O‘zbekiston | 14:55 / 01.11.2021
23073
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat majlisida qator amaldorlarga intizomiy jazo qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasi prezidiumining navbatdagi majlisida O‘zbekiston bosh vaziri qabulxonalarining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samaradorligini oshirish, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va hokimliklarning bosh vazir apparatlari orqali yuborilayotgan murojaatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqishini ta'minlash borasidagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonalariga kelib tushgan 68 705 ta murojaatning 67 220 tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 37 225 tasi yoki 55,4 foizi ijobiy hal etilgan.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqishda jiddiy qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.

Bundan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb etish, yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni ta'minlash borasidagi ishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan ta'sirchan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ular orasida sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Doniyor Madrimov, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Iqbol Ergashev va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov bor.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari mablag‘larini samarali o‘zlashtirishni ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Mavzuga oid