kirmoqchi bo‘ldi. Ammo militsionerlar qo‘yishmadi», — deb eslagandi Bocharov.
«Paxtakor» jamoasi va hakamlar kiyinish xonasiga kirib olgandan keyin muxlislar stadion tashqarisiga chiqib, ularning avtobusini pachoqlab tashlashadi. So‘ng «Torpedo» o‘yinchilariga tegishli mashinalarga o‘t qo‘yiladi. «Paxtakor» futbochilari va hakamlar evakuatsiyani kutib, stadiondagi tor xonada bir necha soat qolib ketishadi. Militsiyaning muxlislarga kuchi yetmay, yana qo‘shimcha kuch so‘rashadi.
Shundan so‘ng, tartibsizliklar stadiondan o‘tib shahar ko‘chalariga ko‘chadi. Kutaisiga harbiy bo‘linmalar kiritiladi. Shaharga harbiylar kiritilgandan keyin kaltaklar va temir bo‘laklari bilan qurollangan odamlar ortga chekinishni o‘ylamay tartibsizliklarni davom ettirishadi.
Shaharda o‘q ovozlari yangray boshlaydi. O‘zaro otishma oqibatida tartibsizliklarda qatnashayotgan odamlardan, shuningdek, militsiya xodimlari va harbiylardan bir necha kishi halok bo‘ladi.
«Paxtakor»ning evakuatsiya qilinishi
O‘yin oxiridagi penalti, undan avvalroq «Torpedo» darvozasiga belgilangan yana bir penalti stadionda o‘tirgan muxlislarda «Paxtakor» g‘irrom o‘ynadi, hakam ularga yon bosdi, degan tushunchani paydo qiladi. Shu sababli ular asosan hakamlar va «Paxtakor» o‘yinchilaridan qasd olishni xohlashadi. Shuningdek, muxlislarning bir qismi mag‘lubiyatda o‘z jamoasini ayblab ularni jazolashni xohlardi.
Ana shunday holatda futbolchilar va hakamlarning stadion tribunasi ostidagi hammayog‘i berk bo‘lgan tor xonalarga yashirinishi ularni ko‘ngilsizliklardan asrab qoladi. Aks holda barchasi fojiali tugashi ham mumkin edi.
Kutaisiga harbiylar kiritilgach, «Paxtakor» jamoasini stadiondan olib chiqish ishlari boshlanadi. Jamoa harbiylar va militsionerlar ko‘magida mehmonxonaga yetib oladi. Jazavaga tushgan muxlislar ularni mehmonxonaga ham izlab keladi. Mehmonxona atrofini militsionerlar va harbiylar o‘rab olib, paxtakorchilarni himoya qilishadi. Oradan biroz vaqt o‘tib jamoa a'zolariga kiyinib tayyor bo‘lish buyrug‘i beriladi va ular harbiylar hamda militsiya xodimlari hamrohligida avtobusda Tbilisiga olib ketiladi.
Gurjiston poytaxtida ularni mahalliy «Dinamo» jamoasining bazasiga joylashtirishadi. Kutaisidagi to‘polon ovozasi poytaxtga ham yetib kelgandi.
Tbilisida odamlar hodisa haqida aniq ma'lumotga ega emasdi. Xalq orasida «Paxtakor» o‘yinni g‘irromlik bilan yutibdi, hakam ularga yon bosibdi», degan gaplar tarqalgandi. Shu sababli «Paxtakor» jamoasi a'zolari Tbilisida «Dinamo» bazasidan hech qayerga chiqishmaydi va ertasi kuni ular Toshkentga qaytishga muvaffaq bo‘lishadi.
Hodisa Axbor Imomxo‘jayev talqinida
Mashhur o‘zbek jonkuyari, sharhlovchi Axbor Imomxo‘jayev o‘zining «Futbol — quvonchim, dardim, faxrim» kitobida Kutaisidagi voqealarni «Paxtakor» uchun muhim muhim bo‘lgan o‘yinlar qatorida sanab, uning tafsilotlarini keltirgan.
Axbor Imomxo‘jayevning hikoyalarida hodisalar Bocharovning esdaliklari bilan bir xil. Faqat voqealar batafsilroq berilgan. Jumladan, o‘yindan oldin kuchli yomg‘ir yog‘gani, hakam o‘yinni ortga surishi mumkin bo‘lgan holda uni o‘tkazishga qaror qilgani, o‘yin paytda maydonda suv yig‘ilib qolgani uchun to‘pning harakatlanishi qiyin bo‘lgani eslangan.
Imomxo‘jayevning yozishicha, maydondagi holatga eng avval Abduraimov moslashadi. U to‘pni maydonning bo‘sh qismiga havolatib tepib, so‘ng hammadan avval yetib boraveradi. Shu tariqa, Abduraimov 13-daqiqadayoq «Torpedo» darvozasini ishg‘ol etadi. 38-daqiqada u raqiblarning 4 nafar futbolchisini aldab o‘tib darvozaga kuchli zarba beradi. Ammo darvozabon qaytaradi. Qaytgan to‘pga To‘lagan Isoqov birinchi bo‘lib yetib keladi va ikkinchi gol uriladi.
A.Imomxo‘jayev o‘yin oxiridagi hodisalarni shunday eslaydi:
«Uchrashuv tugashiga 2 daqiqa qolganda Rodionov to‘p bilan jarima maydoniga kirib bordi. Quvib yetolmagan «Torpedo» himoyachisi uni tepib yiqitdi. Volodya turib o‘yinni davom ettirdi. Ammo hakam o‘yinni to‘xtatib, penalti belgiladi. Maydon egalari hakamni o‘rab olishdi. Shu payt «Torpedo» darvozaboni hakamning yuziga qulochkashlab musht tushirdi. Bocharov Gogiyani maydondan haydab yubordi. Uning o‘rniga jamoa sardori Tsverava darvozaga turdi. Penalti tepilishidan avval Tsverava Birodarning oldiga kelib uning qulog‘iga nimadir dedi. Penalti tepilgach Tsverava boshqa tomonga tashlandi, to‘p esa darvozaning boshqa tomoniga borib tushdi. Hakam o‘yin tamom bo‘lganini bildirdi. Shu payt Shergalashvili yugurib kelib Birodarning boshiga mushti bilan urdi, o‘yinchimiz yiqilib tushdi».
Abduraimovning hikoya qilishicha, penalti tepilishidan avval Tsveravaning Abduraimovning qulog‘iga pichirlab ketgani, undan so‘ng to‘p boshqa tomonga ketib, «Torpedo» sardori boshqa tomonga tashlanganini muxlislar Abduraimov Tsveravani aldadi, deb talqin qilishgan. Shu sababli, stadionda asosan «Paxtakor» futbolchilarini toshbo‘ron qilishga urinishgan.
«Reportajni yakunlab tashqariga chiqdim, nazarimda urush bo‘layotgan joyda yurgandayman. Atrofda toshlar, g‘isht parchalari, oyna siniqlari, ag‘darilib yotgan avtobus, hammayoqda shovqin-suron, kim-kim bilan urishar, kimdir qichqirgani eshitilardi», — deb eslaydi A.Imomxo‘jayev.
Kitobning yana bir joyida stadion ostidagi tor xonadan chiqib ketish tafsilotlari va stadion hamda uning atrofidagi holat shunday tasvirlagan:
«Oradan bir soatcha vaqt o‘tdi, nihoyat Kutaisi shahar partiya komitetining birinchi kotibi kelib bizni tashqariga taklif etdi. Asta-sekin yuqoriga ko‘tarila boshladik. Shu daqiqada ko‘zimiz zinaning pastki qismida qonga belanib yotgan militsiya vakiliga ko‘zimiz tushdi, tosh uning yuziga tekkan edi.
Tepaga ko‘tarildik. Atrof jang maydonini eslatardi: ag‘darilgan mashinalar, yonayotgan mototsikllar, sindirilgan daraxt shoxlari, toshlar... Shu kuni torpedochilar sardori Tsverava birinchi marta stadionga yangi olgan oq rangli «Volga» mashinasida kelgan ekan, bechora mashina to‘nkarilgan va pachoqlangan holda yotardi. Bu manzarani ko‘rishning o‘zi dahshat edi. Hammayoqda qurollangan militsionerlar, soldatlar...»
Imomxo‘jayevning eslashicha, ularni stadiondan olib chiqishganidan so‘ng, eski avtobusga mindirishadi. Futbolchilar o‘rindiqqa joylashgach, sumkalarini yelkalariga qo‘yib har ehtimolga qarshi avtobus oynasi tomondan otilishi mumkin bo‘lgan toshlardan boshlarini himoya qilishadi. Avtobus militsiya mashinalari hamrohligida mehmonxonaga yetib boradi.
Bezorilar Kutaisidagi mehmonxonaga ham bostirib kelgach, paxtakorchilarni yana avtobusga o‘tqazib, militsiya mashinalari hamrohligida Tbilisiga jo‘natishadi.
A.Imomxo‘jayev o‘z kitobida o‘shanda hatto Tbilisida ham Abduraimovni qidirishgani, aeroportgacha unga eski kiyimlar kiydirib olib borishganini, yo‘lda uni so‘raganlarga «Abduraimovni kecha Toshkentga uchirib yuborishgan», deb javob berganlarini eslab o‘tgan. Bundan tashqari, «Paxtakor» jamoasi «Dinamo» bazasiga joylashgandan so‘ng uning qorovuli bo‘lgan chol kelib o‘ziga Kutaisidan qo‘ng‘iroq bo‘lganini, «Torpedo» muxlislari «Paxtakor»ni bazadan chiqarib yubor, aks holda seni jazolaymiz», deb po‘pisa qilishganini aytgan.
Hodisa haqida mish-mishlar va rasmiy xabar
Sobiq ittifoqda «xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik»ga putur yetmasin deb odatda turli millatlar ishtirokida sodir bo‘lgan qonli hodisalar ommaga mutlaqo oshkor qilinmasdi. Shu sababli Kutaisida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar haqida ham OAVda lom-mim deyilmaydi.
Hodisa ommadan yashirilgani bilan, mish-mishlar tarqalishining oldini olishning iloji yo‘q edi. Butun ittifoq bo‘ylab Kutaisida bo‘lib o‘tgan o‘yin va undan keyin kelib chiqqan tartibsizliklar haqida qo‘rqinchli hikoyalar tarqala boshlaydi.
«O‘yin hakamining boshidan otishgan»,
«Toshkentlik futbolchilarning yarmi avtobus bilan birga yonib ketgan»,
«To‘polon ko‘targan muxlislar harbiy omborni egallab, u yerdagi qurol-yarog‘larni olib chiqib ketishgan»,
«To‘polon paytida harbiylar Kutaisi aholisining yarmini otib tashlashgan», degan vahimali gaplar tarqaladi.
Shundan so‘ng matbuotda kichik bir xabar berishga majbur bo‘lishadi. 1970 yil 12 noyabr kuni, hodisa sodir bo‘lgan sanadan 12 kun o‘tib, «Trud» gazetasida «Kutaisiliklar eshik qoqmoqda» sarlavhasi bilan kichik xabar chiqadi.
Xabarda muxlislarning to‘poloni, ommaviy tartibsizliklar paytida Kutaisi stadioni mutlaqo yaroqsiz holga kelgani va unda odamlar halok bo‘lgani haqida hech gap yo‘q edi. Xabarda faqat «Paxtakor» bilan o‘yin paytida «Torpedo» futbolchilari o‘zini tuta olmagani va bu uchun jazolangani yozilgan edi, xolos. Xabar muallifi Sport-texnik komissiyasi raisining o‘rinbosari Nikolay Mechnikov edi.
«O‘z maydonida «Paxtakor»ga yutqazgan Kutaisi torpedochilari quyushqondan chiqib ketdi. O‘yin paytida ular sport qadriyatlarini unutishdi va eshikni qattiq qoqib oliy ligani tark etishga qaror qilishdi. Darvozabonning qizil kartochka olishi, yana uch nafar o‘yinchining ma'lum muddat futboldan chetlatilishi kamyob hodisa. Ammo bu «Torpedo» Kutaisi futbolchilarining haddidan oshgan noroziligiga munosib javob bo‘ldi», — deyilgandi xabarda.
O‘sha yili «Paxtakor» oliy ligada qoladi. «Torpedo» esa birinchi ligaga tushib ketadi. Oradan bir yil o‘tib, 1971 yilda «Paxtakor» 16 jamoa orasida 15-o‘rinni egallab birinchi ligaga tushib ketdi.
1972 yilgi mavsumda jamoa birinchi liga musobaqalarida «Torpedo»ga qarshi ikki marta to‘p suradi. O‘sha yili «Paxtakor» quyi ligada 1-o‘rinni olib yana kuchlilar safiga qaytadi.
«Torpedo» esa uzoq yillar quyi ligada qolib ketadi...
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Mavzuga oid
18:13 / 21.11.2024
Shatskix «Paxtakor»dagi vazifasiga qaytgach, Tojiyev, Cheran, Sobirxo‘jayev qaydnomaga ham kiritilmadi
13:50 / 02.11.2024
«Paxtakor» metro bekatining eskalator o‘rnatilgan tomoni vaqtincha yopiladi
22:55 / 11.08.2024
«Paxtakor»ning marhum futbolchilari xotirasiga 45 yil oldingi «O‘ynalmagan match» o‘tkazildi
19:04 / 01.08.2024