Sport | 07:42 / 31.10.2021
29299
3 daqiqa o‘qiladi

JChda oltinchi kun yo‘qotishlarsiz o‘tdi. O‘zbekiston jamoasining 13 vakilidan 9 nafari kurashni davom ettirmoqda

Serbiyada o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining 30 oktabr kungi bahslarida to‘rt nafar bokschi ringga chiqdi.

Dastlab Nodirjon Mirzahmedov (-48 kg) va Odiljon Aslonov (-80 kg) irlandiyalik va italiyalik raqiblarini yengib, mos ravishda chorak final va nimchorak finalga yo‘l olgandi.

Kechki dasturda yana ikki o‘zbekistonlik - Mujibillo Tursunov (-63,5 kg) va Saidjamshid Ja'farov (-75 kg) 1/16 final doirasida ringga chiqdi.

Mujibillo Tursunov yaponiyalik Tayga Imanagaga qarshi ringga chiqdi. Har uchala raundda ham faol harakat qilgan Tursunov yakunda raqibidan 5:0 hisobida ustun keldi va nimchorak final yo‘llanmasini naqd qildi.

Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Saidjamshid Ja'farov ham yaponiyalik Yuito Marivaki bilan jang qildi. Uch raund davomida to‘liq ustunlik qilgan Saidjamshid yakunda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, 1/8 finalga o‘tdi. Keyingi bosqichda unga ozarboyjonlik Kozimjoda Mirsharif raqiblik qiladi. Jang 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Bu Ja'farovning turnirdagi ikkinchi jangi edi, u 1/32 final doirasida slovakiyalik Lukas Fernetsani mag‘lub etib, 1/16 finalga yo‘l olgandi.

Shu tariqa, 30 oktabr kuni ringga ko‘tarilgan barcha o‘zbekistonlik bokschilar g‘alaba qozondi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston boks jamoasi turnirga 13 nafar bokschi bilan yo‘l olgandi. Hasanboy Do‘smatov, Shohjahon Abdullayev, Mirazizbek Mirzaxalilov va Shahram G‘iyosov musobaqani erta tark etdi.

Odiljon Aslonov, Nodirjon Mirzahmedov, Mujibillo Tursunov va Saidjamshid Ja'farovdan tashqari, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (ikkita jang), Lazizbek Mullajonov, Shahobiddin Zoirov, Madiyar Saidrahimov va Abdumalik Halokov o‘z janglarida g‘alaba qozonib, ishtirokini davom ettirmoqda. 

31 oktabr kuni JChda jang o‘tkazadigan o‘zbekistonlik bokschilar (barchasi nimchorak final):

-54 kg: Shahobiddin Zoirov - Tomoya Tsuboi (Yaponiya) (17:00)

+92 kg: Lazizbek Mullojonov - Delisius Ore (Angliya) (19:40dan so‘ng)

-60 kg: Abdumalik Halokov - Tadey Chernoga (Sloveniya) (22:10dan so‘ng)

-92 kg: Madiyar Saidrahimov - Aibek Oralbay (Qozog‘iston) (00:40dan so‘ng)

Mavzuga oid