Jahon | 20:39 / 31.10.2021
2568
3 daqiqa o‘qiladi

Glazgoda BMTning iqlim bo‘yicha 26-anjumani o‘z ishini boshladi

31 oktyabrda Shotlandiya poytaxti Glazgoda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMTning doiraviy konvensiyasining 26-anjumani Climate Change Conference26 (COP26) o‘z ishini boshladi. Unda 100dan ko‘proq davlat va hukumatlar rahbarlari ishtirok etadi.

Foto: Xinhua

Anjumanga Britaniya hukumati a'zosi va anjuman raisi Alok Sharma hamda tadbirning ijrochi kotibi, Meksikaning sobiq tashqi ishlar vaziri Patrisiya Espinosa start bergan.

Glazgoga 196 ta davlatdan 25 ming kishi, jumladan, siyosatchilar, jurnalistlar, notijorat tashkilotlari va biznes vakillari tashrif buyurgan. Ular xavfsizligini 10 ming politsiyachi ta'minlamoqda.

Anjumanning asosiy ishi 1 noyabrdan dunyo yetakchilari sammiti bilan boshlanadi. Yuqori martabali mehmonlar Glazgoga 31 oktyabr kechki payt kela boshlaydilar. AQSh prezidenti Jo Bayden, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron, Italiya bosh vaziri Mario Dragi va boshqalar Glazgoga Rimda o‘tayotgan “Katta yigirmalik” sammitidan kelishadi.

Anjumanga tashrif buyurishni rejalashtirgan Britaniya qirolichasi Yelizaveta II shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra unda ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Anjumanda uning o‘rniga o‘g‘li, shahzoda Charlz ishtirok etadi.

Avvalroq anjumanga Xitoy raisi Si Tszinpin, Rossiya, Braziliya va Meksika prezidentlari: Vladimir Putin, Jair Bolsonaru va Andres Manuel Lopes Obrador kelmasligi ma'lum bo‘lgan.

BMTning iqlim anjumani har yil o‘tsa-da va COP26 hattoki yubiley sammit bo‘lmasa-da, u alohida ahamiyat kasb etmoqda. Birinchidan, 2020 yilda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan anjuman pandemiya sababli bir yilga qoldirilgandi va tashkilotchilar bir anjuman bilan ikki anjuman vazifalarini qamrab olish qiyin bo‘layotganini tan olishgan. Ikkinchidan, 2015 yilda COP21’da iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvi imzolanishi bilan boshlangan 5 yillik davrga bir yillik kechikish bilan yakun yasalishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Glazgoda konvensiya tomonlari bir nechta muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin Parij kelishuvini amalga oshirish qoidalari bo‘yicha yana bir bor umumiy to‘xtamga kelishga hamda “yashil energetika”ga o‘tayotan eng kam rivojlangan davlatlarga yiliga 100 mlrd dollarlik yordam berilishini ta'minlashga urinib ko‘rishadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid