O‘zbekiston | 15:30 / 02.11.2021
4012
7 daqiqa o‘qiladi

Kaan Terzio‘g‘lu: “O‘zbekiston kelajagi – raqamli iqtisodiyotda”

Foto: Beeline

Bu yil VEON xolding tarkibiga kiruvchi O‘zbekistondagi eng yirik telekom-kompaniyalardan biri – Beeline o‘zining 15 yilligini nishonlamoqda. Beeline'ning O‘zbekistondagi faoliyati, mamlakatni raqamlashtirishga sarmoya kiritilishi va zamonaviy yoshlar uchun ta'limning ahamiyati haqida – VEON Group bosh ijrochi direktori Kaan Terzio‘g‘lu bilan eksklyuziv intervyusida.

Ma'lumot uchun – bugungi kunda kompaniya maqsadi nafaqat abonentlarning keng qamrovi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar va servis sifatini oshirish, balki O‘zbekistonda ta'lim sohasiga investitsiyalarni ko‘paytirish, shuningdek, malakali IT-mutaxassislarni tayyorlashga ham qaratilgan. Shunday qilib, 2021 yilda ikkita ijtimoiy loyiha amalga oshirildi: Beeline davlat dasturiga a'zo bo‘ldi va Samarqand hamda Jizzax maktablarini jihozlash va modernizatsiya qilishga sarmoya kiritdi.

- Agar qarshi bo‘lmasangiz, shaxsiy savolimdan boshlaylik. Sizga mamlakatimiz yoqadimi? O‘zbekiston madaniyati, umuman, taraqqiyoti haqida qanday fikrdasiz?

- O‘zbekiston – noyob davlat! Avvalo, ismning o‘zi: «o‘zbek» so‘zi «kuchli» degan ma'noni bildiradi. Mamlakatingiz ajoyib madaniyatga ega. So‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston haqiqatan ham faol rivojlanib, iqtisodiyotini mustahkamlab borayotganiga amin bo‘ldim. Men bu yerda Beeline brendi ostida ishlayotganimdan faxrlanaman va biz (VEON) bu mamlakatga foydamiz tegayotganidan xursandmiz.

- Bu galgi tashrifingiz davomida Samarqand shahridagi 47-maktabning ochilish marosimida ishtirok etdingiz, uni modernizatsiya qilishga Beeline 900 million so‘m sarmoya kiritgan. Jizzaxda ham shunday loyihani qo‘llab-quvvatlaganingiz ma'lum. Nimaga VEON uchun ta'limga sarmoya kiritish muhim?

- O‘zbekiston hukumati, birinchi navbatda, ta'lim sohasiga sarmoya kiritayotgani tahsinga sazovor. Oxirgi tashrifim davomida nafaqat Samarqand shahridagi 47-maktabga, Texnologik akademiyaga ham tashrif buyurdim, Prezident maktabining ochilishida qatnashdim. Bu investitsiya loyihalarining barchasi alohida e'tirofga loyiq. Shubhasiz, mamlakatning kelajakka oid aniq qarashlari va rejalari bor. Biz o‘z navbatda bu tashabbuslarni faqat qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin.

O‘zbekistonda yosh avlodda dasturiy ta'minot haqidagi bilimlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan IT-maktablar barpo etilayotganini ko‘rib xursandman. Ishonchim komilki, O‘zbekistonning kelajagi raqamli iqtisodiyotga bog‘liq. Agar ilgari mamlakatning boyligi oltin yoki neft zaxiralari bilan o‘lchangan bo‘lsa, kelajakda bu resurslar ahamiyati kamroq bo‘ladi. Ma'lumotlar muhim. Ma'lumotlarni yaratadigan, boshqaradigan va tahlil qiladigan odamlar oldingi pozitsiyalarda bo‘ladi. IT-maktablarida yosh avlod O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichlariga qanday tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rish quvonarlidir.

- VEON kompaniyasining O‘zbekistondagi rivojlanishi va istiqbollarini qanday baholaysiz?

- Bugungi kunga qadar O‘zbekistonga 1,6 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritdik. Birgina o‘tgan yilning o‘zida biz aloqa infratuzilmasiga 50 million dollar sarmoya kiritdik. Endilikda 7 million abonentga ega Beeline mamlakatdagi yetakchi uyali aloqa operatori hisoblanadi. Biroq, bizda potensial mijozlar, ehtimol, ikki barobar ko‘p.

Barcha investorlar singari biz ham barqarorlikka intilamiz. Shu bois O‘zbekiston hukumati innovatsiyalar va bozorni liberallashtirishga ochiq ekanidan xursandmiz. O‘zbekiston Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari bilan hamkorlikda samarali ish olib borish uchun yaqindan hamkorlik qilish niyatidamiz.

- Xorijiy investorlarga mamlakatimizda biznes ochish va rivojlantirish uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imtiyozlar haqida nima deya olasiz?

- Buning uchun so‘nggi 3-4 yil ichida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar ko‘lamini baholash kerak. Bu o‘zgarishlar juda muhim va shijoatli edi. Albatta, yechimi yo‘lida birgalikda harakat qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor, lekin ishonchim komilki, O‘zbekiston bugungi taraqqiyot sur'atini saqlab qolgan holda mintaqada yetakchi davlat sifatida mustahkamlanib boradi.

- Bugun Beeline'ni barqaror kompaniya deb ayta olasizmi?

- Albatta. Bu nafaqat barqaror kompaniya, balki doimiy ravishda o‘sishga qaratilgan. Endi bizning asosiy maqsadimiz 4G aloqasini hamma uchun mavjud qilishdir. O‘ylaymanki, kam sonli odamlar uchun 5G dan ko‘ra, hamma uchun 4G yaxshiroqdir. O‘zbekistonning har bir fuqarosini tarmoqqa bog‘lash orqali biz smartfonlar, kompyuterlar, barcha zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanish imkoniyatini beramiz. Biz bu vazifani imkon qadar tezroq bajarish uchun investitsiyalar hajmini oshirmoqdamiz.

- Kelgusi 5 yil uchun qanday rejalaringiz bor?

- Besh yildan so‘ng O‘zbekistondagi kompaniyamiz 15 million abonentga xizmat ko‘rsatishini ko‘rishni istardim. Biz nafaqat odamlarni internetga ulash ustida ishlayapmiz, balki ularga raqamli xizmatlar – televideniye, musiqa servislari, qidiruv tizimlaridan tortib sun'iy intellektga asoslangan mahsulotlargacha taqdim etamiz.

Beeline bilan hamkorlikda biz moliyaviy xizmatlar, ta'lim va tibbiyot sohalarida ham faol bo‘lishga intilamiz. Bu ishlarning hajmi kamida ikki barobar ortadi, deb bashorat qilaman. Bundan tashqari, biz dasturiy ta'minotga sarmoya kiritamiz. Yosh dasturchilar nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham o‘z ishlanmalarini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi: kompaniyamiz Qozog‘iston, Rossiya, Jazoirda faoliyat yuritadi, ishlab chiqaruvchilar guruhi esa Toshkent shahrida joylashgan.

- Yaqin yillarda O‘zbekistonda ta'limga sarmoya kiritishni ko‘paytirishni rejalashtiryapsizmi?

- Shubhasiz. Ta'lim – bu eng muhimi. O‘zbekiston aholisining eng katta qismini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatda har yili 1 million yangi ish o‘rni yaratiladi va bu o‘sishni ta'minlashning eng maqbul yo‘li texnologiya sohasida ish o‘rinlarini yaratishdir. Agar biz odamlarni dasturlashga o‘rgatadigan mutaxassislarni tayyorlay olsak, bu muammoni hal qilishimiz mumkin. Aytganimdek, men yaqinda Texnologik akademiyaga tashrif buyurdim va u yerda bildimki, bugungi kunda O‘zbekistonda har yili axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini 4000 nafar mutaxassis bitiradi. Endi tasavvur qiling-a, har bir akademiya yangisini yaratadi!

Menimcha, O‘zbekistonda yiliga 100 000 dasturiy ta'minot muhandislarini yetishtirish imkoniyati mavjud. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik, aholi soni eng ko‘p va iqtisodiy salohiyati eng yuqori davlatdir. Men O‘zbekistonning kelajagiga ishonchim komil – shuning uchun biz sizning go‘zal mamlakatingizga qanchalar sarmoya kiritayotganimizni ko‘rishingiz mumkin.

Muhabbat Mamirova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov