Sport | 14:54 / 30.10.2021
11740
15 daqiqa o‘qiladi

Sulsher uchun so‘nggi imkoniyat, «Barsa» uchun Kumansiz sinov, «Roma» mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan «Milan»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

O‘tgan hafta barcha katta o‘yinlar tugadi, deb o‘ylagandik, yo‘q, bu safar ham e'tirofga loyiq to‘qnashuvlar yetarli ekan. Rimda Italiya futboli klassikalaridan biri, Ispaniyada Baskoniya derbisi, Angliyada Sulsherning oxirgi imkoniyati. «Barselona» esa Kumansiz g‘alaba qozonishga urinib ko‘radi. Shu va boshqa qiziqarli o‘yinlar anonsi bilan tanishing.

APL. 10-tur

30 oktabr (shanba)

LeSTeR – ARSeNAL

O‘yin boshlanish vaqti: 16:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Mavsumni kutilganidan yomon boshlagan har ikki jamoa vaziyatni qisman o‘nglab olishdi va hozirda kuchli to‘rtlikdan atigi uch ochko masofada joylashishgan. «Lester» uchun «MYu» ustidan qozonilgan g‘alaba qandaydir burilish nuqtasi bo‘lib, keyin «Brentford»ga qarshi ham oson bo‘lmagan uch ochkoni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, «Arsenal» o‘tgan turda «Aston Villa» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Umuman londonliklarning barcha musobaqalardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 8 o‘yinga yetdi. «Manchester Siti»dan qabul qilingan 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat «Arsenal» uchun oxirgisi bo‘lib turibdi.

Foto: Getty Images / Global Images

Mezbonlar tarkibida jarohatlar ko‘p. Ndidi, Olbrayton, Fofana, Mendi, Jastin kabi futbolchilarning tarkibdan uzoqda bo‘lishlariga o‘rganib qolgan bo‘lsak, Ayoze Peresning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. «Arsenal» safida mana shunday yaxshi sport formasida emasligi taxmin qilinayotgan futbolchi – Martin Edegor. Granit Jaka esa ma'lumki, uzoq muddatga safdan chiqqan.

O‘tgan mavsumda jamoalar o‘rtasidagi har ikki o‘yinda mehmon jamoa g‘alaba qozongan. Jamoalar o‘tgan yilgi Angliya Liga kubogi bahsida ham to‘qnash kelishgandi va londonliklar 2:0 hisobida safarda g‘alaba qozonib, «Lester»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi. Undan oldingi uch o‘yinda «Lester» o‘z maydonida bu raqibi ustidan g‘olib chiqqan.

APL. 10-tur

30 oktabr (shanba)

TOTTeNHEM – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Butun futbol olami bir hafta davomida Sulsher va «Manchester Yunayted»ni gapirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Goh Pogba Sulsherni haqorat qilgan bo‘ladi, keyin chiqib yonini oladi. Goh Ronaldu Zidanni chaqiradi, orqasidan jamoadoshlaridan Oleni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi. Jamoa yetakchilari go‘yo murabbiyning g‘oyalariga ishonmay qo‘yishgan va ayni paytda uning jamoada qolishini istashmoqda. Mana shunday bir-biriga zid bo‘lgan xabarlar ichida haqiqatni topish mushkul. Barchasiga «Tottenhem»ga qarshi o‘yin javob beradi. Jamoada hammasi yomon yoki hammasi yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo Sulsherning taqdirini aynan maydonda qo‘lga kiritiladigan natija hal qilishiga shubha yo‘q.

«Men klubdagi o‘n sakkiz yillik faoliyatimni mana shu alfozda yakunlashni istamayman, xuddi «Yunayted» singari men ham oxirigacha kurashaman», – dedi matbuot anjumanida norvegiyalik mutaxassis. Klub ijobiy yo‘lga tushib olish uchun imkoniyatga ega. Asosiysi, Rafael Varan jamoa bilan shug‘ullana boshladi va Londonga keldi. Katta ehtimol bilan u maydonga tushishi mumkin. «MYu»ga yordam bera olmaydigan futbolchi esa o‘tgan o‘yinda qizil kartochka olgan Pol Pogbadir. Fransiyalik futbolchi uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Shuningdek, Antoni Marsiyalda ham kichik jarohat bor.

«Tottenhem» hafta o‘rtasida «Byornli»ni mag‘lub etib, Liga kubogi chorak finaliga chiqqan bo‘lsa-da, avvalgi o‘yinlar natijalari u qadar ijobiy emas. Xususan «Vest Hem»ga qarshi London derbisida «Tottenhem» mag‘lubiyatga uchradi va kuchli to‘rtlikka kirib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi.

Foto: Gorajuara/Man Utd Core

Bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar haqida gap ketganda, ayniqsa o‘tgan mavsumda «Tottenhem»ning «Old Trafford»da 6:1 hisobidagi g‘alabasi esga tushadi. Ammo aynan Londondagi o‘yinlarni e'tiborga olsak, oxirgi uch o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozona olishmayapti. Ikki marta mehmonlar g‘alaba qozonishgan va bir o‘yin 1:1 hisobida durang bilan yakunlangan.

A Seriya. 11-tur

30 oktabr (shanba)

ATALANTA – LATsIO

O‘yin boshlanish vaqti: 18:00

TV-translatsiya: SportTV

«Napoli» va «Milan» raqobatchilaridan yetarli masofada o‘zib ketgach, ularga faqat «Inter» va balkim, potensial jihatidan «Yuventus» qarshilik ko‘rsatishi mumkin. «Atalanta» va «Latsio» esa chempionlik poygasiga qo‘shilish darajasida barqaror emaslar. Har ikki klub A Seriyadagi 10 o‘yindan yarmida g‘alaba qozona olmagani ham shundan dalolat beradi. Ammo YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda ahamiyat kasb etadigan to‘qnashuv bo‘ladi.

«Atalanta»ning muvaffaqiyatsiz natijalariga ko‘proq tarkibdagi muammolarni sabab qilib keltirish mumkin. Ayniqsa, himoya chizig‘idagi asosiy futbolchilar anchadan beri tarkibdan chetda – Xatebur, Gosens, Gamsiti kabi futbolchilar Gasperini tizimida juda muhim murvatlar edi. Buning ustiga yana bir markaziy himoyachi Xose Palomino «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkani oldi va ushbu o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

«Latsio»ning beqaror o‘yinlarini esa tushunish qiyin. Balki, yangi murabbiyning g‘oyalari to‘liq o‘rnashib ulgurmaganidan bo‘lishi mumkin. «Latsio» «Inter» va «Roma»ga qarshi o‘yinlarda ajoyib g‘alabalarga erishdi, lekin «Bolonya» va «Verona»dan yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Rimliklar qiyin taqvim oldida turishibdi, keyingi turlarda «Yuventus» va «Napoli»ga qarshi ketma-ket o‘yinlar bor. Turnir jadvali yuqori qismida qolish uchun ayni sinov vaqti.

«Atalanta» uch kun o‘tib, Yevropa Chempionlar Ligasida ham o‘ta muhim o‘yinda maydonga tushadi. Agar «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda qoniqarsiz natija qayd etilsa, «Atalanta» guruhda uchinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. Kutilayotgan bu o‘yin ham «Latsio»ga qarshi uchrashuvga bo‘lgan munosabatda o‘z ta'sirini o‘tkazishi mumkin.

La Liga. 12-tur

30 oktabr (shanba)

BARSeLONA – ALAVeS

O‘yin boshlanish vaqti: 23:55

TV-translatsiya: FutbolTV

«Alaves»ning «Kamp Nou»ga safari, balki, u qadar qiziqarli tuyulmasligi mumkin, ammo bosh murabbiy iste'foga chiqqanda, «Barselona»ning har qanday raqibga qarshi o‘yini muxlislar e'tiborida bo‘lishi tabiiy. «Rayo»dagi mag‘lubiyatdan so‘ng rahbariyatning sabri tugadi va Ronald Kuman iste'foga chiqarildi. Xabarlarga qaraganda, Xavining boshqaruvni qo‘lga olishi faqat vaqt masalasi. Arablar noyabr oyi boshlarigacha murabbiyni jamoada qolishini so‘rashganidan kelib chiqsak, katta ehtimol bilan Xavini biz «Barselona» murabbiyi sifatida terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin ko‘ramiz. Ungacha esa yil boshidan «Barselona B» jamoasini boshqarib kelgan Serji Barjuan kataloniyaliklarni boshqarib turadi.

Hammasi yo‘lga tushadi, lekin ochkolarni ham unutmaslik kerak. «Barselona» o‘tgan turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng peshqadamlar guruhidan ortda qolib ketdi va yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha, 6-7 ochko masofa bilan 9-o‘rinda joylashgan. Bu o‘yinda ham agar ochko yo‘qotilsa, kataloniyaliklar turnir jadvalining ikkinchi yarmiga tushib ketishi mumkin. Bunday vaziyat «Barselona»da oxirgi marta 2004 yillarda Frank Raykaard bosh murabbiy etib tayinlanishidan oldin yuzaga kelgandi. Uyog‘i qanday davom etganini yaxshi bilamiz.

«Alaves» – turnir autsayderlaridan biri, ammo ikki sabab ularga extiyotkorlik bilan yondashish kerakligini anglatadi. Birinchidan, jamoa so‘nggi ikki o‘yinda g‘alaba qozondi va o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormay, 20-o‘rindan 16-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ikkinchidan, «Alaves»ning undan oldingi g‘alabasi «Atletiko»ga qarshi o‘yinda to‘g‘ri keladi. Ya'ni jamoa kuchli klublarga qarshi ham qanday o‘ynashni biladi.

A Seriya. 11-tur

31 oktabr (yakshanba)

ROMA – MILAN

O‘yin boshlanish vaqti: 00:45

TV-translatsiya: SportTV

«Milan» o‘tgan mavsum boshlarida ham ishonch bilan yetakchilik qilgan, ammo bu xuddi vaqtincha bo‘layotgandek tasavvur paydo qilgani sir emas. Chunki «Yuventus»ning o‘n yillik seriyasiga aynan shu «Milan» chek qo‘yishiga ishonish qiyin, buning ustiga Kontening ancha barqaror «Inter»i bor edi. Bugungi A Seriya biroz beqaror ko‘rinmoqda va hatto peshqadam «Napoli»ga ham ishonish qiyin. «Inter» himoyada ishonchli emas, «Yuventus»ning inqirozi esa endi hayron qoldirmayapti. Bunday holat albatta «Milan»ga qo‘shimcha ishonch taqdim etishi shubhasiz. Navbatdagi imtihon esa Joze Mourinoning «Roma»siga qarshi o‘yin.

Foto: TIZIANA FABI / AFP

«Roma» mavsumni ketma-ket g‘alabalar bilan boshlagan bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinlarda ishonchli ko‘rinmayapti. Norvegiyadagi mag‘lubiyatni «Napoli»ga qarshi kuchli o‘yin unuttirgandi, lekin Kalyaridagi bahs yana muammolarni ko‘rsatib qo‘ydi. Bu o‘yinda rimliklar uch ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar-da, hisobda ortda borishdi, faqat o‘yin oxirlarida irodali g‘alabaga erishishdi. Eldor Shomurodov esa hatto mana shunday vaziyatlarda ham maydonga tushirilmayapti.

So‘nggi yillardagi o‘zaro o‘yinlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, tenglikni ko‘rishimiz mumkin. «Roma» oxirgi 22 o‘yinning 8tasida g‘alaba qozongan, «Milan» esa 7ta. O‘tgan mavsumda Rimdagi o‘yinda mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Milandagi to‘qnashuv esa ko‘pchilikning yodida bor – ancha shiddatli kechgan bu o‘yinda 3:3 hisobi qayd etilgandi.

La Liga. 12-tur

31 oktabr (yakshanba)

ReAL SOSeDAD – ATLeTIK

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

«Har bir oila o‘zgacha baxsiz, lekin baxtli oilalar o‘xshash» deyishganidek, La Liga yetakchilarining turli sabablarga ko‘ra, beqaror natijalari bizga yangi peshqadamni taqdim etdi. Va «Sosedad»ning o‘yiniga chuqurroq nazar tashlaganimizda, bu «baxt»ning sabablarini ko‘ramiz. Masalan, jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasi 10 uchrashuvga yetdi. Mana shu 10 o‘yindan 7 tasida jamoa o‘z darvozasini daxlsiz saqlay oldi. Hatto «Atletiko» ham o‘z maydonida o‘ynaganiga qaramasdan, faqat ikkinchi bo‘limdagi kambek hisobiga durangga (2:2) erishdi.

«Atletik» esa bunday pallada juda qiziqarli raqib. Gap faqat uchrashuvning Baskoniya derbisi ekanida ham emas, umuman bilbaoliklar ham mavsumni o‘ziga xos ravishda kuchli boshlashdi. Shu ma'nodaki, «Atletik» o‘z darvozasidan atigi 6 gol qo‘yib yuborgan xolos va bu ko‘rsatkich bo‘yicha ligada eng yaxshi natijaga ega bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, gol urish bo‘yicha muammolar bor – atigi 10ta va faqat autsayderlardan yaxshiroq, xolos. Ammo jamoa 10 uchrashuvdan atigi bir marotaba mag‘lubiyatga uchragan va bir g‘alaba bilan hatto 5-o‘ringa ham ko‘tarilib olishi mumkin. Yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha bilbaoliklar peshqadam – «Sosedad»dan atigi 4 ochko ortda xolos.

So‘nggi 4 derbida uch marotaba «Sosedad»ning qo‘li baland kelgan. Ammo oxirgisida, aynan San-Sebastiyanda o‘tgan uchrashuvda durang qayd etilgandi. Faqat 89-daqiqadagina urilgan Roberto Lopesning goli mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan.

BOShQA O‘YINLAR

30 oktabr. BAYYeR – Volfsburg (18:30), BORUSSIYa D – Kyoln (18:30), Yunion – BAVARIYa (18:30), LIVeRPUL – Brayton (19:00), MANCheSTeR SITI – Kristal Pelas (19:00), Nyukasl – CheLSI (19:00), SeVILYa – Osasuna (19:15), Verona – YuVeNTUS (21:00), Ayntraxt – LeYPsIG (21:30)

31 oktabr. INTeR – Udineze (16:30), ATLeTIKO – Betis (20:15), Salernitana – NAPOLI (22:00).

Mavzuga oid