Jamiyat | 16:05 / 30.10.2021
9498
4 daqiqa o‘qiladi

“Vatandoshlar” fondi nima uchun tashkil etildi? – Boshqaruv raisi bilan suhbat

Joriy yilning 11 avgust kuni Prezidentning tegishli qarori bilan “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi. Uzbek.life portali fond Boshqaruv raisi Odiljon Sattorov bilan intervyu tashkil etdi. Suhbat yangi fondning faoliyati, vazifalari va kelajakdagi rejalari mavzusida kechdi.

Amaliy yordam berish masalalarini ko‘rib chiqmoqdamiz

Fondning asosiy maqsadi xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni o‘z tarixiy vatani oldida jipslashtirish, ularning qalbida, ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yanada yuksaltirish, qolaversa, ularning xorijda tashkil etgan jamoat tashkilotlariga amaliy yordam berish, mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojida ularning ishtirokini ta'minlash etib belgilandi. Fondimiz oldida bir qator vazifalar mavjud. Buning uchun qisqa muddat ichida jamoani shakllantirdik va vatandoshlar bilan muloqot qilishni boshladik.

Bevosita oldimizda turgan vazifalarga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi navbatda, xorijdagi vatandoshlarimizning jamoat tashkilotlari, birlashmalari bilan aloqalarni o‘rnatish, ularga huquqiy, moddiy, amaliy yordam berish masalalarini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bundan tashqari, xorijda istiqomat qiluvchi, ulkan ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan olimlar, professionallar bilan turli loyihalar ustida ishlash ham oldimizda turgan vazifalardan biri sanaladi. Ushbu loyihalar sirasiga xorijdagi vatandoshlarimiz orasida o‘zbek tilining adabiy merosini talqin qilish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazish, ushbu tadbirlarda ko‘zga ko‘ringan olimlar, fan arboblari, sportchilar, diniy ulamolar, san'at va madaniyat vakillari ishtirokini ta'minlash kabilar kiradi. Bir so‘z bilan aytganda, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu yo‘lda tegishli vazirliklar, muassasalar uchun takliflar ishlab chiqish fondimizning asosiy vazifalari hisoblanadi.

“Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruv raisi Odiljon Sattorov

Respublika fuqarolariga tenglashtirilgan holda OTMda o‘qish imkoniyati yaratiladi

Qarorda xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizning o‘zbek tili, madaniyati, kino va san'ati yo‘nalishlarida Respublika fuqarolariga tenglashtirilgan holda oliy ta'limda o‘qishiga imkoniyat yaratish masalasi ham qo‘yilgan. Ushbu masalani biz Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda kelgusi o‘quv yilidan yo‘lga qo‘yishni reja qilyapmiz. Bunda chet eldagi vatandoshlarimizning qaysi yo‘nalishlarda ta'lim olish istagida ekanligi ham hisobga olinadi.

Bu kabi vazifalar ijrosini ta'minlashda o‘zbek tilining ahamiyati chuqur ekanligini anglagan holda vatandoshlarimiz orasida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish uchun harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yakshanba kunlari o‘zbek tilini o‘rgatish to‘garaklari tashkil etib, uni bevosita portalimiz orqali yo‘lga qo‘yishni maqsad qilyapmiz.

To‘liq videoni UzbekLifening YouTube’dagi kanalidi tomosha qiling.

Ufora Habibullayeva suhbatlashdi

Mavzuga oid