Jahon | 21:56 / 02.11.2021
3485
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi Disneyland’dan 30 mingdan ko‘proq kishi koronavirus sababli tashqariga chiqarilmadi

Foto: Reuters

Xitoyning Shanhay shahridagi Disneyland ko‘ngilochar bog‘iga tashrif buyurgan 30 mingdan ko‘proq odam tashrif buyuruvchilardan birida koronavirus aniqlangani sababli bir necha soat tashqariga chiqarilmadi

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, Shanhay ma'muriyati Disneyland’ga borgan ayollardan birida uyiga qaytgandan keyin koronavirus aniqlangani haqida ma'lumot olgan. Shundan keyin darhol bog‘ rahbariyatiga bog‘ni yopish, u yerdagi odamlarni birma-bir koronavirusga tekshirib chiqish buyurilgan.

Bog‘ga politsiyachilar va tibbiy xodimlar kelib, u yerda test olish uchun mobil punktlarni o‘rnatishgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘n minglab kattalar va bolalar bir necha soatlab test topshirish uchun navbatda turishlariga to‘g‘ri kelgan.

Shanhay ma'muriyatida ma'lum qilinishicha, “Disneylend”da umumiy hisobda 33863 kishi koronavirusga test topshirgan, ulardan birortasining testi musbat chiqmagan. Shunga qaramay, odamlarga 14 kundan keyin qayta test topshirish tavsiya qilingan.

Xitoy hukumati koronavirusning mamlakatga kirishi oldini olishga va biror yerda kasallanish o‘chog‘i qayd qilinishi bilanoq kasallanganlarni ihotalashga harakat qilmoqda. Mamlakatda hukumatning pandemiya bilan bog‘liq ko‘rsatmalariga amal qilmayotganlar o‘z lavozimidan bo‘shatilmoqda yoki axloq tuzatish ishlariga jalb qilish bilan jazolanmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid