Jahon | 22:46 / 01.11.2021
8306
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda 13 yil davomida selfi olish vaqtida 400ga yaqin odam halok bo‘lgan

Hindiston selfi olish vaqtida halok bo‘lganlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Dunyoda selfi vaqtidagi baxsiz hodisalarni o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot hayotga xavfli tarzda suratlarni olish vaqtida har hafta bir kishi halok bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Foto: Caters News / ContactoPhoto

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2008 yildan 2021 yilgacha dunyoda o‘zini suratga olishga urinish vaqtida kamida 379 kishi halok bo‘lgan. Bundan Journal of Travel Medicine nashrida chop etilgan tadqiqot ma'lumotlari darak bermoqda.

Foundation iO tashkiloti tahlilchilarining ta'kidlashicha, pandemiya boshlanganda selfi olish bilan bog‘liq o‘limlar soni qisqargan, biroq epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan yana ko‘paya boshlagan. Jumladan, 2021 yilning dastlabki 7 oyida selfiga tushish vaqtida 31 kishi halok bo‘lgan. Bu esa o‘rtacha bir haftada bir o‘lim deganidir.

Olimlar selfi vaqtidagi o‘limlarni o‘rganishda Heimdllr-Project deb nomlangan epidemiologik razvedka usulidan foydalanishgan. Ushbu usul internetda bu turdagi baxsiz hodisalar haqidagi barcha axborotni topa oladi. Shu bilan birga, ushbu usul selfi vaqtida o‘limga olib kelmagan va OAVda e'lon qilinmagan baxsiz hodisalarni hisobga olmaydi.

Selfi vaqtidagi o‘limlar haqidagi xabarlar 50 ta davlatga taalluqli bo‘lgan. Bunday o‘limlar soni bo‘yicha Hindiston yetakchilik qilmoqda – 100 o‘lim. Keyingi o‘rinlarni AQSh (39 ta o‘lim holati) va Rossiya (33 ta) egallamoqda. Antireytingning yuqori o‘rinlaridan Pokiston, Braziliya, Avstraliya, Ispaniya, Indoneziya, Meksika, Boliviya va Britaniya ham joy olgan

Tadqiqotchilar sayyoramizda yorqin selfi olish ixlosmandlari uchun eng xavfli 10 ta joyni ham aniqlashgan. Bu joylar: Niagara sharsharasi (AQSh/Kanada), Glen-Kanon (AQSh), Charko-el-Burro (Kolumbiya), Penya-Bich (Braziliya), Mlango sharsharasi (Keniya), Ural tog‘lari (Rossiya), Toj-Mahal va Daudpatri vodiysi (Hindiston), Nusa Lembongan oroli (Indoneziya) va Langkavi arxipelagi (Malayziya).

Tadqiqotga ko‘ra, ko‘pchilik odamlar selfi olish vaqtida sharshara, tog‘ yoki tomdan tushib ketish oqibatida halok bo‘lgan – 216 ta o‘lim. Yana 123 kishi yo‘l-transport hodisasi qurboniga aylangan, 66 kishi cho‘kib ketgan, 24 kishi o‘qotar jarohat, 24 kishi tok urish, 17 kishi esa yovvoyi hayvonlar hujumi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Shuningdek, selfi qurbonlarining uchdan ikki qismini erkaklar, 41 foizini 19 yoshgacha, 37 foizini esa 20 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilgan. 

Mavzuga oid