Jahon | 20:51 / 01.11.2021
6871
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya talablari bajarilmagani sababli Glazgodagi sammitda ishtirok etishdan bosh tortdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Glazgoda iqlim bo‘yicha COP26 sammitida ishtirok etish rejasini bekor qildi. Erdo‘g‘anning bunday qarorga kelishiga anjuman tashkilotchilarining Turkiyaning xavfsizlik bo‘yicha talablarini bajarmagani sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

Shotlandiyada 31 oktyabrda o‘z ishini boshlagan sammitda 100 dan ko‘proq prezident va bosh vazirlar ishtirok etishi kutilmoqda

Turkiya prezidenti Rimdagi “Katta yigirmatalik” sammitidan keyin Shotlandiyaga kelishi kutilgandi. Biroq Erdo‘g‘an Italiya poytaxtidan to‘g‘ri Turkiyaga yo‘l olgan.

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, Anqara Glazgodagi sammitda xavfsizlik standartlari bo‘yicha o‘z talablarini qo‘ygan, biroq ular to‘liq qanoatlantirilmagan. Jumladan, Anqaraning prezidentga hamrohlik qiluvchi avtomobillar soniga taalluqli talabi bajarilmagan.

“Biz Glazgodagi anjuman oldidan talab qilgan muayyan xavfsizlik bayonnomalari bor. Bu bizga va barcha yetakchilarga xorijiy safarlarida qo‘llanuvchi standartlardir. Biroq anjuman tashkilotchilari oxirgi lahzada ushbu bayonnomalarni qanoatlantira olmasliklarini aytishdi”, deb izoh bergan vaziyatga Turkiya prezidenti.

Uning aytishicha, keyinroq anjuman tashkilotchilari “Turkiya talab qilgan standartlarni boshqa davlat uchun istisno tariqasida qanoatlantirgani” aniqlangan. “Bu diplomatiya asoslariga zid va biz uchun nomaqbul. Shu sababli biz qat'iy ohangda muzokaralarni davom ettirdik. Boris Jonson (Britaniya vaziri) bu muammoga e'tiborini qaratdi. Dastlab u muammo hal bo‘lganini, biroq keyin Shotlandiya muammo tug‘dirayotganini aytdi. Shu sababli biz Glazgoga borishdan bosh tortdik”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.  

Turkiya prezidenti Glazgoda xavfsizlik bayonnomalari bilan bog‘liq vaziyatda “gap nafaqat shaxsiy xavfsizlik, balki Turkiya obro‘yi haqida borganini” aytgan. “Biz davlatimiz obro‘yini himoyalash uchun mas'ulmiz va unga ziyon yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz ularga adolatli dunyo faqat hammaga birdek yondashuv negizidagina qurilishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydik”, deb ta'kidlab o‘tgan Erdo‘g‘an.

Turkiya parlamenti o‘tgan hafta “Katta yigirmatalik” davlatlari orasida oxirgi bo‘lib iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qildi.

Mavzuga oid